19:10 / 08.01.2020
0
21394

Bolalarni zaharlamoqchi bo‘lgan ayol 15 sutkaga qamaldi

Qilmish-qidirmish, deydilar. Bekobodda o‘zining g‘arazli niyatini amalga oshirish uchun bolalarni zaharlamoqchi bo‘lgan Sultonova Feruza 15 kunga qamaldi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 21 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda shaxsi noma'lum ikki ayolning o‘zaro suhbati yozilgan audioyozuv tarqaldi va keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda suhbatdoshlar Dilorom ismli bog‘cha mudirasini ishdan olish bo‘yicha g‘arazli niyatlarini bolalarni ommaviy zaharlash orqali amalga oshirishni muhokama qiladi.

«Bolalarni kuchli «otravleniye» qiladigan biron nima topib, go‘sht ichiga solish kerak. Bilyapsizmi, Bekobod shahrida tinimsiz shunaqa chiqyapti, [natijada] mudirlarni ishdan olib tashlayapti-ku. Yuz foiz ketadi mudirasi ham, zavxozi ham, o‘zi ham... Hammasi javobgarlikka tortiladi. Biror-bir vrach tanishingiz yo‘qmi?», – deydi ayollardan yoshrog‘i.

U suhbatdoshining qizi aptekada ishlashini aytar ekan, qizining maslahatini olishga ko‘ndirishga urinadi.

Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati ayni telefon suhbati ishtirokchilaridan biri Sojida Karimqulova bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni Kun.uz’ga taqdim etdi.

Unda bolalarni zaharlash rejasi insoniy axloq tamoyillariga umuman to‘g‘ri kelmasligi ta'kidlanib, shov-shuvli telefon suhbati qanday bo‘lganiga doir tafsilotlar e'lon qilingan.

Toshkent viloyati, Bekobod tumani, Mirzo Bobur mahallasida istiqomat qiluvchi S.Karimqulovaning so‘zlariga ko‘ra, u jiyanini bog‘chaga qayta ishga tiklash uchun sa'y-harakatlar qilib yurgan vaqtida Feruza Sultonova degan ayol bilan ko‘rishib, tanishib qolgan.

«U bog‘cha mudirasi va boshqarma boshlig‘idan norozi ekanini, chunki uni nohaqdan ishdan bo‘shatib yuborganini aytdi. Ikkisi meni ishdan haydagan, dedi. Men ham jiyanimni ikki oydan beri ishga joylashtira olmayotganimdan xafaligimni bildirdim. Telefon raqamimni oldi. Ikki kundan keyin, bog‘cha bolalarini zaharlab, maqsadga yetishishni, ular ishdan ketishi, u ishga tiklanishi, jiyanim ishga kirishini aytib, qo‘ng‘iroq qildi», - deya tafsilotlari bilan o‘rtoqlashdi S.Karimqulova.

Sojida opaning aytishicha, u Feruzaning taklifidan dovdirab qolgan, biroq suhbatini buzmasdan tinglagan.

«Mening nabiralarim ham o‘sha bog‘chaga borar edi. Qanday bu ishga rozi bo‘lishim mumkin, axir?! Feruzaning bunday niyatini bilgach, u boshqa bog‘chalarda ham shunday kor-hol qilmasin, buning oldini olish kerak, degan o‘y bilan audioyozuvni tuman hokimligiga olib bordim», - deb so‘zlaydi Sojida opa.

Uning so‘zlab berishicha, internet tarmoqlari orqali tarqalgan audioni tinglaganlar undan va suhbatdoshidan ham nafratlanishgan, turli munosabatlar bildirilgan. Sojida opa suhbatni yozib olishdan va suhbat mobaynida Feruza takliflariga e'tiroz bildirmaslikdan maqsadi bu jinoiy niyatning keng ko‘lamda tus olishiga yo‘l qo‘ymaslik, yana boshqalar bilan shunday reja tuzishining oldini olish bo‘lganini insonlar tushunmaganidan aziyat chekayotganini ta'kidladi.

«Meni va mening xatti-harakatlarimni noto‘g‘ri tushunmanglar. Men ko‘plab farzandlarimizning ommaviy zaharlanishining oldini olishga hissamni qo‘shdim, iltimos qilaman, men haqimda noto‘g‘ri gapirmanglar», - deya internet foydalanuvchilariga murojaat qiladi Sojida opa.

Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, o‘zining g‘arazli niyatini amalga oshirish uchun bolalarni zaharlamoqchi bo‘lgan Feruza ismli ayol ushlangan. 2019 yilning 22 dekabr kuni Bekobod tumani ma'muriy sudi tomonidan 1989 yilda tug‘ilgan, muqaddam Bekobod tumani MTT hisobchisi bo‘lib ishlagan, Bekobod tumani “Beshyuz” MFYda yashovchi Sultonova Feruza O‘zR MJKning tegishli moddasi bilan aybli deb topilib, 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan. Sultonova Feruza sud zalidan qamoqqa olinib, ma'muriy qamoq jazosi shu kunning o‘zidan hisoblangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top