Jahon | 17:15 / 17.05.2022
45532
10 daqiqa o‘qiladi

Ukraina armiyasi Xarkovda Rossiya chegarasiga chiqdi. Bu frontda nimani anglatadi?

Ukraina harbiylari Xarkov oblastidan rus qo‘shinlarini siqib chiqarmoqda. G‘arb ekspertlari avvalroq Rossiya amalda Xarkov uchun jangni yutqazganini aytishgandi. Endi esa Ukraina qurolli kuchlari batalonlaridan biri Rossiya bilan chegaraga yetib borgani xabar qilindi. Bu o‘zgarishlar front uchun nimani anglatadi?

Foto: Reuters

Yakshanba kuni Ukraina mudofaa vazirligi feysbukdagi sahifasida Xarkovdagi mudofaa kuchlari 127-brigadasining 227-bataloni Rossiya qo‘shinlarini tor-mor etib, Rossiya bilan davlat chegarasigacha yetib kelgani haqida xabar berdi.

Ukrainalik jangchilarning prezident Volodimir Zelenskiyga yo‘llagan videomurojaatida jangchilar chegara ustunini olib kelib o‘rnatayotgani ham aks etgan.

«Biz yetdik, janob prezident, biz shu yerdamiz! Chegarachilar ham biz bilan... Janob prezident, biz yetdik!» - deyishadi videodagi harbiylar.

Rossiya mudofaa vazirligi Xarkovdagi harbiy harakatlar haqida so‘nggi bor 13 mayda eslab o‘tgan. O‘shanda vazirlik «ukrainlarning ikkita «Grad» baravariga o‘t ochish reaktiv tizimi» hamda «AQShda ishlab chiqarilgan havo hujumidan mudofaa tizimi» yo‘q qilingani aytilgandi.

O‘tgan shanbada Xarkov meri Igor Terexov BBC bilan suhbatda rossiyalik harbiylar Ukrainadagi ikkinchi yirik shahar atrofidan ketayotganini ma’lum qildi. Xarkov oblasti ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov o‘shanda so‘nggi besh kun davomida Xarkov o‘qqa tutilmayotgani, ammo regiondagi boshqa shaharlarga zarbalar berilishi davom etayotganini bildirgandi.

Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) 13 may kuni e’lon qilingan tadqiqotida rossiyalik harbiylar katta ehtimol bilan Xarkov atrofidagi barcha pozitsiyalarini tashlab ketishga qaror qilgani haqida ma’lum qildi.

Bunga sabab - ukrain armiyasining muvaffaqiyatli qarshi hujumi va Rossiya qo‘shinlariga qo‘shimcha kuchlar yetkazib berishdagi muammolar.

Rossiya armiyasi chekinmoqdami?

Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti tahlilchilariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari endi Donetskdan Izyumga qadar hududdagi Ukraina armiyasini qurshovga olish bo‘yicha rejadan voz kechgan va endi ko‘p ehtimol bilan asosiy e’tiborni Lugansk oblastini to‘liq egallashga qaratadi.

Bu Rossiya kuchlariga diqqatni yanada torroq sektorga jamlash imkonini beradi va ular ushbu uchastkada hal qiluvchi ustunlikka erishishga harakat qilishadi. Bu holda rossiyaliklarning hujumlaridagi asosiy maqsadlar Lugansk oblastining Ukraina nazoratida qolgan qismining ma’muriy markazi hisoblangan Severodonetsk shahri va Ukraina kuchlarining ta’minotiga putur yetkazish hisoblanadi.

Isroillik harbiy ekspert David Gendelmanning BBC rus xizmatiga aytishicha, Xarkov hududidagi muvaffaqiyatlar nafaqat ukrain harbiylarining harakatlari, balki Rossiya armiyasining front chizig‘ini qisqartirishga bo‘lgan umumiy istagi bilan ham bog‘liqdir.

