Jahon | 21:14 / 06.04.2026
5344
2 daqiqa o‘qiladi

Eron vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini rad etdi

Tehronda zudlik bilan doimiy tinchlik haqida kelishib olish kerakligi ta’kidlanmoqda.

Foto: AP

Eron Tehron va Vashington o‘rtasida vositachilik qilayotgan Pokistonga sulh taklifiga o‘z javobini yubordi, deb xabar berdi mahalliy IRNA agentligi.

Eronning topshirilgan rejasi o‘nta banddan iborat. Unda Tehron vaqtinchalik sulh tuzish taklifini rad etib, buning o‘rniga urushni uzil-kesil to‘xtatishga erishish zarurligini bildirgan.

Shuningdek, Eron sanksiyalarni bekor qilishni va kemalarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan xavfsiz o‘tishi uchun protokol yaratishni talab qilmoqda.

Reuters agentligi avvalroq, 6 aprel kuni Pokiston AQSh va Eronga o‘z tinchlik rejasi variantini bergani haqida yozgan edi. Unda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va kengroq tinchlik bitimini muhokama qilish uchun 15-20 kunlik faol muzokaralarni boshlash ko‘zda tutilgan.

Axios AQSh va Eron mintaqaviy vositachilar ishtirokida 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini ham muhokama qilayotgani haqida yozgan edi. Nashr buni «jiddiy keskinlashuvdan qochishning so‘nggi urinishi» deb atadi - uning ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh va Isroil allaqachon Eron energetikasiga ommaviy zarbalar berish rejasini tayyorlab qo‘ygan.

AQSh prezidenti Donald Tramp agar Tehron yaqin orada Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovini yo‘lga qo‘ymasa, Eron boshiga «jahannam» yog‘ilishini va’da qildi. Trampning muddati 8 aprelga o‘tar kechasi tugaydi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid