Jahon | 20:10
11184
10 daqiqa o‘qiladi

Polkovnikni qutqarish. Amerikalik uchuvchini Erondan olib chiqish amaliyoti tafsilotlari

Eron o‘tgan haftada AQSh harbiy-havo kuchlarining F-15 rusumli qiruvchi samolyotini urib tushirdi va ekipaj a’zolaridan biri qariyb ikki kun davomida birgina to‘pponchasi bilan dushman hududi ichkarisida qolib ketdi. Amerikalik jurnalistlar u qanday qutqarilgani bo‘yicha tafsilotlarni aniqlashdi.

Usaf/U.S. / Air / Planet Pix / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

AQSh harbiy-havo kuchlari zobiti qanday qilib Eron hududida paydo bo‘lib qoldi?

AQShning F-15E Strike Eagle rusumli qiruvchi samolyoti 3 aprel, juma kuni Eron hududini bombalashda ishtirok etganida eronlik harbiylar tomonidan o‘qqa tutilgandi. Ekipajning ikkala a’zosi – uchuvchi hamda bortdagi qurollar tizimi uchun mas’ul bo‘lgan operator – samolyot qulashidan oldin muvaffaqiyatli katapulta qilingan.

The New York Times nashri aniqlik kiritishicha, uchuvchilar parashyutlarda mahalliy aholi yordamiga umid qilgan holda Eronning janubi-g‘arbiy qismiga, islom respublikasidagi hukmron rejimga muxolif kuchlar yashovchi hududga tushishgan (Amerika nashri manbasi ular mahalliy aholidan qandaydir yordam olganini ochiqlamagan). Yerga tushishganidan keyin ikki harbiy yopiq aloqa tizimi orqali o‘zaro bog‘langan hamda geolokatsiyani uzatish uchun avariyaviy mayoqlarni yoqishgan.

Eron nashrlari urib tushirilgan samolyot qoldiqlarini namoyish etishgan
Iranʼs First International News Network (@PressTV / X)

Mazkur hodisa AQSh harbiy-havo kuchlari uchun og‘riqli zarba bo‘ldi: bu nainki fevral oyi oxirida boshlangan katta urushda, balki dunyoning turli mintaqalaridagi harbiy harakatlardagi 20 yildan ortiq vaqt davomidagi ishtiroki davomida Amerikaning F-15 qiruvchisi ilk marta dushman tomonidan urib tushirilishi
bo‘ldi (1 mart kuni ham xuddi shunday samolyotlardan uchtasi qulagan, ammo bunga Kuvayt havo hujumidan mudofaa kuchlarining «do‘stona zarbasi» sabab bo‘lgandi). Ammo uchuvchilar asir tushishi Vashingtonning obro‘si uchun yanada jiddiyroq zarar yetkazgan bo‘lardi.

Shuning uchun Amerika siyosiy va harbiy rahbariyati darhol keng ko‘lamli qutqaruv amaliyotini boshladi. Birinchi uchuvchining joylashuvi tezda, katapultadan keyingi bir necha soat ichida aniqlandi va u evakuatsiya qilindi. Axios nashri manbalarga tayanib xabar berishicha, ushbu amaliyot chog‘ida Eron Amerikaning Blackhawk rusumli vertolyotiga hujum qilgan. Havo kemasi ekipaji a’zolari bu hujum chog‘ida jarohat olgan. Ammo vertolyot parvozni davom ettirgan va Eron harbiylari nazorat qilmaydigan hududgacha yetib bora olgan.

AQSh harbiy-havo kuchlarining ikkinchi zobitini qidirish va evakuatsiya qilish jarayoni esa bir kundan ortiqroq davom etdi.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi katapulta o‘rindig‘i fotosini namoyish etdi
@IRGCIntelli / X

Eronda uzoq qolib ketgan harbiy qanday qutqarildi?