«Ukrainlarning Xarkovdagi harakatlariga kelsak, u yerda keng ko‘lamli qarshi hujum emas, balki kichik taktik harakatlar yuz bermoqda. U yerdagi rossiyaliklar, aftidan, Chernigov va Sumi oblastlaridagi kabi harakat qilishga qaror qilishgan. Ular shunchaki o‘z qismlarini bu hududlardan olib ketishmoqda.

Ammo Xarkov yo‘nalishidagi guruhlash shusiz ham katta emasdi. Beshta batalon-taktik guruhlari va bu u qadar ko‘p emas. Tashqaridan qaralsa, ular shunchaki front chizig‘ini qisqartirishga harakat qilishmoqda. Ammo Xarkovdan juda uzoqqa chekinmaslik kerak, chunki bu Rossiya armiyasining Izyum yo‘nalishidagi guruhining qanotini zarba ostida qoldiradi», deya qayd etadi isroillik ekspert. 

Bundan tashqari, Foreign Policy jurnalisti Jyek Detchning tvitterda yozishicha, Pentagon tomonidan Ukraina armiyasiga yetkazib berilgan M777 gaubitsalari (hozirgacha bunday qurollardan 74 tasi Ukraina armiyasi ixtiyorida) bosqinchilarga qarshi muvaffaqiyatli qo‘llanmoqda va aynan shu qurollardan Xarkov atrofidagi rossiyaliklar pozitsiyalariga samarali zarbalar berilgan.

Ilya Barabanov, BBC korrespondenti:

Ukraina armiyasi front chizig‘ini Xarkovdan uzoqlashtirishda davom etmoqda, shunday ekan, shaharda jamoat transporti faoliyatini tiklash mumkin bo‘ladi. Rossiya harbiylari hali ham  Volchansk va Kupyansk kabi chegaradagi shaharlarda ushlab turilibdi, ammo Xarkov atrofida rus harbiylari qolmagan.

Luganskdan kelgan videoroliklarga ko‘ra, Rossiya armiyasi Kazachya Lopan, Strelechya yoki Lipsi kabi posyolkalardan chekinish vaqtida «LXR»da harbiy harakatlar uchun safarbar etilgan harbiy xizmatchilar evakuatsiyasi haqida qayg‘urmagan.

Safarbar etilgan luganskliklar Rossiya pozitsiyalarini mustahkamlashda foydalanilgandi, ammo endi ular chegaradagi Nexoteyevka nazorat-o‘tkazish punkti yaqinidagi «betaraf polosa»da qolib ketishgan, rossiyalik chegarachilar ularni chegaradan o‘tkazmayapti.

Bu harbiylarning qarindoshlari «respublika» rahbariyatiga murojaat qilib, yaqinlari Rossiya hududi orqali Luganskka qaytishini ta’minlashga harakat qilmoqda, aks holda ular Ukraina qurolli kuchlariga taslim bo‘lishlariga to‘g‘ri keladi.

Hududlar yoppasiga o‘qqa tutilmoqda

Odessa oblasti bo‘ylab raketa zarbalari oqibatlari

Dushanba kuni Odessa oblastidagi Belgorod-Dnestrovsk rayonidagi turistik infratuzilma obektlariga raketa zarbalari berildi. Natijada to‘rt kishi og‘ir tan jarohatlari olgan, ular orasida olti yoshli qizcha ham bor.

Ukraina bosh prokurori ofisi ma’lumotiga ko‘ra, ikkita dam olish maskani binolari va 15 dan ortiq uch shikastlangan. Hududdagi harbiy obektlar hujumga uchramagan.

Rossiya artilleriyasi shu kuni Severodonetsk va Lisichanskka ham artilleriya zarbalari yo‘lladi, natijada kamida 10 kishi halok bo‘lgan.

«Severodonetsk juda kuchli zarbalarni boshdan kechirdi. Shikastlangan uylar miqdori hali hisoblab chiqilgani yo‘q. Qutqaruvchilar mahalliy ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi omborxonasi binosidagi yong‘inni o‘chirishga muvaffaq bo‘lishdi. Lisichanskda dushmanning zarbalari oqibatida turar joylar fondida yong‘in yuzaga kelgan», deya xabar qoldirgan telegram-kanalida Lugansk oblasti rahbari Sergey Gayday.

Xersonda gumanitar inqiroz boshlanmoqda

Foto: JOHN MOORE

Bu haqda dushanba kuni Ukraina ombudsmani Lyudmila Denisova ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, okkupatsiya qilingan Xerson oblastida Ukraina nazoratidagi hududga o‘tish va umuman oblast hududi bo‘ylab harakatlanish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan 500 ming kishi qolmoqda.

Shahar meri Igor Kolixayev Xersonda dori-darmon zaxirasi ikki haftadan keyin tugashini ma’lum qilgan. Hozirdanoq tomizgich uchun suyuqlik tugagan, yurak-qon tomir preparatlari tugamoqda, shifoxonalarda kislorod yetishmaydi.

Ukraina tomoni rossiyalik harbiylar gumanitar yordam olib o‘tmoqchi bo‘lgan ko‘ngillilarni o‘tkazmayotgani va gumanitar yuklarni talayotgani, mahalliy aholiga esa muddati o‘tgan dori-darmon va oziq-ovqat tarqatilayotganini ma’lum qilmoqda.

NATOning kengayishi va Kremlning reaksiyasi

Finlandiya ortidan Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risida murojaat qilishga qaror qildi. Shvetsiya alyansga kirmoqchiligi haqida o‘tgan hafta oxiriga kelib ma’lum bo‘lgan, dushanba kuni Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson rasman bayonot bergandi. 

Anderssonning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda Shvetsiyaga muayyan harbiy tahdid mavjud emas, ammo hukumat bu murojaat ko‘rib chiqilishi davrida tashqi xavf qarshisida ojiz qolishi mumkinligini inobatga oladi.

Seshanba kuni esa mamlakat tashqi ishlar vaziri Ann Linde NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizani imzoladi. Lindening so‘zlariga ko‘ra, Shvetsiyaning NATOga qo‘shilish haqidagi arizasi Finlandiya arizasi bilan birgalikda topshiriladi. Alyansga a’zo bo‘lish jarayoni qariyb bir yil vaqt olishi mumkin.

«Bu katta, jiddiy qadam. Biz o‘z fikrimizga ko‘ra Shvetsiya uchun eng yaxshi yo‘lni aniqlashtirib oldik», deya izohladi u hujjatning imzolanishini.

KXShTning Moskvadagi sammitida Vladimir Putin Rossiyaning Finlandiya va Shvetsiya Shimoliy Atlantika alyansiga kirishiga munosabati ularning infratuzilmalari nechog‘liq kengayishiga bog‘liq bo‘lishini ma’lum qildi.

Kreml matbuot xizmati ham Rossiyada Shvetsiya va Finlandiya bilan muammo yo‘qligi, Ukrainadan farqli o‘laroq bu ikki davlat bilan hududiy bahslar mavjud emasligini qayd etgan.

AQSh Ukrainaga yanada ko‘proq Javelin bermoqda

Tankka qarshi Javelin raketa majmualari tanklarning bashnyasini nishonga oladi. Foto: Reuters

AQSh hukumatining tankka qarshi Javelin raketa majmualari ishlab chiqarish bo‘yicha navbatdagi yirik harbiy buyurtmasi haqida ma’lum bo‘ldi. Shartnoma qiymati - 300 mln dollar, buning bir qismi Amerikaning Ukrainaga so‘nggi harbiy yordam paketi hisobidan to‘lanadi.

Kelishuv shartiga ko‘ra, Ukraina yana 1300 dona Javelin oladi, bu qurol Rossiya zirhli texnikalari uchun «dahshat»ga aylangan va urushning birinchi qismida muhim rol o‘ynagan. Avvalroq AQSh Ukrainaga 5 mingdan ortiq tankka qarshi raketa majmualari yuborgandi.

Mavzuga oid