16:55 / 09.11.2020
78031

Rossiyalik reper Mercedes-Benz'ini buxorolik yigitga topshira oladimi?

«Mersedes» yutib olgan buxorolik yigit avtomobilni qo‘lga kirita oladimi? Mercedes-Benz E 200 modelining O‘zbekistonga kirib kelishi uchun bojxona to‘lovlari qancha? Kun.uz shu kabi savollarga javob izladi.

Rossiyalik taniqli reper Alisher Valeyev – Morgenshtern Instagram'da Give-away tanlovini e'lon qilib, uning yakuniy bosqichini 18 oktabr kuni o‘tkazdi. Unda 100ta turli ko‘rinishdagi sovrin bilan birga, superyutuq – Mercedes-Benz E 200 avtomobili ham o‘zining yangi egasini topdi. Bundan tashqari, 1 mln rubl ham tarqatildi.

3 soatlik o‘yin ko‘pchilik muxlislar uchun kutilmagan natija bilan tugadi. Superyutuqni buxorolik @aza_1002 Instagram-akkaunti egasi qo‘lga kiritdi.

«Men avtomobilni dunyoning har qanday nuqtasiga yetkazib berishni va'da qilganman. O‘zbekiston bo‘lsa, O‘zbekiston-da. Agar chegaralar yopiq bo‘lsa, kutishimiz mumkin. Chegaraning o‘zida mashinani o‘tkazib berish ham mumkin. Bojxona rasmiylashtiruvi talab qilinsa, uni ham to‘laymiz», – degan edi bastakor.

Biroq, oradan ko‘p o‘tmay, buxorolik yigitning bu yutuqni qo‘lga kiritgani bir mavzu bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik Morgenshternning O‘zbekistondagi avtomobil boji bilan bog‘liq chiqishlari ijtimoiy tarmoqlarni «tutatgan» yana bir masala bo‘ldi.

Reper avtomobilni O‘zbekiston bojxonasida rasmiylashtirish uchun sarflanadigan xarajatlar xususida Instagram sahifasining Stories'ida videoxabar joyladi.

«O‘zbekistonda mashina uchun bojxona to‘lovi qancha ekanini bilasizmi?... Mashina narxiga teng ekan», – degandi Morgenshtern.

U jonli efir qilarkan, mashinani yetkazib berishda yordam kerakligi haqida so‘zlagan edi.

«Biz shov-shuv bilan boramiz va mashinani vatandoshingizga topshiramiz. Sizlar ham bizga peshvoz chiqing», – degandi rossiyalik reper.

Azim Abdullayev

Kun.uz muxbiri dastavval Morgenshtern yutug‘ini yutgan, ammo hozircha superyutuqqa rosmana ega bo‘lmagan buxorolik Azim Abdullayev bilan muloqot qilishga muvaffaq bo‘ldi (suhbatni videoko‘rsatuvda tomosha qiling).

Albatta, Azim bu holatda hech narsa qila olmasligi aniq. Chunki avtomobilga egalik huquqi mavjud emas. Biroq superyutuq o‘ynalganda ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lgan Morgenshtern O‘zbekistonga xorijdan olib kiriladigan avtomobil uchun bojxona bojlari miqdoridan xabar topgach, hayratini yashirib o‘tirmadi va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrini bildirdi. Shuning barobarida mashina narxiga teng «rastamojka»ni inobatga olgan holda avtomobilni yetkazib berishda hukumatdan yordam so‘rashini ham bildirdi.

U 3 noyabr kuni YouTube'dagi vDud loyihasiga bergan intervyusida ham avtomobilni egasiga topshirishda O‘zbekistondagi bojxona bojlarining qimmatligini eslab o‘tdi va hamon avtomobilni o‘z egasiga topshirish masalasida olg‘a siljish yo‘qligini bildirdi.

Xo‘sh, qimmatbaho yutuqni O‘zbekistonga olib kelish uchun qancha bojxona boji to‘lanadi?

Kun.uz Bojxona qo‘mitasi bilan bog‘lanib, qiymati 4 mln rubl (52 000 AQSh dollari atrofida) bo‘lgan, Mercedes-Benz E-class rusumli, 184 ot kuchiga ega, 4 silindrli, dvigatel hajmi 2 litr, 2019 yilda ishlab chiqarilgan, kelib chiqish sertifikatiga ega avtomobilni O‘zbekistonga jismoniy shaxs tomonidan olib kirilganida undiriladigan bojxona to‘lovlari to‘g‘risida ma'lumot taqdim etishni so‘radi.

Davlat bojxona qo‘mitasi javobida, jumladan, quyidagilar ma'lum qilingan:

«... Murojaatingizda ko‘rsatib o‘tilgan avtotransport vositasi TIF TNga muvofiq 8703 23 198 1 kodi bilan tasniflangan taqdirda, amaldagi qonun hujjatlariga asosan bojxona qiymatidan 30 foiz hamda dvigatel hajmining har bir sm3 uchun 2,5 AQSh dollari miqdorda import boji, 15 foiz miqdorda QQS, bojxona qiymatidan 0,2 foiz bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im, BHMning 120 barovari miqdorida utilizatsiya yig‘imi stavkalari qo‘llaniladi.

... Shu bilan birga, bojxona to‘lovlarini hisoblashda murojaatingizda keltirilgan avtotransport vositasining qiymatidan amaldagi qonun hujjatlarda belgilangan stavkalari bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblar amalga oshirildi.

Unga ko‘ra, bojxona qiymati 538 713 760,00 so‘mlik summa asosida bojxona to‘lovlari hisoblanganda, dastlabki hisob-kitoblarga asosan undirilishi mumkin bo‘lgan miqdor 353 801 986,83 sӯmni tashkil etdi.

Bundan tashqari, agar tovarning kelib chiqishiga doir ma'lumotlarda nomuvofiqlik tasdiqlansa, bojxona bojining stavkasi ikki baravar orttirilgan holda hisoblanadi. Bunda dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bojxona to‘lovlarining miqdori 598 959 482,13 so‘mni tashkil etdi.

Agar murojaatda ko‘rsatilgan avtotransport vositasining aniq texnik xususiyatlarni aks ettiruvchi hujjatlar va ma'lumotlar taqdim etilsa, bojxona to‘lovlari qayta hisoblanishi mumkin», – deyiladi qo‘mita raisi o‘rinbosari G.Shukurov imzosi bilan yuborilgan xatda.

Xullas, Azimning yutug‘i bo‘lgan «Mersedes»ni olib kirish bilan bog‘liq xabarlar mana shulardan iborat.

Albatta, O‘zbekistonning har bir fuqarosi teng huquqli, bir xil burch va majburiyatlarga ega. Ma'lum bir kishi uchun bojxonachilar qonunda ko‘rsatilmagan holda istisno qila olmasligi aniq. Vakolatli shaxslargina bojxona bojlarini insofli darajaga keltirish borasida faollik ko‘rsata olishlari mumkin.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, bojxonada ishlovchi tanish-bilishlardan boj to‘lovlaridan ozod etishning «fishka» usuli haqida eshitganmiz. Bunda xorijdan keltirilgan u yoki bu tovarni bojxona to‘lovlaridan ozod etish bo‘yicha hukumat yo‘llagan xat (fishka)dan foydalaniladi...

O‘zbekiston imijini oshirish xususida so‘zlar baralla aytilayotgan, mamlakatning sayyohlik jozibadorligini oshirishga milliardlab mablag‘lar sarflanayotgan bir vaqtda, birgina shu voqea xorij ijtimoiy tarmoqlarida qanchalik salbiy aks sado berayotgani achinarli hol, albatta.

Morgenshternning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini ham, uning O‘zbekistondagi bojlardan «aqldan ozay» degani haqidagi intervyulari e'lon qilingan sahifalarni kuzatganlar soni inobatga olinsa, aslida O‘zbekiston turizmni rivojlantirishda bu voqeadan ham «piar yurish» sifatida oqilona foydalanishi mumkin.

Balki hukumat Morgenshternning O‘zbekiston fuqarosiga sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan «Mersedes» mashinasiga ham «fishka» usulini qo‘llab yuborar?!

Chunki Morgenshtern bu mashinani shaxsan o‘zi, jamoasi birga bilan O‘zbekistonga kelib topshirishni reja qilgan ekan. Millionlab muxlislarga ega bunday reperning O‘zbekistonga kelishi bugungi pandemiya sharoitida tiklana olmay turgan turizm sohasiga oz bo‘lsa-da dalda bo‘lardi balki...

Tolib Rahmatov,
Kun.uz muxbiri.

Top