14:23 / 24.04.2017
8649

OTB O‘zbekiston temir yo‘llariga doir loyihaga 80 mln dollar ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistondagi temir yo‘llarning 145 kilometrini elektrlashtirish loyihasiga 80 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratishni tasdiqladi. Loyihaga ko‘ra, Pop, Namangan va Andijonni bog‘lovchi temir yo‘l elektrlashtiriladi. Elektrlashtiriladigan yo‘l Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorligi dasturining 2-yo‘lagi hisoblanadi. 

“O‘zbekiston kabi dengizga bevosita chiqa olmaydigan mamlakatlarda temir yo‘llarining xavfsizligi, ishonchliligi va barqarorligi mamlakat taraqqiyoti va iqtisodiy o‘sishini ta'minlashda muhim omillardan biri hisoblanadi”, – deydi OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Takeo Konishi. – O‘zbekistonda transport sohasining yaxshilanishi mamlakatning Markaziy Osiyodagi savdo va transport xabi sifatidagi strategik joylashuvini mustahkamlaydi”.

Loyiha O‘zbekiston aholisining deyarli 1/3 qismi istiqomat qiladigan Farg‘ona vodiysida temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashishda samarali xizmat ko‘rsatishga bevosita ta'sir ko‘rsatadi va vodiydagi yirik shaharlarni Toshkent bilan bog‘laydi. Bundan tashqari, yangi ish o‘rinlari barpo etiladi. Ekologiya va temir yo‘llardagi xavfsizlik ko‘rsatkichlari oshadi. Loyiha amalga oshirilishi bilan havoga chiqariladigan CO2 10 ming tonnaga kamayadi. 

Loyihaning umumiy qiymati 177,45 million AQSh dollariga baholangan. «O‘zbekiston Temir Yo‘llari» AJ va hukumat 97,45 million dollar miqdorida sarmoya kiritadi. 

Top