O‘zbekiston | 15:20 / 22.02.2021
8170
3 daqiqa o‘qiladi

«Zakovat» klubiga a'zolik uchun 13 mingdan ortiq kishi ariza berdi

Kecha, 21 fevral kuni «Zakovat» intellektual klubiga a'zolik uchun onlayn arizalar qabul qilishning dastlabki bosqichi yakunlandi.

Klub vakillari bergan ma'lumotga ko‘ra, 10 kun davomida jami 13 043 kishidan ariza kelib tushgan.

Yakka tartibda ro‘yxatdan o‘tish maqsadida jami 11 111 nafar talabgor ariza topshirdi. Shuningdek, 1 932 kishi 322 ta jamoaga birlashgan holda ro‘yxatdan o‘tdi.

Ariza berganlarning –

  • 6307 nafari (48,4%) – oliy ta'lim muassasasi talabasi;
  • 4771 nafari (36,6%) – ishchi-xizmatchi;
  • 791 nafari (6,1%) – vaqtincha ishsiz;
  • 583 nafari (4,5%) – maktab o‘quvchisi;
  • 295 nafari (2,3%) – kollej, akademik litsey yoki texnikum o‘quvchisi;
  • 255 nafari (2%) – abituriyent;
  • 41 nafari (0,3%) – pensionerlardir.

Hududlar kesimida eng ko‘p ariza poytaxtdan kelib tushgan:

  • Toshkent shahri – 3761 nafar;
  • Toshkent viloyati – 1257 nafar;
  • Samarqand – 1054 nafar;
  • Qashqadaryo – 1026 nafar;
  • Farg‘ona – 1004 nafar;
  • Andijon – 791 nafar;
  • Buxoro – 672 nafar;
  • Jizzax – 657 nafar;
  • Namangan – 557 nafar;
  • Xorazm – 525 nafar;
  • Surxondaryo – 503 nafar;
  • Navoiy – 491 nafar;
  • Sirdaryo – 418 nafar;
  • Qoraqalpog‘iston– 327 nafar.

Keyingi bosqichda yakka tartibda ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlar o‘rtasida intellektual kasting o‘tkaziladi. Bundan maqsad – eng avvalo ularning bilimlarini sinash; ikkinchidan, ularni 6 kishilik jamoalarga birlashtirishdir.

Jamoa bo‘lib ariza yuborganlar o‘rtasida kasting o‘tkazilmaydi va ular to‘g‘ridan to‘g‘ri breyn-ring turnirida ishtirok etishadi.

Toshkent shahri hamda hududlarda intellektual kasting o‘tkaziladigan sana, joy va tartibi tez orada e'lon qilinadi, deyiladi rasmiy relizda.

Breyn-ring formatidagi intellektual turnir 27–28 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etish bepul.

Sovrin jamg‘armasi 130 million so‘mgacha oshirilgan. 1-o‘rin uchun 100 mln, 2-o‘rin uchun 20 mln va 3-o‘rin uchun 10 mln so‘m mukofot ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 20 yillik tarixga ega «Zakovat» klubi 2020 yil so‘ngida «Milliy» telekanali efiridan olingan edi. Keyinchalik telekanal muassisi, Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov intellektual o‘yin efirdan olinganidan bexabar bo‘lganini bildirdi va dasturni fond raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva bilan birgalikda otaliqqa olishlarini ma'lum qildi.

10 fevral kuni «Zakovat» intellektual klubi nodavlat-notijorat tashkilot sifatida Adliya vazirligida ro‘yxatga olindi.

Mavzuga oid