Mediaga sizdirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh harbiy-havo kuchlari polkovnigi unvoniga ega bo‘lgan ushbu zobit katapulta va yerga tushish chog‘ida jarohatlangan hamda yordam yetib kelguniga qadar tog‘dagi toshlar orasida yashiringan hamda o‘sha yerdan turib o‘z joylashuvi haqida ma’lumot uzatgan. Uning yonida birgina to‘pponcha bo‘lgan.

Amerikadagi va g‘arbdagi nashrlar yakdillik bilan ushbu amaliyot o‘z ko‘lami va tezkorligi bilan noyob amaliyot bo‘lganini e’tirof etishgan. Zobitni Erondan olib chiqish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish bilan AQSh maxsus amaliyotlar kuchlari shug‘ullangan. Maxsus topshiriqli bo‘linmalar jangchilari dushman hududiga chuqur kirib borishiga to‘g‘ri kelgan.

Amaliyotda yuzlab harbiy xizmatchilar, o‘nlab jangovar samolyotlar, vertolyotlar qatnashgan, shuningdek, kiberxavfsizlik, kosmik va boshqa razvedka vositalari jalb etilgan. Donald Tramp esa F-15 uchuvchisini qidirish uchun Pentagonning Erondagi boshqa harakatlarini ham to‘xtatib turishga buyruq bergan.

Amerikaning C-130 Hercules rusumli samolyoti va HH-60 Pave Hawk rusumli vertolyotlari qidiruv-qutqaruv amaliyoti vaqtida Eron janubi-g‘arbidagi hududda pastlab uchayotgani va yoqilg‘i to‘ldirish ishlari amalga oshirilayotgani aks etgan kadr
Iranʼs First International News Network

Qidiruv amaliyotida ishtirok etgan A-10 Warthog qiruvchisi ham juma kuni zarbaga uchragan. Ammo yana bir harbiy asirga tushishi xavfidan qutulib qolingan: Warthog uchuvchisi samolyotni Ho‘rmuz bo‘g‘oziga olib ketgan va suvga tushgan, u muvaffaqiyat bilan qutqarilgan, deya qayd etadi CBS News.

  • Amerikadagi manbalar tasdiqlashicha, yo‘qotilgan F-15 va A-10 qiruvchilaridan tashqari, amaliyotda ishtirok etgan Blackhawk rusumli vertolyot ham shikastlangan. Eron harbiylari esa AQShning C-130 rusumli yoqilg‘i quyuvchi samolyotini ham urib tushirishganini da’vo qilishgan.

Eronlik harbiylar uchuvchining yoniga amerikaliklardan oldinroq yetib borishga harakat qilgani tufayli AQSh aviatsiyasi shturmoviklari amaliyot o‘tkazilayotgan hududni bombalashi va Islom inqilobi muhofizlari korpusi tomonidan yuborilgan kuchlarini o‘qqa tutishiga to‘g‘ri kelgan. Ikki nafar sobiq yuqori martabali harbiy mulozimning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik harbiylar uchuvchiga yaqinlashganida eronlik harbiylar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri otishma ham bo‘lib o‘tgan.

Yakunda AQSh maxsus topshiriqli kuchlari guruhi o‘z quroldoshining oldiga birinchi bo‘lib yetib borgan. Ammo yakuniy bosqichda ham kutilmagan muammolar kutib turgandi: qutqaruvchilarni hamda qutqarilgan uchuvchini xavfsiz joyga olib ketishi kerak bo‘lgan ikkita transport samolyoti shikastlangani va ucha olmasligi ma’lum bo‘lgan. Shundan keyin amaliyot qo‘mondonligi zudlik bilan evakuatsiya uchun uchta yangi samolyotni yuborishga qaror qilgan. Shikastlangan samolyotlarni esa eronliklar qo‘liga tushmasligi uchun portlatib yuborishgan.

