O‘zbekiston | 12:33 / 20.08.2021
8768
2 daqiqa o‘qiladi

13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasi yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilinadi

O‘zbekistonda jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasi yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilinadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqot davomida aytib o‘tdi.

“Biz xizmatlar sohasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratyapmiz. Yangi ish o‘rinlarini qisqa muddatlarda yaratadigan sohalardan biri ham, servis sohasi hisoblanadi. Pandemiya davom etyapti va bu xizmatlar sohasi, ayniqsa umumiy ovqatlanish va turizm korxonalari uchun qanchalik og‘ir bo‘layotganini barchamiz ko‘rib turibmiz, albatta.

Bu borada, umumiy ovqatlanish va turizm korxonalaridan o‘tgan yili berilgan imtiyozlarni uzaytirish bo‘yicha 300 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Shu bois, jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasini yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilamiz. Bu imkoniyat ularga 30 milliard so‘m qo‘shimcha ko‘mak deganidir. Ularning boshqa soliqlardan mavjud 35 milliard so‘m qarzlari muddatlari joriy yil yakunigacha uzaytiriladi, kreditlarini qaytarish ham kechiktiriladi.

Shu bilan birga, turizm kompaniyalari va mehmonxonalarni turistik yig‘imlardan 2 yil muddatga ozod qilsak, nima deysizlar? Bu – hozirgi qiyin sharoitda tushumi kamayib ketgan 2 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 150 milliard so‘m qoladi, degani.

Bugungi kunda 5 mingga yaqin tadbirkorlik sub'yektlarining tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitor qarzdorligi mavjud. Pandemiya sababli, ushbu tadbirkorlarga jarima solish va bugungi kungacha qo‘llanilgan 6 trillion so‘mlik jarimalarni undirish joriy yil yakuniga qadar to‘xtatiladi”, dedi prezident.

Mavzuga oid