Qarorda 2025 yil 3 yanvardagi PQ–1 ijrosi doirasida mahallalarda jinoyatchilik qariyb 1,5 baravarga kamaytirilgani qayd etilib, ushbu yo‘nalishda ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.

Hujjatga ko‘ra, ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish, oila-turmush munosabatlari hamda ayollar va yoshlar jinoyatchiligining asl omillarini ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilish, shuningdek, har qanday noqonuniy holatlar bo‘yicha murojaatlarga tezkor munosabat bildirish tizimini yaratish asosiy maqsadlar sifatida belgilangan.

Qaror bilan 2026 yilda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar va hududlarga mas’ul rahbarlar hamda tashkilotlarni nomma-nom biriktirish tartibi joriy etiladi. Shuningdek, mahalliy hokimliklar rahbarligida “Ijtimoiy profilaktika haftaligi”ni o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi, namunaviy ish tashkil etgan xodimlarni rag‘batlantirish mexanizmi belgilandi.

Ichki ishlar vazirligiga esa bir qator raqamli yangiliklarni joriy etish vazifalari yuklatildi. Jumladan, 2026 yil yakuniga qadar og‘zaki murojaatlarni xizmat planshetlari orqali real vaqt rejimida qabul qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, 2026 yil 1 noyabrga qadar profilaktika inspektori bilan onlayn muloqot qilish va xabar (foto/audio/video) yuborish imkonini beruvchi “Mening inspektorim” mobil ilovasini ishlab chiqish, 2026 yil 1 mayga qadar E-ijtimoiy profilaktika tizimida E-nizoli oila modulini joriy etish hamda sudlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiya qilish belgilandi.