Uchta qutqaruv samolyoti Eronni tark etishga va Kuvaytga qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan, CBS News manbalariga ko‘ra, ular bir-biridan kata masofa saqlagan holda uchgan. Missiya 4 aprel kuni kechqurun yakunlangan – bu vaqtda Amerikaning barcha kuchlari Eron havo kengligini tark etgandi. Qutqarilgan zobit esa ayni damda Kuvayt hududida bo‘lib turibdi va unga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Amaliyotda yana kimlar yordamlashdi?

Uchuvchini qutqarishda Markaziy razvedka boshqarmasi ham to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnashgan. Mazkur idora Eron ichkarisida amerikaliklar zobitni allaqachon topgani va olib ketgani haqida dezinformatsiya kampaniyasini yo‘lga qo‘ygan.

Aslida esa bu vaqtda MRB tog‘lar orasidagi harbiyni kuzatish bilan mashg‘ul etdi. Uning joylashuvi aniqlangach, bu ma’lumot Pentagon va Oq uyga yetkaziladi.

Iran International agentligi ma’lumotiga ko‘ra, amerikalik harbiylarga ushbu amaliyotda Isroil tomonidan ham yordam ko‘rsatilgan. Ikki maxsus topshiriqli bo‘linma: «Shaldag» (Isroil harbiy-havo kuchlari maxsus bo‘linmasi) va «Sayeret Matkal» (Isroil mudofaa armiyasi bosh shtabi maxsus bo‘linmasi) ham harakatga keltirilgan.

Donald Tramp va uning jamoasidagi yuqori martabali mulozimlar qutqaruv amaliyotini Vashingtondagi situatsion markazdan turib kuzatib borishgan. Prezident keyinroq Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida zobit qutqarilgani faktini tasdiqlab, bu voqeani «AQSh tarixidagi eng dadil qidiruv-qutqaruv amaliyoti» deb atadi.

U polkovnik «yaralangani, ammo u bilan barchasi joyida bo‘lishi»ni aytgan:

Bu jasur jangchi front chizig‘i tashqarisida, Eronning makkor tog‘larida, soat sayin yaqinlashib kelayotgan dushmanlar ta’qibi ostida edi. 

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Uchuvchi eronliklarga asir tushmasligi Tramp uchun o‘zi tomonidan islom respublikasiga qo‘yilgan ultimatum tugashi arafasida ayniqsa muhim edi. U Tehrondagilar seshanba kunigacha kelishuvga rozi bo‘lmasa, mamlakatdagi energetika infratuzilmalariga zarba berilishi bilan tahdid qilgan:

Vaqt tugamoqda – ularning boshiga do‘zax kuni tushishiga 48 soat qoldi.

Tramp ultimatum yakunigacha Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun ochishini talab qilmoqda. Jahon neft savdosida juda muhim hisoblangan ushbu suv yo‘li to‘sib qo‘yilgani tufayli neft narxi bir barrel uchun 120 dollargacha ko‘tarilgan va may oyi o‘rtalariga qadar mavjud vaziyat saqlanib qoladigan bo‘lsa, narx 150 dollargacha yetishi mumkin.

O‘z navbatida, Eron ham AQShga «jahannam» bilan tahdid qildi. «Biz vayronkor va uzluksiz hujumlar amalga oshirib, terrorchi amerikalik terrorchi harbiylar foydalanadigan barcha infratuzilmalarga, shuningdek, sionistik rejim infratuzilmasiga cheklovlarsiz zarba beramiz», — degan shanba kuni Eron qurolli kuchlari qo‘mondonlik markazi rasmiysi, general-mayor Ali Abdullohiy.

O‘sha kuni kechqurun islom respublikasi Kuvaytdagi ichimlik suv ta’minoti va elektr ta’minoti infratuzilmalariga zarba berdi. Kuvayt rasmiylari bu hujum oqibatida energetik va suvni chuchuklashtirish qurilmalariga «jiddiy moddiy zarar yetkazilgani» haqida ma’lum qilgan.

Neft va moliya vazirliklari shtab-kvartiralari joylashgan vazirliklar majmuasi ham dron hujumiga uchragan. Har ikki holatda ham jarohatlanganlar yo‘q.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid