Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sibirdagi “Tunguska voqeasi” – Yerga xavfli kosmik jism urilsa nima bo‘ladi?
NASA 27 sentabrda DART deb nomlangan kosmik zondi bilan “Dimorf” asteroidiga zarba berdi. Bu missiya keyinchalik xavf solishi mumkin bo‘lgan samoviy jismlardan Yerni himoyalash qanchalik murakkabligini tahlil qiladi. Yerga xavfli kosmik jism urilishi ko‘lamini 114 yil oldin Sibirga kelib tushgan meteorit orqali tasavvur qilish mumkin. “Tunguska voqeasi” bilan tarixga kirgan to‘qnashuvda 80 million daraxt yonib ketgan.
Asteroid, kometa, meteor va meteorit
Kosmik jismlarning yer bilan to‘qnashuvi ayrim hududlar uchun halokatli bo‘lishi mumkin. Kosmik jism deganda asteroid, kometa va meteor va meteorit kabilar tushuniladi. Bularning barchasi Quyosh atrofida aylanadigan jismlardir. Xo‘sh, bu 4 jism bir-biridan nimasi bilan farq qiladi? Asteroid kichik, toshli obekt bo‘lib, teleskopdan yorug‘lik bo‘lib ko‘rinadi.
Kometaning asteroiddan farqi muz va changdan iboratligida. Kometa Quyoshga yaqinlashganda, undagi muz va chang bug‘lana boshlaydi. Natijada u teleskopda loyqa bo‘lib ko‘rinadi.
Meteor va meteorit ham deyarli alohida narsa. Meteorit – asteroid yoki kometaning kichik bo‘lagi. Meteorit Yerga yaqinlashib, Yer atmosferasiga kirganda, meteorga aylanadi.

Toshli Tunguskada nima bo‘lgan?
“Tunguska voqeasi” bilan tarixga kirgan voqea Sibirdagi Yenisey daryosi bo‘yidagi Krasnoyarsk shahri yaqinidagi Toshli Tunguska daryosi bo‘yida sodir bo‘lgan. 1908 yil 30 iyun tongida 10–40 megatonna portlash quvvatiga ega meteorit Yerga kelib tushib, portlaydi.

Portlash Sharqiy Sibir Taygadagi 2150 kilometr kvadrat o‘rmonlardagi 80 million daraxtni yo‘q qilgan. Voqeaga guvoh bo‘lganlar kamida 3 kishi halok bo‘lganini aytishadi. 50-60 metr o‘lchamdagi bu tosh asteroid 27 km/s tezlikda harakatlangan. Obekt yerga 5-10 kilometr balandlikda parchalanib ketgan deb taxmin qilinadi. “Tunguska voqeasi” yozma tarix boshlangandan beri Yerda eng katta kosmik jism portlashi hisoblanadi. Aslida, yer tarixida “Tunguska voqeasi”dan kattaroq kosmik jismlar portlashi ham sodir bo‘lgan.
Kosmik portlashning ta’sir doirasi
Ertalab soat 7:17 atrofida bo‘lgan voqeani Baykal ko‘li shimoliy g‘arbiy qismida yashaydigan aholi kuzatgan. Ularning aytishicha, osmonda quyoshga o‘xshagan narsa paydo bo‘lib, o‘zidan iz qoldirib ufqqacha borgan. Jism ufqqa yaqinlashgach, chaqnayotgan bulutga aylanib, undan olovli ustun paydo bo‘lgan. Olovli ustun 2ga ajralib, oldin oq keyin qora rangga kirgan. Taxminan 10 daqiqalardan o‘tib, artilleriya otganga o‘xshash ovoz eshitilgan.

Portlash Yevrosiyo seysmik stansiyalarida qayd etilgan. Uning havo to‘lqinlari esa Germaniya, Daniya, Xorvatiya va Buyuk Britaniyada, shuningdek, Bataviya, Gollandiya Sharqiy Hindiston va Vashingtongacha aniqlangan. Taxminlarga ko‘ra, ba’zi joylarda yuzaga kelgan zarba to‘lqini Rixter magnitudasi shkalasi bo‘yicha 5,0 balli zilzila bilan teng bo‘lgan. Voqeadan keyin bir necha kun davomida Osiyo va Yevropada osmon tunda charaqlab turgan. Ayrim muzliklarda odatdagidan past harorat qayd etilgan. Bunga sabab portlashdan qolgan zarralar, muzlarga yorug‘lik o‘tishini sekinlashtirgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, AQShdagi Smithsonian Astrophysical Observatory tekshiruvlari portlashdan keyingi oylarda uzoq vaqt havoning shaffoflik darajasi past bo‘lganini aniqlagan.
“Ikkinchi quyosh paydo bo‘ldi deb o‘yladik”
Keyinchalik meteorit tushgan hududlarda ko‘p tadqiqot va tekshiruv ishlari olib borilgan. Voqeaga guvoh bo‘lganlar portlash haqida ko‘rganlarini gapirib berishgan. Jumladan, rus mineralogi Leonid Kulik 1930 yilda voqea guvohi S. Semyonov bilan gaplashadi. Guvoh voqeani shunday tasvirlaydi.

