TECH | 14:59 / 21.10.2025
2717
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2026 yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

SI infratuzilmasiga 100 mln dollardan ortiq sarmoya kiritgan kompaniyalar uchun Qoraqalpog‘istonda elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi (hozirda yuridik shaxslar uchun - 8,3 sent). 2026 yildan boshlab O‘zbekistonda olis hududlar uchun sun’iy yo‘ldosh internet operatorlari ishga tushadi, dedi prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 mln dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga imtiyozlar beriladi. Bu haqda 21 oktyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

«Bir narsani tushunish kerak: tarmoq va hududlarda sun’iy intellekt infratuzilmasiga oshib borayotgan talabni faqat davlat hisobidan qoplab bo‘lmaydi» dedi prezident. 

Bugun start berilgan IT-Park loyihasining ikkinchi bosqichi doirasida Saudiyaning Data Volt kompaniyasi bilan 150 million dollar hisobiga 12 megavattli data-markaz ishga tushiriladi.

Keyingi bosqichda yana 3 milliard dollar sarmoya hisobiga quvvatlar 500 megavattga olib chiqiladi.

Prezident yig‘ilishda investorlar uchun yanada jozibador muhit yaratib, zamonaviy super kompyuter klasterlari va data-markazlarni ko‘paytirish zarurligini qayd etdi.

Bunday markazlar xarajatining 70 foizi elektr energiyasiga to‘g‘ri kelgani uchun investorlar jozibador elektr tariflari masalasini ko‘targan.

Bu boradagi ishlar Qoraqalpog‘istondan boshlanishi belgilandi. Sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi 5 sent etib belgilanadi, IT-park imtiyozlari tatbiq etiladi, import uskunalari bojxona to‘lovidan ozod etiladi.

«Bu sohada katta sakrash qilish bilan birga, Qoraqalpog‘iston iqtisodiyoti rivojiga ham munosib hissa qo‘shadi»,  dedi davlat rahbari.

Bundan tashqari, olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun keyingi yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Ular 5 yilga yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.

Ma’lumot uchun, 2024 yil avgust oyida Qozog‘iston Ilon Maskning SpaceX kompaniyasidan Starlink sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlat bo‘lgandi. 2025 yil oktyabrida Tojikiston aloqa xizmati Starlink bilan xuddi shunday shartnoma tuzdi, tizim Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonda 20252026 yillarda ishga tushirilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid