O‘zbekiston | 21:49 / 27.02.2021
23191
4 daqiqa o‘qiladi

«Xalq saylashga tayyor, saylashga ruxsat beradiganlar tayyor emas» – Kusherbayev hokimlarni saylash haqida

Foto: Kun.uz

Deputat Rasul Kusherbayevning fikricha, O‘zbekiston xalqi hokimlarni saylov yo‘li bilan tanlashga tayyor, biroq hokimlarning o‘zi saylanishga tayyor emas. Bu haqda O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi bo‘lgan Kusherbayev «Yangiyo’lliklar TV» YouTube kanaliga bergan intervyusida aytdi.

Loyihaning birinchi sonida qatnashgan Rasul Kusherbayevga O‘zbekiston xalqi hokimlarni saylov yo‘li bilan tanlashga tayyor yoki tayyor emasligi haqida savol berildi.

«Kim aytdi tayyor emas deb? To‘g‘risini aytsam, men xalq hokimlarni saylov yo‘li bilan tanlashga tayyor emas, degan fikrdan yiroqman. Men hokimlar saylov yo‘li bilan saylanishga tayyor emas, deb hisoblayman. Ular saylov yo‘li bilan qo‘ysa, men o‘tolmay qolsam kerak, menga kim ovoz beradi, deb qo‘rqishadi. Bu ishonch yo‘qotilganidan dalolat. Aslida xalqimiz tayyor emas, degan gapni aytayotganning o‘zi qo‘rqadi, o‘zi bu narsaga tayyor emas. Men shunday deb o‘ylayman», dedi Kusherbayev.

Deputat Kusherbayev bu savolga javob berar ekan O‘zbekiston xalqi o‘z fikrini bildirish uchun yetarlicha savodli ekanini eslatdi: «Qanaqasiga tayyor emas? Kechirib qo‘yasiz, xalqimiz o‘qish-yozishni biladi, fikr aytishni biladi, savodsiz emas. Odam [saylovga] qachon tayyor bo‘lmaydi? Qachonki junglida hayvonlar orasida yashagan bo‘lsa, yovvoyi bo‘lsa, saylov nima, odam nima, tushunmaydigan bo‘lsa. Men odamlar tayyor emas, degan fikrga qo‘shilmayman. Xalq tayyor, faqat shunga ruxsat beradiganlar tayyor emas. Ularda qo‘rquv bo‘lishi mumkin. Ya'ni, ular xohlagan odamni odamlar saylamasligi mumkin», deydi deputat.

Rasul Kusherbayev bu borada mahalla saylovlarida kuzatgan holatlaridan misol keltirdi: «Masalan, mahalla saylovlarida ham kuzataman: hokimlik kimningdir saylanishini xohlaydi, ikki-uchta nomzod qo‘yadi, kuchlilarni ba'zida chiqarib yuboradi, chunki ertaga u mening jonimga tegadi, qiynaydi», deb o‘ylaydi. Men bir necha joyda «Yo‘q shuni qo‘yamiz», deyishganini ko‘rganman.

Shunday joylar ham bo‘lganki, hokim umuman boshqa odam o‘tishini xohlagan, lekin odamlar uni xohlamay, boshqa odamni saylagan. Mana shu yerda nazoratni qo‘ldan chiqarib qo‘ygan. Qanaqasiga? Deputatlik saylovlarida ham shunaqa, men ko‘rganman nechtasini. Misol uchun, odamlar o‘zlari saylashgan qancha odamni, hech kimning ta'sirisiz. Lekin, birovlarning xohishi bilan o‘tganlar ham bor. Qo‘rqadimi, deydi. Qo‘rqadi emas, ba'zan gapirishga uyaladi», dedi Rasul Kusherbayev.

Avvalroq, Rasul Kusherbayev maktablar reytingi oliy ta'lim muassasasiga o‘qishga kirgan o‘quvchilar soniga ko‘ra toifalanishiga, oliy ta'lim muassasalariga kira olmagan o‘quvchilar sababli maktab direktorlari ishdan olinishiga o‘z munosabatini bildirgandi.

Mavzuga oid