BBC afğon xizmati Afğonistonda internet uzilişi böyiça katta suriştiruv e’lon qildi. Bu voqea 2025 yil sentabr oyida sodir bölgan va atigi bir neça kun davom etgan. Rasmiy versiyada gap texnik nosozlik bilan izohlangan. Jurnalistlar aniqlaşiça, aslida buning ortida hukmron «Tolibon» harakatining «radikallar» va «pragmatiklar»ga bölinişi turibdi – va bu holatda «pragmatiklar»ning qöli baland kelgan.
2021 yil yozida AQŞ qöşinlari Afğonistondan çiqib ketib, «Tolibon» mamlakatdagi hokimiyatni öz qöliga olganidan beri davlat rahbari mulla Haybatulloh Oxundzoda hisoblanadi. U «oliy rahnamo» (puştu tilida «maşar», dariy tilida «rahbar») va «amir ul-möminin» (arabça «möminlar boşliği») unvonlariga ega. 1990-yillar örtalarida «Tolibon» ilk bor hokimiyatga kelganida u oliy hakam bölgan, 2016 yilda harakatning avvalgi rahbari mulla Axtar Mansur Amerika raketa zarbasi natijasida halok bölganidan keyin uning örnini egallagan.
2017 yilda Oxundzodaning öğli xudkuşlik hujumini amalga oşiradi: u Afğoniston janubidagi Hilmand viloyatida hukumat kuçlari blokpostiga portlovçi moddalar bilan töldirilgan avtomaşinani haydab keladi. Oxundzodaning şaxsan özi öğlini bu operatsiyaga köndirgani aytiladi.

Wakil Kohsar / AFP / Scanpix / LETA
Toliblar hokimiyatga qaytganidan keyyn Oxundzoda Afğoniston poytaxti Kobulga köçib ötmasdan, mamlakat janubidagi Qandahor şahrida qoladi. «Tolibon» harakati aynan şu şaharda şakllangan, bu şahar hamon harakatning asosiy markazi va tayançi bölib qolmoqda. Oxundzoda oliy rahnamo sifatida rasman heç kim oldida mas’ul emas va uning buyruqlari muhokama qilinmaydi. U juda kamdan kam hollarda omma oldida köriniş beradi. Uning faqat ikkita fotosurati va bir neçta audioyozuvlari ma’lum – asosan Qandahor masjidlaridagi va’zlari.
Davlatning kundalik boşqaruvi uçun boş vazir Hasan Oxund mas’ul – keksa yoşli mulla, «Tolibon» asosçilaridan biri, birinçi rejim davrida taşqi işlar vaziri bölgan.
2021 yildan beri «Tolibon» hukumatida ham şartli ravişda «Qandahor» va «Kobul» deb nomlangan ikkita fraksiya şakllangan. «Qandahorliklar», jumladan, boş vazir Oxund ham Oxundzodaga ergaşadi. Bular asosan ilohiyotçilar va musulmon huquqşunoslari bölib, ular uçun şariat me’yorlariga sözma-söz va imkon qadar boriça qat’iy rioya qiliş hamda Afğonistonni taşqi dunyodan töliq izolyatsiya qilişga intiliş xosdir.



















