Senator - klaster rahbari: «Fermerlik tizimi zamon talablariga javob bermay qo‘ydi»
Hozirga kelib fermerlar zamonaviy rivojlanish talablariga javob bermay qo‘ygan, Shu sababli ham qishloq xo‘jaligida klaster tizimiga o‘tilmoqda, dedi Quyi Chirchiqdagi klaster rahbari Murtazo Rahmatov.
2 mart kuni OAV xodimlari uchun Quyi Chirchiq tumanidagi «TCT cluster» korxonasiga press-tur tashkil qilindi.
Klaster rahbari – O‘zbekistondagi birinchi paxta-to‘qimachilik klasteri ta'sischisi, senator Murtazo Rahmatov tumanda paxta to‘qimachilik klasteriga o‘tishdagi ilk natijalar bo‘yicha taqdimot qilib, jurnalistlar savollariga javob qaytardi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Murtazo Rahmatov dastlab O‘zbekistonda yer boshqaruvining klaster tizimiga o‘tayotgani borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
Unga ko‘ra, davlat qishloq xo‘jaligida o‘z ijtimoiy-siyosiy rivojlanish rejalaridan kelib chiqqan holda klaster, fermerlik va yoki dehqon xo‘jaligi bo‘lsin, ma'lum ishlab chiqarish uslubini tashkil qiladi.
«Bizda shu paytgacha fermerlik tizimi amal qilib keldi va bu tizimda ham katta ishlar qilindi. Lekin hozirga kelib fermerlar zamonaviy rivojlanish talablariga javob bermay qo‘ydi. Nima uchun? Chunki bizda katta muammo aholini ish bilan ta'minlash, ishlab chiqarishni texnika bilan ta'minlash, suv tejovchi texnologiyalarini joriy qilish va boshqa o‘nlab ijtimoiy muammolar hisoblanadi.
Bu muammolarni fermerlar hal qilolmay qoldi. Shuning uchun ham prezident Shavkat Mirziyoyev bundan ikki yil avval qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda klaster usulini joriy qilish talabini qo‘ydi.
Biz esa birinchilardan bo‘lib klasterni tashkil etdik», – dedi u.
Quyi Chirchiq tumanida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan «TCT cluster»da bugungi kunda 10ga yaqin yo‘nalishda ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yilgan.
Xususan, klasterda sholi yetishtirish va uni qayta ishlash zavodi, chorvachilik kompleksi, yopiq usulda baliq yetishtirish kompleksi, bio gums va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish komplekslari ishlab turibdi.
Ma'lumki, urug‘ni yerga qadashdan boshlab, undan yuqori va qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarish, tayyor mahsulotlarni ichki bozorga va eksportga yo‘naltirishgacha bo‘lgan ishlarni birlashtiruvchi tizim bu – klasterdir.
Ayni paytda dunyoning bir qancha davlatlarida bu tizim qo‘llaniladi. Masalan, klaster tuzilmalari yengil sanoatda Shveytsariya, Avstriya, Italiya, Daniya, Hindiston, Janubiy Koreya, Pokiston, Xitoy va Turkiyada, kimyo hamda mashinasozlik sanoatida Germaniyada, oziq-ovqat va kosmetika sanoatida Fransiyada joriy etilgan.
Klaster usuli so‘nggi vaqtlarda Janubi-Sharqiy Osiyo, Xitoy, Singapur, Yaponiyada ham kengayib bormoqda.
«BCT Cluster» – O‘zbekistondagi ilk klasterlardan hisoblanadi. Murtazo Rahmatovga ko‘ra, «BCT Cluster» uning rahbarligidagi ikkinchi klaster hisoblanadi.
«Buxoroda hozirgi «BCT Cluster»ga qarashli 8 ming gektar yerda 2 yil avval ham paxta yetishtirilardi. Yetishtirilgan paxta hosili esa xomashyo sifatida taxminan 8-9 mln. dollar miqdorida sotilgan.
Bu maydonlar klaster boshqaruvi tizimiga o‘tgandan keyin yetishtirilgan tayyor mahsulotlar birinchi yili (2018) 50 mln. dollar, ikkinchi yili (2019) 150 mln. dollarga sotildi. Biz bu yil yetishtirilgan tayyor mahsulotlarimizni 250 mln. dollarga sotishni rejalashtiryapmiz.
Albatta, bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun biz 2500ga yaqin mashina traktor va boshqa turdagi asbob-uskunalarini olib keldik. Bu bizga 45 mln. dollarga tushdi», – dedi u.
Klaster rahbari taqdimot davomida «BCT Cluster»da ishlab chiqarilayotgan «Denim klassik» va «Denim streych» nomli import o‘rnini bosuvchi va eksportga chiqariladigan erkaklar jinsi shimlarining dastlabki namunalarini ham namoyish qildi.
Unga ko‘ra, klasterda jinsining 16 xil rangli va turli modellari tayyorlanmoqda. Kiyimlarning 80 foizi esa eksportga yo‘naltiriladi.
Press-tur davomida klaster rahbariga klasterlar butun dunyoda fermerlarning ixtiyoriy birlashuvi asosida bo‘lishi, O‘zbekistondagi ayrim hududlarda, masalan, Quyi Chirchiq tumanida fermer xo‘jaliklarini majburiy tugatish hisobiga klasterlar tashkil etilgani borasida savol berildi.
«Fermerlardan yeri tortib olindi, degan gap noto‘g‘ri. «Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida»gi qonunda fermer o‘z yer maydoniga to‘g‘ri qarab, uni to‘g‘ri oziqlantirib, davlat rejasini to‘liq bajarsa, faoliyatini davom ettiraverishi belgilab qo‘yilgan.
Men klasterimiz tashkil qilinayotganda fermerlarga aytganman: «Agar qaysi fermer biz kabi ish o‘rni yarata olsa, bizday ishlay olsa, marhamat davom ettiraversin.
Besh yillab rejalar bajarilmasdan, 10-11 sentnerdan hosil olingan bo‘lsa, u qayerga sig‘adi?
Tumanda fermerlar faoliyatiga javob beradigan tashkilot bor (Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi – tahr.). Ularning o‘zi aytdi, fermerlar faoliyati talabga javob bermaydi. Yerlarning ahvoli buzilib ketgan dedi ular.
Qaytaraman, kimki, biz qilgan ishlarni qila olaman desa, mard bo‘lsa, yonimga kelsin, men yerimni ajratib beraman», dedi iqtisodiyot fanlari doktori, professor Murtazo Rahmatov.
Mavzuga oid
09:10 / 03.12.2024
943 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaligi aniqlandi
07:30 / 26.11.2024
428 mln so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaligi aniqlandi
08:10 / 23.11.2024
3,7 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangan fermer xo‘jaligi aniqlandi
08:10 / 20.11.2024