“Men portlash sodir bo‘lgan nuqtadan 65 kilometr janubda nonushta qilayotgan edim. Birdan osmon ikkiga bo‘lingani va o‘rmon tomonda olovni ko‘rdim. Shu payt juda qizib, isib keta boshladim. Ko‘ylagim yonayotgandek chiday olmadim. Olov paydo bo‘lgan shimoliy tomondan kuchli issiqlik kelib turardi. Ko‘ylagimni yirtib tashlamoqchi bo‘lganimda osmon yopilib, kuchli ovoz eshitildi va bir necha metrga uchib ketdim. Shu orada hushimni yo‘qotdim. Xuddi tosh yog‘ayotgandek shovqin bo‘lib, yer larzaga keldi. Bir zum hushimni yo‘qotdim, keyin xotinim yugurib chiqib, meni uyga yetakladi. Shundan so‘ng go‘yo toshlar qulab tushayotgandek yoki to‘plar otilgandek Yer larzaga keldi. Shovqin tingach, derazalarimiz singan, temir qulfning bir qismi singan ekan”, – degan portlashdan talafot ko‘rgan mahalliy aholi vakili.
1926 yilda M. Suslov Shanyagir qabilasidan aka-uka Chekarenler bilan suhbat qiladi. Ular voqeani juda katta qo‘rquv bilan eslashgan. Portlash yuz berayotganda ular dengiz bo‘yidagi kulbalarida uxlab yotishgan.
“Biz hushtak va kuchli shamol ovozidan uyg‘onib ketdik. Keyin isiy boshladi. Tashqariga chiqolmasdik, daraxtlar sinayotgani eshitildi. Shu payt shamol kulbamizga urilib, uni ag‘darib yubordi. Tashqari juda yorug‘ bo‘lib ketgandi. Xuddi ikkinchi quyosh paydo bo‘lgandek edi va uning yorug‘ligidan ko‘zlarimiz og‘rib ketdi. Kuchli momaqaldiroq bo‘ldi. Kulba qoldiqlaridan chiqqanimizda atrof tinchib qolgan edi”, – degan aka-ukalar.
O‘sha paytda voqea haqida Sibirdagi gazetalar ham yuqoridagi guvohlar aytgan gaplarni yozishadi. Hatto odamlar “dunyoning oxiri keldi”, deb baqirib yig‘lay boshlagani aytiladi “Sibir” gazetasining 1908 yil 2 iyul kuni nashr qilingan sonida.
Portlashdan keyingi surishtiruv
Voqea sodir bo‘lganidan keyin o‘rganish ishlarini ilk bor Kulik boshlab beradi. Sibirga ekspeditsiya uyushtirib portlash sodir bo‘lgan nuqtalarni o‘rganadi. Jismning yerga oid emasligi haqida 1960 yillarda taxmin qilinadi.

O‘sha yillari hududga jo‘natilgan ekspeditsiyalar tuproqni elakdan o‘tkazib, tarkibidan mikroskopik silikat va magnetit sferalarni topishadi. Keyinchalik daraxtlar qatronlarida ham shunday moddalar topiladi. Kimyoviy tahlil shuni ko‘rsatdiki, qoldiqlarda temirga nisbatan yuqori nikel ulushi mavjud bo‘lib, u meteoritlarda ham mavjud bo‘lgan. Natijada 2013 yilga kelib 1908 yilgi portlashga Yerdan tashqaridan kelgan jism sabab bo‘lgan degan xulosaga kelinadi.
Zuhra Abduhalimova tayyorladi.
Mavzuga oid
07:24 / 31.10.2025
NASA 2025 US6 asteroidi haqidagi ma’lumotlarga kirishni chekladi. Sabab nima?
07:23 / 27.09.2025
Oyga qulashi mumkin bo‘lgan asteroidni portlatib yuborish taklif qilindi
14:20 / 14.05.2025
Bog‘otdagi hodisa: aslida nima bo‘lgan?
09:41 / 14.05.2025