Iqlim bo‘yicha dunyoning eng yirik yig‘ilishi: COP27da bu yil nimalar muhokama qilinadi?
27 yildan beri har yili dunyoni yana ham isitib yubormaslik uchun yuzlab davlatlar bir joyga yig‘ilib, o‘zlari uchun qoidalar ishlab chiqadi. Shunga qaramay, global iqlim o‘zgarishi yildan yilga halokatli bo‘lib boryapti. Bunga sabab nima, COP'da qaysi davlatlar qanday majburiyat olyapti va nega uni bajarmay kelyapti?
COP haqida
Birlashgan Millatlar tashkilotining iqlim bo‘yicha har yili bo‘ladigan xalqaro konferensiyalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqlim O‘zgarishi bo‘yicha Doiraviy Konvensiyasi (United Nations Framework Convention on Climate Change (UNFCCC) asosida o‘tkaziladi. UNFCCC’ning Tomonlar konferensiyasi, ya’ni COP (Conference of the Parties) – 1995 yil 28 mart–7 aprel kunlari ilk marta Berlinda bo‘lgan.
O‘shandan beri COP har yili (2020 yil pandemiya sabab qoldirilgan) Kioto protokoli bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun davlatlarni bir joyga yig‘adi. Protokolda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda erishilgan yutuqlarni baholash, rivojlangan davlatlarning issiqxona gazlarini qisqartirish bo‘yicha huquqiy majburiyatlari belgilangan.
UNFCCC’ning oliy bosh organi COP hisoblanib, u konvensiyaga a’zo davlatlar vakillari va akkreditatsiyadan o‘tgan kuzatuvchilardan iborat. Ular UNFCCC va COP qabul qiladigan har qanday huquqiy hujjatlarning bajarilishini ko‘rib chiqish va konvensiyaga amal qilishda ko‘maklashish uchun zarur qarorlarni qabul qiladi. COPʼning yakuniy matni tomonlar roziligi bilan yoziladi.
COP’ning eng muhim yig‘ilishlaridan biri 1997 yil Yaponiyaning Kioto shahrida o‘tkazilgan. O‘shanda sanoat gazlari bo‘yicha Kioto protokoli tuzilgan. Va mamlakatlarga ilk marotaba issiqxona gazlarini kamaytirish bo‘yicha majburiyat yuklangan. Sanoati rivojlangan aksar mamlakatlar va markaziy Yevropadagi davlatlar 2008–2012 yillar oralig‘ida issiqxona gazlarini 1990 yildagi darajadan o‘rtacha 6-8 foizga tushirishga kelishib olgan. Qo‘shma Shtatlar ham o‘zining umumiy gazlarini 1990 yildagi darajadan o‘rtacha 7 foizga kamaytirishi kerak edi. Biroq Klinton imzolaganidan keyin Kongress shartnomani ratifikatsiya qilmagan. Bush ma’muriyati esa protokolni 2001 yilda ochiqchasiga rad etgan.
Sammitning asosiy maqsadi – davlatlarga iqlimni 1,5C dan isib ketmasligi uchun majburiyat yuklash. Hozir global harorat 1.1C da. Bu 2022-2026 yillarda 1.1-1.7C oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilingan. 1.8C dunyoning yarim aholisi uchun xavfli namlik va issiq degani.
COP26’dagi olingan majburiyatlar
COP26 2021 yil 1–13 noyabrda Glazgoda boshlangandi. Unda 196ta davlatdan 25 ming kishi, jumladan, siyosatchilar, jurnalistlar, notijorat tashkilotlari va biznes vakillari tashrif buyurgandi. Ularning xavfsizligi uchun 10 ming politsiyachi biriktirilgan.
Sammitda yangi global kelishuv – «Glazgo iqlim pakti» tuzib olingan. Bu – yuridik jihatdan majburiy bo‘lmasa-da, keyingi o‘n yillikda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha global kun tartibini belgilab bergandi. Unda iqlim o‘zgarishining eng yomon ta’sirini kamaytirishga oid yo‘l-yo‘riqlar kiritilgan.
Bundan tashqari, mamlakatlar ko‘mirdan butunlay voz kechish o‘rniga bosqichma-bosqich kamaytirish yo‘lini tanlashgandi. Ko‘mir global isishning 40 foizini keltirib chiqaradi. Buning katta qismi esa Xitoy va Hindistonga tegishli.
Sammitda yana dunyo yetakchilari ko‘mir, neft yoki tabiiy gaz narxini sun’iy ravishda pasaytiradigan subsidiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishga kelishib olgan. Biroq buni amalga oshirish uchun aniq sanalar ko‘rsatishmagan.
Shuningdek, dunyodagi o‘rmonlarning 85 foiziga egalik qiladigan 100dan ortiq mamlakat rahbarlari 2030 yilgacha o‘rmonlarni kesishni to‘xtatishga va’da berishgandi. Lekin buni qanday amalga oshirishi haqida aniq rejalar ko‘rsatishmagan.
100dan ortiq davlat 2030 yilgacha metan chiqindilarini 30 foizga qisqartirishga rozi bo‘lgan. Ular ichida Xitoy, Rossiya va Hindiston yo‘q. Metan inson ta’siridagi global isishning 1/3 qismini tashkil qiladi. AQSh va Xitoy metandan voz kechib, toza energiya manbasidan foydalanish uchun hamkorlik qilishga kelishib olgan.
130 trillion dollarga egalik qiladigan yirik kompaniyalar ham qayta tiklanadigan energiyaga o‘tish, ko‘mir va neftdan uzoqroq bo‘lishga rozi bo‘lishgandi. Biroq ayrim iqlim tashkilotlari bunday va’da majburiyat sifatida belgilanmas ekan, urinishlar PR’dan sal ortiqroq narsa bo‘lolmaydi degan fikrlarida turib olishgandi.
COP26’da 200dan ortiq davlatdan 2030 yilgacha issiqxona gazini kamaytirish rejasini bajarish so‘ralgan. Global isishga ta’siri kam ko‘p davlatlar buni qanday bajarish kerakligini ixtiyoriy hal qiladi. Faqat ayrim yirik sanoat davlatlari uchun bu topshiriq qonuniy hujjatlashtiriladi.
COP27'da nima muhokama qilinadi?
Bu yil BMT iqlim bo‘yicha yig‘ilishining 27-yili. COP27 Misrning Sharm Al Shayx shahrida 6-18 noyabr kunlari o‘tkaziladi.
Afrika iqlim konferensiyasiga 5 marta mezbonlik qilmoqda. JARda hozir qurg‘oqchilik sabab 20 million aholi oziq-ovqat ta’minoti tanqisligiga duchor bo‘lgan. Uchrashuv oldidan mamlakatlarga o‘z iqlim rejalarini taqdim etishlari aytilgan va buni hozircha 25 davlat bajargan xolos.
Oldinroq sammitga Buyuk Britaniyaning yangi vaziri Rishi Sunak bormasligi ma’lum qilingandi. Biroq vazir yaqinda COP27’da ishtirok etishi haqida tvit qo‘ygan. Xitoy rahbarining borish bormasligi esa hozircha noma’lum. Rossiya prezidenti Vladimir Putin sammitda qatnashmoqchi emas, lekin uni konferensiyada kutishmoqda.
Bu yil COP27 3ta yo‘nalishda ish boshlaydi: 1-issiqxona gazlarini kamaytirish, 2-iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda mamlakatlarga yordam berish yo‘llari, 3-rivojlanayotgan davlatlarga texnik va iqtisodiy yordam ko‘rsatish.
Kim nimani xohlaydi?
