18:15 / 05.03.2021
15275

Aziz Ikromov qizil chiroqdan ikkinchi marta o‘tgan haydovchilarni jinoiy javobgarlikka tortishni taklif qildi

Vazir o‘rinbosari yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashda Belarus qonunchiligini namuna qilib keltirdi.

4 mart kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasida ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklar oldini olishga oid 2020 yilgi axboroti dastlabki tarzda muhokama qilindi. Unda ishtirok etgan ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Aziz Ikromov yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha bir qator takliflarini bildirdi.

Vazir o‘rinbosari bu masalada Belarus tajribasidan o‘rnak olish mumkinligini aytib o‘tdi.

«Belarusda chorrahaning qizil chirog‘idan o‘tib ketish huquqbuzarligini takroran sodir etgan haydovchi jinoiy javobgarlikka tortiladi. Spirtli ichimliklar ta'sirida avtomobil boshqarish huquqbuzarligi takroran sodir etilganda esa ushbu avtomobil musodara qilinadi», dedi vazir o‘rinbosari.

Aziz Ikromov ushbu huquqbuzarliklar inson hayotiga xavf tug‘dirishini inobatga olib, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash maqsadida ushbu qoidalarni O‘zbekiston qonunchiligiga ham kiritishni taklif etdi.

Yig‘ilishga raislik qilgan Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi, senator Qutbiddin Burxonov bu masalani yig‘ilishda emas, Oliy Majlisga qonun loyihasi sifatida kiritilib, Senatga qonun sifatida yetib kelgan taqdirda ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

  • Ma'lumot uchun, amaldagi O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining svetoforning qizil chirog‘iga yoki yo‘l harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmasdan o‘tishi birinchi marta sodir etilganda BHMning 2 baravari miqdorida, bir yil davomida takroran sodir etilganda BHMning 5 baravari miqdorida jarima, bir yil davomida uchinchi marta sodir etilganida esa transport vositasini boshqarish huquqidan 1 yil muddatga mahrum etish bilan jazolanadi. 
  • Transport vositasini mast holda boshqargan haydovchilar 1,5 yildan 3 yilgacha muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi va 25 BHM (6,1 mln so‘m) jarimaga tortiladi. Bu huquqbuzarlikni transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxs sodir etsa, 40 BHM (9,8 mln so‘m) jarima solinadi yoki 15 sutkaga ma'muriy qamoqqa olinadi.
  • Mast kishiga transport vositasini boshqarishni topshirganlik uchun ham javobgarlik bor. Bunday huquqbuzarlik 2 yildan 3 yilgacha transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish va 25 BHM jarimaga sabab bo‘ladi.
Top