O‘zbekiston | 18:26
1011
4 daqiqa o‘qiladi

“Tashabbusli budjet”da yangiliklar. Sherikchilik tartibi belgilandi

Endi mahalla ahli biror bir loyiha uchun zarur mablag‘ning yarmini to‘play qolsa, qolgan yarmini davlat to‘laydi. Bunday tartib budjet tashkilotlariga oid loyihalarga taalluqli emas. Shuningdek, aholi endi deputatlarga ham yuzlanishi mumkin: ularga loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topish vakolati berildi.

Kattaqo‘rg‘on shahridagi sport maktabining “Tashabbusli budjet” doirasida qurilgan yangi futbol maydonchasi / Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi

Senat Kengashining 17 dekabrdagi qarori bilan, “Tashabbusli budjet” jarayonlariga o‘zgarishlar kiritildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga asosan:

  • loyihalar g‘olib deb topilishi uchun minimal ovoz soni 50 ta etib belgilandi (avval 10 ta edi);
  • jihozlash loyihalari uchun eng yuqori qiymat BHMning 2 ming barobari etib belgilandi (avval 4 ming barobar edi).

Endilikda quyidagilarga “tanaffus” berish amaliyoti qo‘llanmaydi:

  • mahallalar soni 15 ta va undan kam bo‘lgan tuman(shahar)dagi mahallalarga;
  • “TOP-100”talikka kirgan eng yaxshi soliq to‘lovchi mahallalarga;
  • loyihani sheriklik asosida amalga oshirgan mahallalarga.

Bunda, loyiha kiritish imkoniyati cheklangan mahallalarga sherikchilik asosida loyihalarni amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Ovoz berish bosqichi yakunlangandan so‘ng 10 kun davomida qo‘shimcha g‘olib loyihalarni aniqlash bo‘yicha 5-bosqich o‘tkaziladi.

Qo‘shimcha g‘olib loyihalar quyidagi usulda aniqlanishi mumkin:

  • Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarining deputatlari – g‘olib bo‘lmagan loyihaga yetishmagan mablag‘ni tuman budjetining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan ajratish orqali;
  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari – g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan bitta loyihani tanlash orqali.

Sherikchilik asosida moliyalashtirish tartibi

Hujjat bilan, “Tashabbusli budjet” doirasida loyihalarni sherikchilik asosida birgalikda moliyalashtirish tartibi belgilandi.

Unga ko‘ra, 2026 yildan boshlab aholi tomonidan loyiha qiymatining 50 foiz qismi moliyalashtirilgan taqdirda, loyihalar avtomatik ravishda g‘olib deb topiladi va qolgan qismi davlat tomonidan moliyalashtiriladi.

Bunda, har bir mahallaga bir mavsumda faqat bitta loyihani sherikchilik asosida amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Sherikchilik loyihalari fuqarolar tomonidan loyiha shakllantirish bosqichida maxsus shartlarga rozilik bildirgan holda ilgari suriladi.

Loyiha qiymatining 50 foiziga teng mablag‘ni to‘play olmagan sherikchilik loyihalari an’anaviy ovoz berish bosqichiga o‘tkaziladi.

Budjet tashkilotlari bo‘yicha loyihalarni sherikchilik asosida moliyalashtirishga ruxsat berilmaydi.

Loyihalarni sherikchilik asosida amalga oshirish mutlaqo ixtiyoriy hisoblanadi.

Deputat tashabbusining mezonlari

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topishining tartibi belgilandi.

Bunda, deputatlar loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib sifatida e’lon qilishni o‘zlarining “Ochiq budjet” portalidagi shaxsiy sahifalari orqali amalga oshiradi.

Parlament deputati u yoki bu loyihani qo‘shimcha ravishda g‘olib deb topishi uchun bu loyiha:

  • u saylangan saylov okrugidagi hududda joylashgan bo‘lishi;
  • ovoz berish bosqichiga o‘tgan hamda kamida 50 ta ovoz to‘plagan bo‘lishi;
  • sherikchilik asosida moliyalashtirishda ishtirok etayotgan mahallaga tegishli loyiha bo‘lmasligi kerak.

Deputatlar tomonidan bir mahalladan ketma-ket ikki mavsumda loyihalarni tanlab olinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar tegishli mavsum doirasida deputatlar o‘z vakolatidan foydalanmasa, bu kelgusi mavsum(lar)da ushbu vakolatdan foydalanish huquqini bermaydi.

Mavzuga oid