O‘tgan yili boy davlatlar rivojlanayotgan davlatlarga muqobil energiyadan foydalanish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengish uchun ko‘proq pul ajratishga kelishishgandi. Buning uchun rejalashtirilgan budjet 2020 yilgacha 100 million dollar deb belgilangan bo‘lsa, 2025 yilgacha 1 trillion dollarlik yordam jamg‘armasini yig‘ishmoqchi edi. Lekin davlatlar 100 million dollarni ham 2020 yilgacha to‘lashmagan, uni qoplashni 2023 yilga surishgandi. Hatto 2022 yil iyunda Bonnda o‘tkazilgan iqlim konferensiyasida AQSh va Yevropa ittifoqi bu to‘lovni bajarishni xohlamasligini ma’lum qilgan. Natijada iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan davlatlar va katta zaharlovchilar o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lgan. O‘shanda bu masalani COP27’da qayta ko‘rib chiqishga kelishilgan.
Xullas, rivojlanayotgan davlatlar COP27’dan o‘zlari uchun tovon puli to‘lashning aniq sanasi belgilanishini xohlashadi. Rivojlangan davlatlar esa Xitoy, Hindiston, Braziliya, Indoneziya va Janubiy Afrika kabi davlatlardan issiqxona gazini kamaytirish bo‘yicha aniq reja talab qiladi. Ayrim iqlimshunoslar esa COP27ʼda qanday qaror qabul qilinishidan qat’i nazar dunyoni 1,5C yuqori darajadagi global isishdan asrab qolishning iloji yo‘q deb hisoblamoqda.
O‘zbekistonning COP26'dagi ishtiroki
O‘zbekiston atmosferaga katta miqdorda sanoat chiqindilari tashlaydigan davlat emas, lekin global isishdan hamma qatori jabr ko‘ryapti. Shu sabab iqlim konferensiyalarida katta zaharlovchi davlatlar uchun ma’lum ma’noda talab qo‘yishga haqli. Masalan, o‘tgan yili COP26’da O‘zbekiston vakillari ham ishtirok etishgandi. Va sammitdan qaytgach, matbuot anjumani o‘tkazib, COP26’dagi ishtiroki haqida gapirib berishgandi.
«Hozir dunyo ekologiyasiga har yili chiqarilayotgan gazlarning eng ko‘p qismi aynan rivojlangan davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular dunyoning iqtisodiyot jihatidan eng kuchli 20 ta davlati. Shunday bo‘lsa-da, biz ham Glazgodagi sammitda shunchaki qatnashmadik – o‘z fikrlarimizni aytdik. Umuman, nafaqat biz, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ham «Katta yigirmatalik»ni yuqoridagi ko‘rsatkichlarni kamaytirishga chaqirdi.
Shuningdek, ushbu davlatlar yosh va endigina rivojlanayotgan davlatlarga mablag‘ va texnika borasida yordam ko‘rsatsagina, bu boradagi muammolarga qandaydir ta’sir ko‘rsatish mumkin», — degandi Gidrometeorologiya xizmati markazi direktori o‘rinbosari Ibratjon Karimov.
Kun.uz’ga berilgan ma’lumotga ko‘ra, bu yil COP27’da ham O‘zbekiston vakillari ishtirok etadi. Delegatsiya vakillari tasdiqlangan. Mas’ullar sammitga qanday masalalarni olib borayotgani, nima rejalar qilingani esa hozircha noma’lum.
Zuhra Abduhalimova,
jurnalist
Mavzuga oid
16:12 / 20.12.2024
Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi
17:58 / 30.06.2024
Jizzaxdagi bog‘da qo‘yib yuborilishi rejalashtirilgan 5 mingta shar yo‘q qilindi
11:05 / 30.06.2024
Havosi buzilgan poytaxtga “sovg‘a” – Toshkentga yaqin joyda 22 gektar yerdagi somon qoldiqlari yoqib yuborildi
11:59 / 29.06.2024