16:21 / 14.04.2022
22875

Navoiyda hokim o‘rinbosari deputatlik qilmoqda. Bu qonunchilikka zid  

Xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi deputati Karmana tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritmoqda. Yaqinda u kengash qarori bilan doimiy komissiyalardan biriga rais ham bo‘lgan.

Fotokollaj: Kun.uz

Xatirchi tumani 43-Oqdaryo saylov okrugidan xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashi deputatligiga saylangan Tohir O‘rinov saylov paytida “Mikrokreditbank” ATB Navoiy viloyati filiali boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

U 2021 yilning 2 fevral kunidan Karmana tumani hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan va ayni kunda ushbu lavozimda ishlab kelmoqda. Bu esa Saylov kodeksi talablariga zid.

Xususan, Saylov kodeksining 90-moddasiga ko‘ra, sudyalar, prokuratura organlarining va ijro etuvchi hokimiyat organlarining mansabdor shaxslari (bundan viloyat, tuman va shahar hokimlari mustasno) deputat etib saylangan taqdirda, egallab turgan lavozimidan bo‘shash to‘g‘risida ariza berish sharti bilan mahalliy kengashlar deputatligiga nomzod etib ro‘yxatga olinadi.

Demak, tuman hokimi o‘rinbosari (ijro etuvchi hokimiyat mansabdor shaxsi) bir vaqtning o‘zida mahalliy kengashga deputat bo‘la olmaydi. Qolaversa, bir tuman hokimining birinchi o‘rinbosari 60-70 kilometr uzoqlikdagi ikkinchi tumanda deputatlik faoliyatini olib borishi na mantiqqa, na aqlga, na uning jismoniy imkoniyatlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Saylov qonunchiligi talablari buzilayotgan bir paytda Tohir O‘rinov kengashning 2022 yil 8 apreldagi qarori bilan mahalliy budjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi qilib ham tasdiqlangan.

Bu viloyatda hokimlik mansabdor shaxsi deputatlik qilayotgan yagona holat emas. Viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Maqsud Nurullayev ham xalq deputatlari viloyat kengashi deputati hisoblanadi. U kotibiyat mudirligiga tayinlangunga qadar O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi Navoiy viloyat kengashi raisi bo‘lgan.  

Kun.uz ushbu holat bo‘yicha viloyat saylov komissiyasi kotibi Furqat Xolbo‘tayevdan izoh oldi. Uning ta’kidlashicha, haqiqatan bu saylov qonunchiligiga zid. Shu sababli hozirda har ikkala deputatning deputatlik vakolatini tugatib, qayta saylov o‘tkazish yoki lavozimini o‘zgartirish choralari ko‘rilmoqda.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top