Jamiyat | 16:15
1778
2 daqiqa o‘qiladi

2 oyda 11 qurbon: Navoiyda yana dahshatli YTH sodir bo‘ldi

“Navoiy-Uchquduq” yo‘lida Nexia va yuk mashinasi to‘qnashuvida 2 kishi vafot etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Nexia haydovchisi yo‘lning xavfli burilish qismida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Navoiy viloyatida yana inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, YTH bugun ertalab soat taxminan 7:20 larda A379 avtomobil yo‘lining Konimex tumani hududidan o‘tgan qismida sodir bo‘lgan. 2000 yilda tug‘ilgan J.N. Nexia mashinasini boshqarib ketayotib, yo‘lning xavfli burilish qismida boshqaruvni yo‘qotgan. Oqibatda qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketib, 1993 yilda tug‘ilgan haydovchi A.M. boshqaruvidagi yuk mashinasiga urilgan.

YTH oqibatida Nexia haydovchisi J.N. va undagi yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan. Nexia’da ketayotgan yana bir yo‘lovchi — 21 yoshli O.R. og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Avvalroq ham Navoiyda Nexia haydovchisi quvib o‘tish qoidasini buzgan holda yuk mashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida 4 kishi, oradan 15 kun o‘tib esa Kia va Chery mashinalari to‘qnashuvida 5 kishi vafot etgandi.

Ushbu holatlardan so‘ng mahalliy kengash qarori bilan “Navoiy—Uchquduq” xalqaro avtomobil yo‘lining ayrim qismlarida (78-90, 104-107, 120-124, 135-144, 160-168, 180-200 kmlari oralig‘ida) harakat tezligi 80 km/soatga tushirilgandi.

Руслан Сабуров
Muallif Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid