14:48 / 22.08.2018
47024

Prokuratura IIBB xodimlarining poytaxtdagi kafelardan biridagi qo‘pol xatti-harakatlarini tekshirmoqda

Foto: Videodan kadr

Toshkentda kafe ishini tekshirish chog‘ida o‘z vakolatini oshirib yuborgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi boshlandi.

«Yaqinda xizmat olib borish paytida Toshkentdagi kafelardan birida xodimlarimizning qo‘pol harakatlariga oid holatlarni aniqladik. Bu holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlandi, har bir xodimning harakati obektiv baholanadi va tegishli choralar ko‘riladi», - deya aytib o‘tdi ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev. 

«Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi oldindan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda, uning natijalariga ko‘ra voqea ishtirokchilarining harakatlariga huquqiy baho beriladi», - deydi Toshkent shahar prokurori Sherzod Obloqulov. 

Biroq, yuqorida zikr etilgan mansabdor shaxslar voqea aynan qayerda sodir bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda videolavha tarqalgani, unda ichki ishlar organlari xodimlari tekshiruv o‘tkazayotgani tasvirlangani xabar qilingandi.

Videodan ko‘rish mumkinki, niqobli xodimlardan biri fuqarolardan birining bo‘yni yoki sochidan ushlab, uni tizzaga cho‘ktirgan. Boshqa bir niqobdagi tezkor xodim yong‘in xavfsizligining barcha qoidalarini buzgan holda kalyanni oyog‘ini bilan tepib tashlagan. Shu bilan birga, bir kishini yerga tushirib, oyoq bilan tepishgan. Videodan ko‘rish mumkinki, unga nisbatan tayoq (dubinka) ham qo‘llangan.

Bu aynan qayerda yuz bergani noma'lum, biroq videoda voqealar umumiy ovqatlanish joylarida kuzatilganini ko‘rish mumkin.

Top