Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ayollar sportning qaysi turlarida erkaklarni ortda qoldira oladi?
Erkaklarga xos baquvvat mushaklar va uzun bo‘y-bast ko‘plab sport turlarida yuqori natijalarni qayd etishda muhim o‘rin tutadi. Lekin ayrim sport turlari borki, ularda jismoniy kuch bilan birga, turli tashqi omillarga moslashuvchanlik va ruhiy barqarorlik g‘alabani ta’minlab beradi.
Foto: Getty Images
BBC sportning qaysi turlarida ayollar erkaklarga qaraganda yaxshiroq natijalar ko‘rsata olishiga e’tibor qaratdi.
Mutaxassislarga ko‘ra, sportning kamida uchta turi: uzoq masofaga suzish, uzoq masofaga yugurish va o‘q otishda ayollar erkaklardan ko‘ra yaxshiroq yoki ular bilan teng natijalarni qayd eta olishadi.
40 yildan oshiq vaqt o‘tibdiki, amerikalik suzuvchi Penni Li Din 1978 yilda dengizda qanchalik sovuqqotganini juda yaxshi eslaydi. O‘shanda u La-Mansh bo‘g‘ozini 7 soat-u 40 daqiqada suzib o‘tib, bu borada jahon rekordini yangilagan. Bunday natijaga erishish uchun ochiq osmon ostida, muzdek suvda uzoq mashg‘ulotlar olib borishiga to‘g‘ri kelgan.
“Qo‘l-oyoqlaringiz uyushib, tortishib qoladi”, deya eslaydi u. Suzuvchi ochiq suvda suzish mashqlaridan keyin, tanasini ilitish uchun unga bir marta vanna qabul qilish yetarli bo‘lmasdi: vannadagi suv soviy boshlashi bilan, bir piyola choyni ichib, ikkinchi issiq vanna tomon yo‘l olardi.
Suvning suyak-suyakkacha boradigan sovuqligi qanchalik yoqimsiz bo‘lmasin, Penni o‘z maqsadiga erishish uchun bunga chidashi kerak edi. Mutaxassislarga ko‘ra, sovuq haroratga chidash qobiliyati – ayollarning suzish sportidagi ustunliklaridan biridir, sababi ayol organizmida yog‘larning ulushi erkaklarga qaraganda ko‘proq bo‘ladi, bu esa sovuq suvda tana haroratini nisbatan mo‘’tadil ushlab turishga yordam beradi.
Ayollarda ham turli noqulayliklarga sabr-u toqat qila olish qobiliyati yetarli darajada yaxshi rivojlangan, deydi Li Din.
Norvegiyaning Arktika universiteti sport fanlari professori, Norvegiya elitar sport turlari maktabi direktori Oyvind Sandbakk hamkasblari bilan birga o‘rganishlar olib borib, eng yaxshi natijalarga ega ayol va erkak sportchilar qayd etgan ko‘rsatkichlarni taqqosladi. Ma’lum bo‘lishicha, jahon rekordi natijalarida farq erkaklar foydasiga taxminan 8-12 foizga ko‘proqni tashkil etadi. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, suzishning juda mashaqqatli formatlari va tananing yuqori qismi kuchli bo‘lishini talab qiladigan sport turlarida bu farq anchagina kichik bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar ayollarning erkaklardan ustunlik qilishi mumkin bo‘lgan yana bir sport turi sifatida uzoq masofaga yugurishni aytishadi. Ayollar marafonlarda tempni yaxshiroq ushlay oladi, deyishga birmuncha asoslar bor.
Uzoq masofaga yugurish musobaqalarida ob-havo, og‘riq va boshqa faktorlar ta’siriga moslasha olish juda muhim. O‘ta uzoq musofalarga yugurish marafonlarida masofa qanchalik uzoq bo‘lsa, ayollar va erkaklarning natijalari o‘rtasidagi farq shuncha kichrayib boraveradi. 2020 yilda o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, yugurish masofasi 314 kmdan ortiq marafonlarda ayollar erkaklarga qaraganda 0,6 foiz yaxshiroq natija qayd etgan.
Uzoq masofaga yugurish tempini samarali boshqarishda ayollarga nafaqat fiziologiya, balki ijtimoiy omillar va psixologiya ham qo‘l kelishi mumkin.
Shuningdek, aynan psixologiya ayollarga o‘q otish sport turida erkaklar bilan tengma-teng bellasha olish imkonini beradi. Parijdagi o‘yinlarning kumush medal sovrindori koreyalik Kim Yyeji bir necha oy avval bo‘lib o‘tgan jahon kubogida 25 metr masofadan pistolyotda o‘q otish bo‘yicha jahon rekordini yangilagan edi. Bu boradagi avval rekord ham ayol kishiga – boshqa bir koreyalik mergan Yang Jiinga tegishli edi.
“O‘q otish – bu jismoniy emas, ruhiy sport turi. Bunda ong va ruhning ahamiyati ko‘proq”, deydi Kim Yyeji. Uning fikricha, katta bosimga qaramay xotirjam tura olish qobiliyati ayollarga bu sport turida ko‘proq ustunlik beradi.
Xalqaro o‘q otish sporti federatsiyasi Atletlar qo‘mitasi raisi Kassio Rippelning so‘zlariga ko‘ra, erkaklarda mushaklarning ko‘proqligi ularni bardoshliroq qiladi, lekin ayollarning tana vazni kamroqligi va og‘irlik markazining pastroqligi yaxshiroq muvozanat saqlashda qo‘l keladi.
2020 yilgi Tokio olimpiadasida o‘q otish musobaqalari tahlil qilinganida, erkaklar harakatdagi nishonlarni mo‘ljalga olishda yaxshiroq natija ko‘rsatishgani, harakatsiz holatdagi nishonlarni mo‘ljalga olishdagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha jinslar o‘rtasida muvozanat borligi aniqlangan.
Bu o‘rinda e’tibor qaratish kerakki, ayollar va erkaklarning sportdagi natijalariga ta’sir o‘tkazuvchi biologik va ijtimoiy omillarni adolatli tadqiq qilish juda qiyin. Ana shunday omillardan biri – erkaklar va ayollarda sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarining teng emasligidir.
Eslatib o‘tamiz, Parij olimpiadasi – ishtirokchi ayol va erkak sportchilar soni teng bo‘lgan ilk olimpiya o‘yinlari sifatida tarixga kiradi.
Mavzuga oid
20:33 / 13.01.2025
Parij Olimpiadasining ko‘plab medallari nuqsonli bo‘lib chiqdi
16:37 / 02.01.2025
Ayollarning ishlamasligi: madaniy cheklovmi yoki iqtisodiy?
11:47 / 03.12.2024
BBC o‘zbekistonlik tadbirkor - Dilorom Yo‘ldoshevani «dunyo bo‘ylab ilhomlantiruvchi va nufuzli 100 ayol» ro‘yxatiga kiritdi
18:52 / 27.11.2024