Jahon | 12:25 / 09.09.2025
6284
5 daqiqa o‘qiladi

«Ijtimoiy tarmoqlar emas, korrupsiya yopilsin» - Nepalda «Z» avlod namoyishlari (foto+video)

Nepal hukumati 20 dan ortiq ijtimoiy tarmoqlarni bloklagach mamlakat tarixidagi eng yirik tartibsizliklar boshlandi. «Z avlod namoyishlari» deb nomlangan mitingda minglab yoshlar «Ijtimoiy tarmoqlar emas, korrupsiya yopilsin» degan plakatlar bilan yurish o‘tkazdi. Politsiya bilan to‘qnashuvda 19 kishi halok bo‘ldi, 400 dan ortiq namoyishchilar jarohatlandi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

8 sentabr kuni Nepal poytaxti Katmanduda politsiya parlamentni bosib olishga uringan norozilarga qarshi ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va rezina o‘qlar ishlatgan. Bu haqda Nepal rasmiylariga tayanib, Reuters nashri xabar bermoqda.

Mahalliy amaldorning aytishicha, asosan yoshlar bo‘lgan namoyishchilardan ayrimlari barrikadani buzib parlament hududiga kirib borib, tez yordam mashinasini yoqib yuborishgan va politsiyaga turli buyumlar uloqtirishgan.

Foto: Reuters
Foto: Reuters

«Politsiya tartibsiz o‘q uzmoqda», dedi bir namoyishchi ANI agentligiga. «O‘qlar menga tegmadi, lekin orqamda turgan do‘stimning qo‘liga tegdi».

Politsiya xodimi Shekhar Hanalning ma’lum qilishicha, 400 dan ortiq odam, jumladan 28 nafar politsiyachi jarohatlangan. Yaradorlar mototsikllarda shifoxonaga olib borilgan.

Sharqiy Itahari shahrida ham tartibsizliklarda ikki kishi halok bo‘lgan. Ichki ishlar vaziri Ramesh Lekhak zo‘ravonlik uchun «axloqiy javobgarlik»ni zimmasiga olib iste’foga chiqdi. Bosh vazir Sharma Oli vaziyatni muhokama qilish uchun favqulodda hukumat yig‘ilishini chaqirdi.

Foto: Reuters

O‘tgan hafta hukumat Facebook kabi bir nechta ijtimoiy tarmoqlarni bloklagani yoshlarning g‘azabini qo‘zg‘adi. Nepalning 30 million aholisi orasida 90 foizi internetdan foydalanadi. Rasmiylarning aytishicha, bu qaror soxta akkauntlar orqali nafratli nutq, yolg‘on xabarlar va firibgarliklar tarqalishini cheklash uchun qabul qilingan.

Katmandu ko‘chalarida minglab yoshlar, jumladan maktab va kollej formalaridagi o‘quvchilar «Ijtimoiy tarmoqlar emas, korrupsiya yopilsin», «Tarmoqlarni oching», «Yoshlar korrupsiyaga qarshi» yozuvli plakatlar bilan yurish o‘tkazdi. Namoyishlarni tashkilotchilar «Z avlodi noroziliklari» deb atashdi.

Foto: Reuters

Human Righs Watch Nepal hukumatini noroziliklarni faqat huquqni muhofaza qilish nuqtayi nazaridan ko‘rmaslikka chaqirib, bu xalqning chuqur korrupsiya, nepotizm va boshqaruvdagi muammolardan noroziligini ko‘rsatishini bildirdi.

Rasmiylarga ko‘ra, tartibni saqlash uchun suv purkagichlar, dubinkalar va rezina o‘qlardan foydalanishga buyruq berilgan, parlament hududida armiya ham jalb etilgan. Kechga borib zo‘ravonlik susaydi, biroq namoyishchilar parlament yaqinida qolishda davom etishdi.

Nepal hukumati korrupsiyani jilovlash va iqtisodiy islohotlarda sustkashlikda tanqid qilinmoqda. Har yili minglab yosh nepalliklar ish va ta’lim uchun chetga chiqib ketadi. Sobiq moliya kotibi Rameshvor Hanalning Reutersʼga aytishicha, ish o‘rinlari yetarli yaratilmagan bo‘lsa-da, xalq g‘azabi asosan hukumat tayinlovlari va korrupsiyani yo‘q qila olmaganidan kelib chiqmoqda.

Seshanba tongiga kelib, hukumat o‘tgan hafta bloklagan barcha 26 ta platforma, jumladan Facebook, WhatsApp, Instagram va WeChat qayta ishlay boshladi. New York Times'ning yozishicha, komendantlik soatiga qaramay, norozilar ko‘chalarga qaytib chiqib, hukumat amaldorlari jazolanishi va almashtirilishini talab qilishmoqda.

Xavfsizlik kuchlarining zo‘ravon javobi hukumatga bo‘lgan bosimni yanada kuchaytirgan. Muxolifat partiyalari va hukumat koalitsiyasining ayrim a’zolari bosh vazir Sharma Oli iste’fo berishini talab qildi. 

Mavzuga oid