15:11 / 26.08.2021
80875

«Ularning tili boshqa, dili boshqa»: Ahmad Mas'ud katta intervyu berdi

Foto: Mohammad Ismail / Reuters

«Shimoliy alyans» rahbari bo‘lgan Ahmad Shoh Mas'udning o‘g‘li, ayni vaqtda Panjsher viloyatida toliblarga qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgan kuchlar yetakchisi Ahmad Mas'ud Rossiyaning RBK nashriga intervyu berdi. Ahmad Mas'ud o‘z ittifoqchilari kimligi hamda Afg‘oniston kelajagi qanday bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi.

«Biz muloqotga tayyormiz»

— Ayta olasizmi, siz hozir qayerdasiz? Panjsherdami?

— Ha, men Panjsherdagi uyimdaman.

— Siz bilan qancha odam bor, jangchilaringiz qancha?

— Minglab odamlar kurashishni istaydi va ular jangga tayyor. Aynan qancha odamligini aniq aytish qiyin, ammo butun vodiy jangga tayyor.

— Vaziyat qanday? Toliblar bilan janglar yoki qandaydir qurolli to‘qnashuvlar ketyaptimi?

— Hozircha yo‘q. Biz o‘z kuchlarimizni tiyib turibmiz. Ikki tomon ham muzokaralar boshlashga intilmoqda, ammo shu bilan birga, har ehtimolga qarshi harbiy variantga ham tayyor.

Hozirda vaziyat shunday. Biz tinchlik jarayoni boshlanishiga umid qilamiz, agar muzokaralar samarali bo‘lsa, biz ularga imkon berishimiz kerak. Biz gaplashishga tayyormiz. Biz tinchlik uchun imkon berishga tayyormiz. Umid qilamizki, boshqa mamlakatlar — qo‘shnilarimiz, hududdagi derjavalar vaziyatga aralashadi hamda «Tolibon»ga bosim o‘tkazib, ularni muzokaralarga undaydi. Chunki men tinchlik muzokaralari — yagona to‘g‘ri yo‘l ekaniga ishonaman. Ammo shu bilan birga, biz o‘zimizni himoya qilishga, qarshilik ko‘rsatishga tayyormiz, Panjsher vodiysida bir qancha harbiy manyovrlar va tayyorgarlik ishlari olib borilgan (Asia-Plus’ning Afg‘onistondagi manbasi ma'lum qilishicha, Panjsher ichkarisida tayyorgarlik ishlari olib borilgan va barcha tog‘ cho‘qqilariga, yo‘llarga, Panjsher yaqinidagi Gulbahor tumanida qoyalarga tanklar va boshqa jangovar texnika joylashtirilgan bo‘lib, ular «Tolibon» hujum qilgan taqdirda, ularni yanchib tashlashga tayyor).

— Boshqa tomon ham Panjsherga bostirib kirishga tayyorlanmoqda yoki qandaydir hodisalar bo‘lib ulgurdimi?

— Hozircha ular faqat tayyorlanishmoqda va yoki ular tayyorlanayotgani haqida ma'lumotlar bor, ammo hech qanday harakatlanish sodir bo‘lmagan.

— Siz aytmoqdasizki, tinchlik muzokaralariga tayyorsiz. «Tolibon» ham bunga tayyormi?

— Gap shundaki, ular bir gapirayotgani boshqa, qilayotgani boshqa. Ular muzokaralarga tayyor ekanini aytishmoqda, ochig‘ini aytganda, bu bizni ruhlantiradi. Biz umid qilamizki, ular o‘z so‘zlarida turishadi. Biz ham muzokaralarga tayyormiz, chunki Afg‘onistonda so‘nggi 20 yilda, umuman, so‘nggi ellik yillikda yetarlicha urush bo‘ldi. Shunday ekan, bizga tinchlik kerak va buni o‘zaro gaplashishimiz kerak. Ammo ularning hujumga tayyorlanayotgani, bizni tinchlik bo‘lishiga gumonlantirmoqda.

— Vaziyat keskinlashuvi va toliblar bilan to‘qnashuv ro‘y berishi ehtimoli qanchalik?

— Men aytgan bo‘lardimki — ellikka ellik. Ehtimol, tinchlik muzokaralari natija berar, ammo harbiy qarama-qarshilik ro‘y berishi ham mumkin.

«Meni hech kim hech qayerga taklif qilmadi»

— G‘arb nashrlari manbalari xabariga ko‘ra, toliblar sizga mamlakatni boshqaruvchi kengashga kirishni taklif etishgan. Bu to‘g‘rimi?

— Hozircha hech narsa tasdiqlanmagan, bular faqat mish-mish, meni hech qayerga taklif etishmadi. Ammo mening qarshiligim, mening kurashim va men yo‘llaydigan murojaat shundaki, o‘zim uchun joy topish yetarli emas, Afg‘oniston uchun yechim topish kerak. Chunki «Tolibon» oxir-oqibat o‘z hukumatini shakllantirsa, biz esa kurashdan voz kechsak ham — bu Afg‘oniston uchun yechim bo‘lmaydi.

Biz o‘tmishdan kelib chiqib shuni tushuntirishni istaymizki, boshqalarni inkor qilgan holda hukumat shakllantirib bo‘lmaydi — bu ish bermaydi. Afg‘onistonga barcha manfaatdor tomonlar ishtirokidagi hukumat kerak va bu oldinga harakatlanishning yagona yo‘lidir. Biz qilayotgan ishlardan maqsad Afg‘onistondagi holatni ko‘rsatib, yechim qanday bo‘lishi va qanday qilib oldinga harakatlanish mumkinligi haqida gapirmoqchimiz.

Asosiysi — inklyuzivlik. Agar hukumat barchaning ishtirokida tuzilsa, biz kelajakka umid bilan qarashimiz mumkin. Agar bunday bo‘lib chiqmasa, bu davlat qurishga urinishdagi navbatdagi muvaffaqiyatsizlikka aylanadi. Afg‘oniston yana muammolar o‘rasiga tushib qoladi, muammo yangi muammolarni tug‘diraveradi. Biz Afg‘onistonni qutqarmoqchimiz, biz afg‘onlarga eski xatolarni yana va yana takrorlamaslik uchun yordam ko‘rsatmoqchimiz. Afg‘onistonda davlat qurish mumkin, biz agar hamma o‘zini hukumat tuzilishidagi ishtirokini ko‘radigan bo‘lsa, bu ishning imkoni borligini tushuntirmoqchimiz.

— «Tolibon» yetakchilari bilan qandaydir aloqa o‘rnatildimi?

— Ha, men ular bilan bir necha bor gaplashdim. Men ularga qanday yechim ko‘rayotganimni aytdim.

— Aynan kim bilan?

— Men rahbariyat bilan, harbiy va siyosiy rahbariyat vakillari bilan gaplashdim.

— Siz «Tolibon» rahbarlari, shu jumladan harbiy rahbariyat bilan gaplashganingizni aytmoqdasiz. Siz Abdulg‘ani Birodar bilan ham gaplashdingizmi?

— Hozircha yo‘q. Ammo bu muloqot tez orada ro‘y berishi mumkin.

— Taklif qilishsa, kengashga kirasizmi?

— Men o‘z odamlarim bilan gaplashishim kerak, chunki buni men hal qilmayman. Men bu ishlarning barchasini o‘zim uchun qilmayapman.

Kichik Ahmad Mas'ud 1989 yilda tug‘ilgan. U otasi, Shimoliy alyans rahbari Ahmad Shoh Mas'ud jurnalistlar qiyofasida qarorgohga kelgan ikki jangari tomonidan o‘ldirilganida atigi 12 yoshda bo‘lgan. Bu hujum «Al-Qoida»ning 2001 yil 11 sentyabrda AQShda amalga oshirgan teraktlaridan ikki kun oldin sodir bo‘lgan. 3 mingdan ortiq inson hayotiga zomin bo‘lib, Amerika tarixidagi eng yirik teraktga aylangan bu voqealardan keyin AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistonga bostirib kirgan, bu mamlakatni 1996 yildan buyon boshqarib kelgan «Tolibon» «Al-Qoida» rahbarlariga boshpana bergandi. 20 yil o‘tib AQSh va NATO Afg‘onistondagi kampaniyani yakunlab, harbiylarni Afg‘onistondan olib chiqdi, natijada mamlakatning deyarli butun hududi toliblar qo‘liga o‘tdi.

Ahmad Mas'ud Erondagi maktabda o‘qigan. Oliy ta'limni Buyuk Britaniyada olgan. Avvaliga bir yil Sandherstdagi Qirollik harbiy akademiyasida o‘qigan, keyin King`s College’da harbiy ishlarni o‘rgangan, keyin esa London shahar universitetida (City, University of London) xalqaro munosabatlarni o‘rgangan.

