O‘zbekiston | 13:26 / 14.12.2023
21194
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda maktabga krossovkada borgan o‘quvchilar tanbeh eshitdi

O‘qituvchi bolalarning ota-onalariga videomurojaat yo‘llab, maktabga krossovka kiyib kelish mumkin emasligini aytgan. Vazirlik esa ta’lim muassasalarida oyoq kiyim, aynan krossovka bilan bog‘liq biror bir cheklov yo‘qligini ma’lum qildi. 

Foto: Kun.uz

Navoiy viloyatidagi maktablardan birining bir guruh o‘quvchilari sinf xonasida krossovkada kelgani uchun tanbeh eshitgan o‘quvchilar videosi yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi munosabat bildirdi.

Videoda o‘qituvchi bolalarning maktabga krossovkada kelishi mumkin emasligini aytib holatni tasvirga olib, ota-onalarga murojaat yo‘llagani ko‘rinadi.

«Mana hurmatli ota-onalar, krossovka kiyish mumkin emas – deb «zavuch»ning o‘zi ham aytib ketdi. Yil boshida ham aytdim, maktabga krossovka kiyish mumkin emas deb. Jismoniy tarbiya bo‘ladigan bo‘lsa, sumkasiga formasi bilan paketchaga solib, olib kelish kerak edi. Hozir endi birorta kishi kelib qolsa, nima bo‘ladi? O‘zingiz tasavvur qiling, mening joyimda [lavozimimda] siz o‘tiribsiz, tekshirish keldi, nima qilasiz shunda?», – deydi o‘qituvchi. 

Ma’lum bo‘lishicha, holat Navoiy shahridagi 6-maktabda yuzaga kelgan. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mas’ul xodimi Elmurod Ahmadaliyevning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ta’lim muassasalarida aynan sport oyoq kiyimida yurishga oid hech qanday taqiq mavjud emas. 

«Ta’lim muassasalarimizda oyoq kiyim, aynan krossovka bilan bog‘liq biror bir cheklov yoki taqiqlar qo‘yilmagan hamda barcha ta’lim muassasalarida o‘zining namunaviy ichki tartib, odob-axloq qoidalari belgilangan. Shunga muvofiq, qish kunlarida yoki turli havo haroratining sovishi munosabati bilan ta’lim muassasalarimizda (ota-onalarimizdan shuni iltimos qilib qolamizki) o‘quvchilarimizga mos, yarashgan, issiq kiyimboshlarda kelishlari tavsiya etiladi», – deydi mas’ul vakil. 

Shuningdek, Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga ko‘ra, viloyatdagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilar kiyimini tartibga solish bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilishi belgilanmagan. Vaziyat bo‘yicha 6-maktab ma’muriyati va o‘qituvchilariga zarur tushuntirish ishlari olib borilgan. 

Ma’lumot uchun, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari»da o‘quvchilarga maktab hududida va dars jarayonlari davomida qo‘yiladigan talablar ko‘rsatib o‘tilgan. Unda maktablarga o‘quvchilar krossovkada kelmasligi kerak degan talab mavjud emas.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

Publikatsiya ot Kun.uz (@kun.uz)

Mavzuga oid