21:40 / 10.02.2023
23692

Tadbirkorlardan 2 mlrd so‘m, faollardan 1 tonna osh - qardosh xalqqa yordam davom etmoqda

O‘zbek xalqi musibat kunlarida Turkiyaga katta hajmda insonparvarlik yordami yuboryapti. Toshkentda, viloyatlarda va Turkiyaning o‘zida vatandoshlarning ko‘ngilli guruhlari mablag‘, moddiy buyumlar yuborish va bevosita jismoniy ko‘mak ko‘rsatish tarzida zilziladan jabrlanganlarga yelkadosh bo‘lmoqda.

6 fevral kuni Turkiyada misli ko‘rilmagan zilzila mamlakatga katta talafot olib keldi. Shundan so‘ng O‘zbekiston zudlik bilan Turkiyaga FVV vakillaridan iborat 100 kishilik tezkor otryadni, keyinroq esa 71 kishilik qo‘shimcha guruh va gumanitar yordam partiyasini jo‘natdi.

Aholidan insonparvarlik yordamini yig‘ish va uni yuborish uchun Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Savdo-sanoat palatasi hamda “Yoshlar kelajagimiz” jamg‘armasi bilan hamkorlikda maxsus shtab faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirda Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan bu shtabda kerakli mahsulotlar yig‘ilmoqda.

Yuborilayotgan yordam ichidagi zarur narsalar ro‘yxatiga bolalar va kattalar uchun qishki kiyimlar, chodir, yotoq, isitish vositalari, generatorlar, chidamli oziq-ovqat konservalari, chaqaloqlar bo‘tqasi va tagliklari, tozalash va gigiyena vositalari kiritilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, tashabbus boshlangandan beri hozirgacha 80 tonnadan ortiq mahsulotlar yig‘ib bo‘lingan. Ular olib borilgan joyda ham yaxshi saqlanishi uchun mustahkam qilib qadoqlanmoqda.

Qolaversa, xuddi shunday yordam Yashnabod tumanidagi “Texnopark” majmuasiga ham olib kelinyapti.

“Texnopark”da yo‘lga qo‘yilgan shtab faoliyatidan suratlar / Foto: Gazeta.uz
“Texnopark”da yo‘lga qo‘yilgan shtab faoliyatidan suratlar / Foto: Gazeta.uz
“Texnopark”da yo‘lga qo‘yilgan shtab faoliyatidan suratlar / Foto: Gazeta.uz

Bu jarayonda taniqli tadbirkor Murod Nazarov ham qatnashib, o‘zining Facebook sahifasida 2 soat ichida hamkasblaridan 2 mlrd so‘m yig‘ib berganini yozgan.

Murod Nazarovning Facebook sahifasidan olingan skrin

Turkiyaning o‘zidan turib ham talafot ko‘rganlarga yordam berayotgan yurtdoshlarimiz talaygina. Shu davlatda yashab kelayotgan vatandoshimiz Nargiza Unal jabrlangan odamlar uchun 11,5 ming dollar yig‘ganini aytgan.

“Click’ning o‘ziga 11,5 ming dollar yig‘ildi, undan tashqari “zolotaya korona” orqali 8 ming lira jo‘natishibdi. Rossiya kartasiga ming dollardan ortiq pul yig‘ilgan. Hozir shoshilinch bo‘lgani uchun 11,5 ming dollarni naqd qilib olganmiz, undan keyin qolganini ham naqdlashtiramiz. Pulingiz uchun xavotir olmang, hammasi to‘g‘ri sarflanadi”,– deydi Nargiza Unal YouTube'ga joylagan videosida.

Nargiza Unalning YouTube sahifasiga joylangan videodan skrinshot

Turkiyadagi “O‘zbekiston yoshlari” jamiyatining Bursadagi vakili hamda ko‘ngilli yoshlarimiz ham jabrlanganlarga insonparvarlik yordamini yuborishda faol qatnashmoqda.

“Bursada imkoniyati yetganlar pul shaklida yordam qilishmoqda, ba’zilar o‘zining issiq kiyim-kechaklarini yoki uyidagi issiq choyshablarni olib kelmoqda. Jamiyat a’zolarining deyarli hammasi talaba bo‘lgani uchun u darajada katta yordam qilishning iloji bo‘lmayapti, ammo qo‘ldan kelgancha bu ishlarga ko‘mak berilmoqda”, – deydi "O‘zbekiston yoshlari" jamiyatining Bursadagi vakili Fazliddin Hamdamov.

Bursadagi gumanitar yordamni jo‘natishda faol qatnashayotgan o‘zbek yoshlari

“Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi vakillari Istanbuldan ming km yo‘l bosib, Xatayga yetib borgan va odamlarga 1 tonna osh tayyorlab, tarqatishganini ma’lum qildi.

Bu jarayonda o‘zbeklardan iborat “Registon TV” jamoasi ham tashabbus ko‘rsatib, zilzila o‘choqlaridan biri bo‘lgan Qahramonmarashdagi Elbiston shahriga borgan va 100 kg osh pishirib, 500 kishiga tarqatgan.

Eslatib o‘tamiz, turk xalqi uchun insonparvarlik yordamini yig‘ish hali ham davom etmoqda. Istaganlar har qanday ko‘rinishdagi yordamini Yakkasaroydagi Toshkent yengil-sanoat va to‘qimachilik majmuasi hamda Yashnaboddagi Texnopark binosiga olib borishi mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Montaj ustasi – Asror Almuradov

Mavzu
Turkiyada vayronkor zilzila
6 fevral tongida Turkiya janubi-sharqida ro‘y bergan 7,8 balli zilzila minglab odamlarni hayotdan olib ketdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top