Afg‘onistonga 2016 yilda qaytgan, 2019 yilda esa rasman otasining merosxo‘riga aylangan. Shu munosabat bilan Panjsher vodiysida tantanali marosim o‘tkazilgan. 

Foto: Mohammad Ismail / Reuters

«Moskva yordam berishi mumkin»

— Rossiya rasmiylaridan kim bilandir aloqaga chiqdingizmi?

— Hozircha yo‘q. Ammo men umid qilamanki, bunga imkon bo‘ladi, chunki Rossiyada Afg‘onistondagi xavfsizlik holatidan, siyosiy vaziyatdan xavotirlar bor. Umid qilamanki, ular siyosiy aralashuvga borishadi va zo‘ravonlik avj olishining oldini olishga yordam berishadi. Ular ham bundan manfaatdor, chunki bu yerda ekstremistik mafkura yoyilsa, u butun Markaziy Osiyo va Rossiya janubida ham alanga oladi, natijada ekstremizm kuchayadi.

«Tolibon» Kobulni olganida dunyo bo‘ylab ko‘plab guruhlar ularni tabriklaganini ko‘rdik va endi ular o‘z a'zolariga buni namuna sifatida ko‘rsatib, ular ham shunday natijalarga erishishlari mumkinligini aytishmoqda. Shunday ekan, bularning barchasi eskalatsiyaga, Markaziy Osiyoga kirishni yoki Rossiya janubidagi vaziyatni beqarorlashtirishni istovchi yangidan yangi terrorchilar paydo bo‘lishiga olib keladi. Ishonchim komilki, vaziyatga aralashish va bu yerda inklyuziv hukumat tuzishga ko‘maklashish — ularning manfaatlari doirasidagi ish.

— Rossiya faolroq bo‘lishi kerak deganda nimani nazarda tutmoqdasiz?

— Men o‘ylaymanki, Moskva biz va «Tolibon» o‘rtasida favqulodda tinchlik muzokaralari o‘tkazish va ularni bunga ko‘ndirishda yordam berishi mumkin. Bu ularning qo‘lidan keladigan yordam.

«Biz izolyatsiyada yashashni istamaymiz»

— Nima uchun «Tolibon»ning boshqaruvi Afg‘oniston uchun to‘g‘ri kelmaydi?

— Biz Afg‘oniston mintaqaviy derjavalar va dunyoning boshqa davlatlari tan olmaydigan davlat bo‘lishini xohlamaymiz. Biz Afg‘oniston izolyatsiyada qolishini va bundan Afg‘oniston fuqarolari jabrlanishini xohlamaymiz. Biz Afg‘onistonda ham, uning tashqarisida ham bir-birimiz bilan do‘st bo‘lib yashash imkonini bermaydigan hukumatni xohlamaymiz. Biz qarshilik ko‘rsatishimiz va yomon ssenariylar ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymasligimiz uchun kuch beradigan qator savollar va xavotirlar bor.

Afsuski, «Tolibon»ning harakatlari ular inklyuzivlik, tolerantlik, inson huquqlari, ayollar huquqlari tarafdori emasligini, ular demokratik qadriyatlarga rozi emasligini ko‘rsatmoqda. Bular esa xalqaro hamjamiyat hukumatni tan olishi uchun muhim jihatlardir. Bu esa biz uchun muammo va biz buni qabul qila olmaymiz. Biz izolyatsiyada yashashni istamaymiz, biz mintaqa va dunyo bilan yaxshi munosabatlar o‘rnata olmaydigan hukumatni qabul qila olmaymiz. Bundan tashqari, biz o‘z xalqining huquqlarini inkor etadigan hukumatni qabul qilishimiz mumkin emas.

— Inson huquqlariga rioya etilishi nuqtayi nazaridan, 1990-yillar bilan solishtirganda «Tolibon» o‘zgarganmi?

— Ular o‘zlarining o‘zgarganliklari haqida aytishga urinishmoqda. Ammo, afsuski, aslida bundayligini ko‘rsatuvchi dalillar yo‘q. Qandahordan G‘azni va Kobulgacha vaziyat bir xil (so‘nggi hafta davomida Afg‘oniston bo‘ylab musiqa eshitishga qo‘yilgan taqiqlar, tinch namoyishchilarning o‘qqa tutilishi va G‘ani hukumati davridagi harbiy boshliqlarning qatl qilinayotgani haqida xabarlar kelmoqda — RBK). Ular o‘zgarmaganini isbotlovchi bir olam dalil bor. Ammo biz hamon umidvormiz. Biz ular faqat tilda emas, amalda ham o‘zgarganliklarini namoyish etishlarini istaymiz. Masalan, biz bilan muzokaralar o‘tkazishni. Ular barcha manfaatdor tomonlar ishtirokidagi hukumat xohlayotganliklarini, Afg‘onistonning kelgusi kartinasining to‘liq emas, bir qismi bo‘lishni xohlashlarini aytishini.

Foto: Reuters

— O‘zbeklar va Abdulrashid Do‘stum oilasi sizga qo‘shilgani haqidagi gaplar to‘g‘rimi?

— Bizning qarshilik harakatimiz oldiga qo‘yilgan vazifa faqat Panjsherni himoya qilish emas. Biz butun Afg‘oniston va Panjsherni ifoda etamiz. Biz mamlakat nomidan qarshilik ko‘rsatamiz. Hozirda, afsuski, tinchlik, hududiy yaxlitlik, suverenitet, mustaqillik taqdiri boshqa mamlakatlar qo‘lida. Men so‘nggi kunlarda Do‘stum bilan va boshqa yetakchilar bilan gaplashdim, ular har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorliklarini aytib juda ruhlantirishdi — ular har qanday holatda ham men bilan ekanliklarini izhor etishdi. Agar tinchlik muzokaralari boshlansa — bu yetakchilar va  «Tolibon» o‘rtasida ham tinchlik bo‘lishi kerak, agar urush bo‘lsa — ular ham urishadi.

— Siz Tojikistondan yoki boshqa xorijiy davlatdan yordam olyapsizmi?

— Yo‘q. Biz qandaydir yordam yoki qurol olganimiz haqida ko‘p mish-mishlar yuribdi. Ammo afsuski, bugungi kunda biror davlat afg‘on qarshilik harakatiga yordam ko‘rsatmadi. Bizda bori - shu vaqtgacha Afg‘oniston xalqida bo‘lganlari.

— Siz o‘zingiz so‘nggi kunlarda muloqot qilgan muxolifat yetakchilari haqida ayta olasizmi?

— Albatta, men marshal Abdulrashid Do‘stum, Ato Muhammad Nur, Ismoil Xon, Abdulla Rasul Sayyaf, Hazrat Ali va boshqalar bilan — ayni vaqtda Kobulda uy qamog‘idagi kabi holatda bo‘lgan Hamid Karzay, Abdulla Abdulla bilan gaplashdim. Men juda ko‘pchilik bilan muloqot qildim.

  • Abdulrashid Do‘stum — afg‘on marshali, etnik o‘zbek, ushbu etnik ozchilikning mamlakatdagi yetakchisi. «Shimoliy alyans»ning sobiq qo‘mondonlaridan biri. Hamid Karzay prezidentligi davrida, 2005 yildan 2008 yilga qadar Afg‘oniston qurolli kuchlari qo‘mondonligi bosh shtabi boshlig‘i bo‘lgan. Shundan keyin bir yillik iste'foga chiqqan, ammo tezda qaytgan. 2014 yilda, Ashraf G‘ani prezidentligi davrida mamlakat vitse-prezidentligiga saylangan. Joriy yilning avgust oyi o‘rtalarida toliblarning shiddatli hujumlari ostida Mozori Sharif himoyasini tashlab, O‘zbekiston hududiga chekingan.
  • Ato Muhammad Nur — afg‘on tojiklari yetakchisi, mamlakatning eng badavlat kishilaridan biri. Sovetlar bosqini vaqtida mujohidlar safida qarshilik harakatida ishtirok etgan. Keyin «Shimoliy alyans»ning dala qo‘mondoniga aylangan. 2004 yildan 2018 yilgacha Balx viloyati gubernatori lavozimini egallagan. Xuddi Do‘stum kabi 15 avgustga o‘tar kechasi toliblarning hujumi vaqtida O‘zbekistonga qochib o‘tgan.
  • Ismoil Xon — afg‘on mujohidlarining sobiq dala qo‘mondoni. «Shimoliy alyans»ning eng taniqli yetakchilaridan biri. 2001-2004 yillarda Hirot viloyatida gubernatorlik qilgan. Keyin 2013 yilga qadar mamlakat suv va energetika vaziri bo‘lgan. 12 avgust kuni Hirot taslim bo‘lgach, Ismoil Xon toliblar tomoniga o‘tgani aytiladi.
  • Abdulla Rasul Sayyaf — u ham mujohidlarning dala qo‘mondonlaridan biri bo‘lgan. Sovet harbiylari Afg‘onistondan olib chiqilgach, «Shimoliy alyans» safiga qo‘shilgan. 1996 yilda Usama Bin Lodinga Sudandan Afg‘onistonga kelishga yordam bergan, shu tufayli uni «Al-Qoida»ni mamlakatga olib kirgan shaxs deb hisoblashadi.
  • Hazrat Ali — «Shimoliy alyans»ning sobiq dala qo‘mondoni.
  • Hamid Karzay — 2001 yildan 2004 yilga qadar Afg‘oniston prezidenti vazifasini bajaruvchi. 2014 yilgacha mamlakatning saylangan prezidenti.
  • Abdulla Abdulla — kasbi shifokor. Dastlab Panjsher darasida mujohidlarning bosh shifokori sifatida faoliyat ko‘rsatgan, keyin «Shimoli Alyans» nazorat qilgan hududlarda sog‘liqni saqlash boshqarmasini boshqargan. 2001-2006 yillarda Afg‘oniston TIV rahbari bo‘lgan. 2014 yildan 2020 yilga qadar bosh vazirlik qilgan.

— Sizningcha, G‘ani rejimi nega bu qadar tez quladi?

— Sabablar ko‘p, bu kutilgan edi. Men hukumatning o‘zim tanish bo‘lgan har bir vakili bilan gaplashdim, barcha xorijlik vakillar bilan ham gaplashdim — elchilardan tortib amerikalik generallargacha va elchi Xalilzod [AQSh prezidentining tinchlik muzokaralaridagi maxsus vakili] bilan ham Afg‘onistonning qurilishi, mamlakatda qanday siyosiy muammolar borligi xususida fikr almashdim.

Foto: Mohammad Ismail / Reuters

Men amerikaliklar olib ketilgach, Afg‘oniston bir necha oy emas, bir necha hafta ham turib bera olmasligini aytgandim. Ularning baholariga ko‘ra, hukumat ikki yilgacha saqlanib turishi kerak edi. Hatto men ham haq bo‘lib chiqmadim. Bu shunchalik tez sodir bo‘lishining sabablari — korrupsiya, xudbinlik siyosati hamda ular va xalq o‘rtasidagi ulkan, vayronkor jarlik. Yana bitta sabab shundan iboratki, afg‘on armiyasi Amerikaning shartnoma asosidagi askarlari va uning ko‘magiga shunchalik uzoq vaqt davomida bog‘liq bo‘lib kelganki, busiz u faoliyat yurita olmay qolgan. Ularning (amerikalik harbiylar — RBK) tez ketishi qo‘llab-quvvatlovda, ta'minotda va qo‘mondonlikda vakuum hosil qilgan — va armiyada sarosimalik boshlangan, jangovar ruh tushib ketgan va bularning barchasi shunday tartibsizliklarga olib keldi.

— Toliblar boshqaruvidagi davlatda yashashni istamaydigan lekin keta olmayotganlarni qanday himoya qilish mumkin?

— Panjsher vodiysi — xavfsiz hudud. Xalqaro hamjamiyat, mintaqaviy derjavalar, shu jumladan Rossiya «Tolibon»ga bosim o‘tkazib, Afg‘onistonni tark etolmaganlar uchun bu hududni bufer zonaga aylantirishi mumkin. Bu tinchlik muzokaralari kerakli natijaga olib kelmaguncha shunday odamlar qolishi mumkin bo‘lgan erkin hudud bo‘lib qolishi kerak. Ular bu yerda tinchlikda va hamjihat bo‘lib yashashlari mumkin. Bu bizda mavjud variantlardan biri. Menimcha, «Tolibon» odamlar ulardan nega qochayotganini anglashi kerak. Ishonamanki, bu «Tolibon»ni uyg‘otuvchi signal bo‘lishi kerak. Ular (toliblar — RBK) o‘zgarishi kerak, odamlar qochishni istamaydigan hukumat tuzishlari kerakligini tushunishlari kerak. Odamlarning qochishi ular juda qo‘rqayotganini va hozirgi vaziyat ularga yoqmayotganini ko‘rsatadi.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top