20:54 / 03.08.2020
32424

«Hozir tadqiqot qilishga ehtiyoj ham, vaqt ham yo‘q» - Oqilov «Plakvenil» atrofidagi ziddiyatlar haqida

O‘zbekistonda koronavirusdan davolash protokolidan chiqarilgan gidroksixloroxin protokolga qaytib qo‘shilgani ma'lum bo‘ldi. Rasmiylar izohiga ko‘ra, «O‘zbekiston boshqalarning tavsiyasiga emas, o‘z tajribasiga asoslanyapti».

Bugun, 3 avgust kuni AOKAda Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Plakvenil» dori vositasi (ta'sir ko‘rsatuvchi modda – gidroksixloroxin) atrofidagi bahslar yuzasidan izoh so‘raldi.

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Anvar Alimovning fikricha, gidroksixloroxin mavzusi – siyosiy masala.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti «Plakvenil»ning koronavirusni davolashdagi ta'sirini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etdi. Ammo o‘rganish ishlari oxirigacha yetkazilmadi, tekshiruvlar to‘xtatilgani, bu mavzuga yana qaytilishi haqida 3 iyun kuni ma'lumot berildi.

Anvar Alimov

JSST davlatlarga Lancet jurnalida chop etilgan ma'lumotlarni asos sifatida davolash protokollarini ko‘rib chiqinglar, deb tavsiya berdi. Bu «Plakvenil» mavzusining siyosiy masala ekanini ko‘rsatadi», – dedi Alimov.

Shtab a'zosi Habibullo Oqilov O‘zbekiston «Plakvenil» masalasida JSST tavsiyasiga emas, o‘z tajribasiga asoslanayotganini ta'kidladi.

«JSST – topshiriq beradigan tashkilot emas, u faqat tavsiya beruvchi tashkilot. Uning tavsiyalarini qabul qilish-qilmaslik har bir davlatning o‘z ixtiyorida.

Habibullo Oqilov

O‘zbekiston mart oyidan beri koronavirus bilan kurashib, bu borada o‘z tajribasiga ega bo‘ldi. Shuning uchun boshqalarning tavsiyasiga emas, o‘z tajribasiga asoslansa bo‘ladi.

O‘zbekiston tajribasida «Plakvenil» ishlayapti. Davolash protokolining 6-versiyasi – hozir amal qilayotgan variantida ham «Plakvenil» bor. U faqatgina kasallikning boshlang‘ich bosqichida – dastlabki 3-5 kunda berilsa, o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, bemor bilan muloqotda bo‘lganlarga profilaktika sifatida «Plakvenil»dan haftasiga 2ta tabletka berilyapti. Bu ham protokolga kiritilgan», dedi u.

Oqilov Kun.uz muxbirining O‘zbekistonda 12 ming nafarga yaqin bemor «Plakvenil» bilan davolanib chiqqani aniq tadqiqotlarda o‘z isbotini topgan-topmagani xususidagi savoliga javob berdi.

«Avvalroq O‘zbekistonda 12 ming nafar bemor davolanib chiqqanini va ularning aksariyati «Plakvenil» qabul qilganini aytgan edim. So‘nggi statistika bo‘yicha davolanib chiqqan 16 838 nafar bemorning ham aksariyati «Plakvenil» olgan. Chunki statsionarlarda davolanayotganlarning ko‘pchiligi yagona sxema asosida muolajalarni olmoqda», – dedi SSV vakili.

Shtab a'zosi «Plakvenil»ni profilaktika maqsadida ichish mumkinligi haqidagi savolga javoban AQSh va Braziliya davlat rahbarlarini misol sifatida keltirdi.

«AQSh davlat rahbari Donald Tramp, Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru ham koronavirusdan profilaktika uchun «Plakvenil» ichdi.

AQShda koronavirus shifoxonalarida ishlayotgan o‘zbek mutaxassislari bilan gaplashganimizda, ular ham «Plakvenil» bo‘yicha turli yondashuvlar borligini, ammo shifoxonada ishlayotganlarning hammasi profilaktika uchun shu dorini ichayotganini aytishdi. Shuning uchun ham biz uni protokolga kiritdik», dedi shtab a'zosi.

Habibullo Oqilovning ta'kidlashicha, «Plakvenil»ning O‘zbekistonda davolash protokolidan chiqarilib, keyin yana kiritilgani kabi holat barcha davlatlarda kuzatilmoqda.

«Butun dunyo bu jarayondan bir o‘tib ko‘rdi. Lancet jurnali shunday yozgani uchun ko‘pchilik uni protokoldan chiqardi, jurnal maqolasini qaytarib olgach, aksariyat davlatlar yana uni qo‘llashga qaytdi. Biz ham o‘z tajribamizga qaytdik. Bu doridan voz kechganimizda kasallik ko‘rsatkichlari salbiy tomonga o‘zgardi», dedi u.

Ta'kidlanishicha, «Plakvenil»ning O‘zbekiston tajribasidagi ijobiy ta'sirini tasdiqlovchi tadqiqotlar o‘tkazilmagan.

«Hozir bu dorining ta'sirini tadqiqot qilishga ehtiyoj ham, vaqt ham yo‘q. 16 300 nafardan ziyod tuzalib chiqqan bemorlarning kasallik tarixi bor. Ular arxivda kamida 25 yil turadi. Ular asosida ko‘p tadqiqotlar qilinadi, unda xulosalar chiqarilishiga aminman»,  deya ta'kidladi Habibullo Oqilov.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti gidroksixloroxinni koronavirusga qarshi ta'sirini o‘rganish bo‘yicha sinovlarni to‘xtatgach, bu dori vositasi O‘zbekistonda davolash protokolidan chiqarilgan edi. Mazkur dori uyda davolanayotgan bemorlarga beriladigan bepul dorilar to‘plamiga qo‘shilgan.

Habibullo Oqilov jiddiy e'tirozlarga qaramay, O‘zbekistondagi poliklinikalarda «Plakvenil» dorisi tavsiya qilinishi davom etayotgani yuzasidan izoh bergan, 12 mingga yaqin koronavirus bemorlari «aynan shu dori vositasi yordamida» tuzatib yuborilganini aytgan edi.

AQSh prezidenti Donald Trampning maslahatchisi, mamlakatning bosh infeksionisti Entoni Fauchi, Trampning fikriga qarshi ravishda, COVID-19dan davolashda gidroksixloroxinni qo‘llash samarasiz ekanini ta'kidlagan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top