O‘zbekiston | 19:27 / 06.03.2019
4597
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahri, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmalari tashkil etiladi

O‘zbekiston Prezidenti “Transport va turizm obektlarida jamoat xavfsizligini ta'minlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. 

Hujjat bilan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida joriy etilayotgan Xavfsiz turizmni ta'minlash konsepsiyasini Toshkent shahri, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida tatbiq etish va bosqichma-bosqich amalga oshirish;

ichki ishlar organlarining belgilangan shtatlar soni doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalarining xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmalarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi. 

Boshqarmalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

• bevosita turistik namoyishi obektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida ichki ishlar organlari xizmatini samarali tashkil qilish;

• ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta'minlash borasidagi faoliyatini axborot-texnik jihatdan ko‘maklashish, ular o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlashtirilgan hamkorlik ustidan qat'iy nazorat o‘rnatish;

• turistik namoyishi obektlari va infratuzilmasi hududlarida kriminogen vaziyatni tizimli tahlil qilish, turistlarga nisbatan sodir etiladigan huquqbuzarliklar sabablari va sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan manzilli chora- tadbirlarni amalga oshirish.

Shuningdek, qarorga muvofiq, O‘zbekiston IIV Transportda jamoat xavfsizligini ta'minlash boshqarmasi, Toshkent shahar IIBB Toshkent metropolitenida ichki ishlar boshqarmasi hamda Toshkent viloyati IIB transportda jamoat xavfsizligini ta'minlash bo‘limi negizida vazirlikning Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi tashkil etiladi.

Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

• metropoliten, temir yo‘l va havo-transport infratuzilmasi obektlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;

• yo‘lovchilarning harakatlanish xavfsizligini, temir yo‘l va havo transportida tashiladigan tovar-moddiy boyliklarning butligi va qo‘riqlanishini samarali ta'minlash;

• transport obektlarida terroristik tahdidlarni, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari, o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi, radioktiv, zaharli, kuchli ta'sir qiluvchi va zaharlovchi moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishni tashkil qilish;

• zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda transport obektlari va ularga tutash hududlarda jamoat xavfsizligini ta'minlashning markazlashgan muvofiqlashtirilgan boshqaruvini amalga oshirish.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid