Jahon | 00:14 / 06.04.2026
9189
7 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi urush: AQSh va Eron uchuvchilarni izladi

Bir kunda ikki samolyot

3 aprel kuni Eron hududida AQShning F-15E Strike Eagle rusumli qiruvchi-bombardimonchi samolyoti halokatga uchradi.

Erondagilar uni havo hujumidan mudofaa kuchlari zarbasi orqali urib tushirganini ma’lum qilgan.

Bu 28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon ilk bor shunday samolyot yo‘qotilishi bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda qulagan samolyot parchalari, shuningdek, uchuvchilardan birining o‘rindig‘i aks etgan kadrlar paydo bo‘ldi. Bu esa uchuvchilardan kamida bittasi muvaffaqiyatli katapulta qilinganini anglatardi.

AQSh darhol qidiruv-qutqaruv amaliyotini boshladi, ijtimoiy tarmoqlarda Eronning Huziston viloyati hududida Amerikaning to‘rt motorli harbiy-transport samolyoti hamda unga hamrohlik qilayotgan ikkita harbiy vertolyot aks etgan video ham tarqaldi.

Bunga parallel ravishda Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi kuchlari ham uchuvchilarni qidirishga kirishdi. Eronlik biznesmenlar esa uchuvchini tirik topganlik uchun 100 mlrd riyol, ya’ni taxminan 60 ming dollar atrofida mukofot puli va’da qildi. Tarmoqlarda yuzlab kishilar amerikalik uchuvchi tushgani taxmin qilingan tog‘li hudud tomon ketayotgani aks etgan videolar tarqalgan.

3 aprel kuniyoq Amerika nashrlari uchuvchilardan biri topilganini xabar qildi. Tafsilotlar keltirilmadi.

Bu orada Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida Amerikaning yana bir harbiy samolyoti – A-10 Warthog rusumli shturmchi samolyoti ham quladi. Eron tomoni ushbu samolyotga ham zarba bergani va u suvga qulaganini ma’lum qildi. AQShdagilar esa uchuvchi samolyotni Eron havo kengligidan tashqariga olib ketgani va keyin muvaffaqiyatli katapulta qilingani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Uchuvchi qutqarilgan va shifoxonaga olib ketilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu samolyot qulagan F-15 uchuvchilarini qidirish ishlariga jalb etilgandi.

CBS News telekanali Eron kuchlari qidiruv amaliyotida ishtirok etayotgan va birinchi bo‘lib qutqarilgan uchuvchini olib ketayotgan vertolyotlardan birini ham o‘qqa tutgani haqida xabar qilgan. Natijada ekipaj a’zolari jarohatlangani, ammo ular Eron hududini tark etishga muvaffaq bo‘lgani aytilgan.

 

Tarixiy amaliyot

5 aprelga o‘tar kechasi AQSh prezidenti Donald Tramp Eron hududida F-15 urib tushirilganini rasman tasdiqladi va qutqaruv amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, uchuvchilarning barchasi xavfsizlikda ekanini e’lon qildi.

«So‘nggi bir necha soat davomida AQSh qurolli kuchlari mamlakat tarixidagi eng dadil qidiruv-qutqaruv operatsiyalaridan birini amalga oshirib, ajoyib ofitserlarimizdan birini qutqardi», deb yozdi Tramp Truth ijtimoiy tarmog‘ida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruv operatsiyasida «dunyodagi eng ajalvor qurollar bilan jihozlangan o‘nlab samolyotlar» ishtirok etgan. Uchuvchi jarohat olgan bo‘lsa-da, tirik, dedi Tramp.

U AQSh harbiylari bundan oldinroq urib tushirilgan qiruvchi samolyotning boshqa uchuvchisini ham qutqarganini qo‘shimcha qilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi uchuvchini qutqarish bo‘yicha amaliyotning borishiga ta’sir qilmasligi uchun bu ma’lumot haqida rasman e’lon qilinmagandi. Amerika prezidenti bu «amerikalik ikki uchuvchi dushman hududi ichkarisida alohida amaliyotlar orqali qutqarilishi bilan bog‘liq tarixdagi ilk holat» ekanini qayd etgan. Qutqaruv amaliyoti chog‘ida amerikalik harbiylardan hech biri jarohatlanmagani ta’kidlangan.

The New York Times nashri qiruvchi ekipaji a’zolari qutqarilishini amerikalik va eronlik harbiylar o‘rtasidagi «ikki kunlik hayot-mamot poygasi» deb atagan. Amerikalik ikkinchi uchuvchi 24 soatdan ortiq vaqt mobaynida tog‘-u toshlar orasida eronlik harbiylardan yashirinib yotgan, uning yonida faqat to‘pponcha bo‘lgan. Uning qayerdaligini amerikaliklar ham, eronliklar ham oldindan bilishmagan. NYT ma’lumotiga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasi Erondagilarni chalg‘itish uchun uchuvchi qutqarilgani to‘g‘risida yolg‘on ma’lumot tarqatgan. Ko‘p o‘tmay MRB harbiyning joylashuvini aniqlagan va bu ma’lumotni Pentagonga yetkazgan, deydi gazeta manbalari.

Zobitni qutqarish bo‘yicha amaliyotda maxsus topshiriqli bo‘linmalarning yuzlab jangchilari hamda boshqa harbiy xizmatchilar, shuningdek, Amerikaning o‘nlab jangovar samolyotlari va vertolyotlari ishtirok etgan. NYT suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Amerikaning shturmchi samolyotlari Eron otryadlarini uchuvchi yashiringan hududga yaqinlashtirmaslik maqsadida o‘t ochgan.

O‘z navbatida, Erondagilar AQSh tomonining muvaffaqiyatli amaliyot bo‘yicha bayonotlarini rad etmoqda. Xususan, «Hotam al-Anbiyo» qo‘mondonlik markaziy shtabi rasmiysi Ibrohim Zulfiqoriy AQSh qutqaruv amaliyoti uchun yuborilgan samolyot va vertolyotlar yo‘q qilinganini aytgan. Avvalroq Islom inqilobi muhofizlari korpusi urib tushirilgan F-15 uchuvchilaridan biri asir olingani haqida xabar tarqatgandi.

Erondagilar qidiruv-qutqaruv amaliyoti vaqtida yo‘q qilingan NN-130J rusumli harbiy-transport samolyoti parchalarini namoyish etgan. Amerika nashrlari esa bu samolyot urib tushirilmagani, balki havoga ko‘tarila olmagani tufayli amerikalik harbiylar tomonidan yo‘q qilinganini yozmoqda.

 

Sakkiz yo‘qotish

AQSh Eronga qarshi urush boshlanganidan buyon hozirgacha kamida sakkizta samolyotini yo‘qotdi.

F-15, A-10 va NN-130J samolyotlari bilan bog‘liq holatlardan keyin AQSh aviatsiyasi yo‘qotishlari soni ortdi.

Bungacha Eronga qarshi urushning ilk kunlarida, 2 mart kuni Kuvaytda F-15 rusumli uchta samolyot halokatga uchragandi. Bu samolyotlarni Kuvayt havo hujumidan mudofaa kuchlari Eron hujumini qaytarish chog‘ida xatolik tufayli urib tushirgandi. Uchuvchilarning barchasi muvaffaqiyatli katapultani amalga oshirgan va allaqachon safga qaytgan.

12 mart kuni Iroqda KC-135 rusumli yoqilg‘i quyuvchi samolyot quladi va uning bortidagi 6 kishi halok bo‘ldi. Bu yo‘qotish ham dushman hujumi oqibatida emas, xuddi shu rusumdagi boshqa samolyot bilan urilib ketish oqibatida ro‘y bergan.

27 mart kuni esa Eron Saudiya Arabistonidagi «Shahzoda Sulton» aviabazasiga dronlar hujumini amalga oshirgach, E-3 Sentry rusumli razvedkachi samolyot yonib ketdi.

Shuningdek, OAVda F-35 rusumli samolyot Eron zarbasiga uchragani va avariyaviy qo‘nishni amalga oshirgani haqida xabarlar bor.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid