20:28 / 26.04.2020
156362

34 yillik sir. Chernobil fojiasi qanday sodir bo‘lgandi?

Bundan roppa-rosa 34 yil avval insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan mash’um voqea sodir bo‘lgandi. Bu voqea shunchalik sirliki, uning aniq tafsilotlari hozirgacha mavhum...

Foto: BBC

1986 yilning 26 aprel kuni Chernobildagi atom elektrostansiyasi portlab, oqibatda ko‘plab odamlar vafot etgan va undan ham ko‘proq odam mayib-majruh bo‘lib qolgandi. Hozir Chernobil hududida anchadan buyon o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lmoqda. Shu bahonada Chernobildagi mash’um voqeani yodga olsak.

Chernobil AES Ukraina SSR hududida, Kiyevdan 110 kilometr, Belarus bilan chegaradan 16 kilometr, Chernobil shahridan 15 kilometr uzoqlikdagi Dneprning irmog‘i bo‘lgan Pripyat daryosi yoqasida joylashgan edi. Unga eng yaqin aholi manzili shu AES ishchilari yashaydigan Pripyat shaharchasi bo‘lgan. 1986 yilning aprel oyida Chernobil AESda jami to‘rtta energoblok ishlab turgan, beshinchi energoblok qurilishi 80 foizga yakunlangan hamda oltinchi energoblokning chuquri kavlanayotgan edi.

Chernobil AES qurilishi 1971 yilda boshlangan va 1977 yil 25 sentabrda ishga tushirilgan. Bu AES o‘sha paytda Ukraina SSRda iste’mol qilinayotgan elektr energiyasining 10 foizini ishlab chiqargan. AES 2000 yilda yopilgan.

Falokat

1986 yil 26 aprel kuni soat 01:23da Chernobil AESning 4-energoblogida portlash sodir bo‘ladi va reaktor butunlay ishdan chiqadi. Portlash oqibatida energoblokning bir qismi qulab tushadi va bosh operator halok bo‘ladi. AESdagi avariya ortidan havoga uran izotoplari, plutoniy, yod-131 (ta’siri 8 kun), seziy-134 (ta’siri 2 yil), seziy-137 (ta’siri 30 yil), stronsiy-90 (ta’siri 28 yil) tarqab ketadi.

Aslida portlash yuz bergan 4-energoblok 25 aprel kuni ta’mirlash ishlari olib borish uchun to‘xtatilishi kerak bo‘lgan, ammo noma’lum sabablarga ko‘ra negadir ta’mirlashni ortga surishadi. Chernobil avariyasi haqida rasmiy e’lon qilingan sabablardan tashqari yana ko‘plab rasmiy bo‘lmagan sabablar keltirilgan.

SSSR davlat komissiyasi surishtiruvlar natijasida o‘z xulosalarini e’lon qilgan va unda asosan AES rahbariyati aybdor sifatida ko‘rsatilgan. Shuningdek, sovet olimi Valeriy Legasov boshchilik qilgan MAGATE (Xalqaro atom energetikasi tashkiloti) tomonidan yuborilgan guruh ham SSSR davlat komissiyasining xulosasini ma’qullagan. Xulosaga ko‘ra, AES rahbariyati xavfsizlik texnikasi qoidalariga mutlaqo amal qilmagan va oqibatda falokat yuz bergan.

SSSR tarqalganidan keyingi xulosalar

1991 yilda SSSR davlat atom nazorati komissiyasi ishni qaytadan ko‘rib chiqdi va AES rahbariyati ayblangan oldingi xulosalarni rad etib, Chernobildagi falokatga reaktor energoblogi konstruksiyasidagi kamchiliklar sabab bo‘lgani haqida xulosa berdi.

1993 yilda INSAG (INSAG; International Nuclear Safety Advisory Group – xalqaro yadroviy xavfsizlik tashkiloti) qo‘shimcha hisobotlarni ma’lum qiladi. Unda avval e’lon qilingan birinchi hisobot xato bo‘lgani, 1986 yilda ishni to‘laqonli o‘rganishning iloji bo‘lmagani uchun asosan SSSR davlat atom nazorati qo‘mitasi xulosasiga tayanilgani, SSSR tarqagandan so‘ng falokat bo‘lgan obektga to‘laqonli kirib falokat sabablarini o‘rganish imkoniyati bo‘lgani yozilgan edi.

Shuningdek, hisobotda reaktor loyihasida xatolar bo‘lgani va energoblok avval boshdanoq noto‘g‘ri konstruksiya bilan qurilgani keltirilgan. Shundan so‘ng INSAG tomonidan yana bir necha marta Chernobil falokati bo‘yicha surishtiruvlar o‘tkazildi va ularda yangidan-yangi dalillar o‘rtaga chiqdi.

INSAG tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi surishtiruvda, darvoqe u INSAG-7 deb ataladi, quyidagi xulosa berildi:

- reaktor xavfsizlik normalariga javob bermagan;

- xavfsizlikni ta’minlashda foydalanish qoidalari befoyda bo‘lgan;

- atom energiyasidagi xavfsizlikni tartibga solish va nazorat qilish rejimi samarasizligi, milliy va mahalliy darajada yadro masalalarida xavfsizlik madaniyati umuman bo‘lmagan;

- operatorlar orasida, shuningdek operatorlar va loyihachilar o‘rtasida xavfsizlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar samarali almashilmagan, xodimlar obektning xavfsizlikka ta’sir ko‘rsatadigan xususiyatlari to‘g‘risida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan;

- xodimlar bir qator xatolarga yo‘l qo‘ygan va mavjud ko‘rsatmalar hamda sinov dasturiga amal qilinmagan.

Umuman olganda, oxirgi xulosasida INSAG-7 falokat sabablari to‘g‘risidagi o‘z xulosalarini ehtiyotkorlik bilan bayon qiladi.

Umumiy xulosa shu bo‘ladiki, loyiha boshdanoq xato bo‘lgan. Shuningdek, AES xodimlari belgilangan normalar va xavfsizlikka amal qilmagan, rahbariyat esa bunga e’tiborsiz bo‘lgan.

Falokat oqibatlari

Portlash oqibatida 4-energoblok qulab tushib operator Valeriy Xodemchuk halok bo‘ladi. Og‘ir jarohat olgan yana bir xodim tongga yaqin vafot etadi. Portlashdan so‘ng Chernobil AESga ko‘plab qutqaruv brigadalari jalb qilinadi. Ularning barchasi nurlanishga duch keladi va birinchi oyning o‘zida AES xodimlari va qutqaruvchilardan 28 kishi vafot etadi.

Falokatdan eng ko‘p jabrlanganlar o‘t o‘chiruvchilar bo‘lgan. Portlash oqibatida yong‘in kelib chiqqan va uni o‘chirish uchun nafaqat AESdagi o‘t o‘chirish jamoasi, balki Pripyat shahridagi o‘t o‘chirish jamoasi ham jalb qilingan. Nurlanish va qattiq kuyishdan ko‘plab o‘t o‘chiruvchilar jarohatlanadi. Norasmiy ma’lumotlarda juda ko‘p o‘t o‘chiruvchi halok bo‘lgani keltiriladi.

Chernobil falokati 26 aprelda sodir bo‘lgach, ertasiga Pripyat shahri aholisini ko‘chirish ishlari boshlanadi. Shaharning 50 ming aholisini 1 225ta avtobusda Yanov temir yo‘l bekatiga olib borish uchun 3 soat kifoya qiladi. Avtobuslar Kiyev va boshqa yana bir nechta shaharda yo‘lovchi tashish liniyalaridan ajratib olib kelinadi.

Radiatsiya Yevropaga tarqalmaganda Chernobil fojiasi haqida hech kim bilmas edi

Chernobil AES falokati haqida ilk bor Shvetsiya poytaxti Stokholm shahri yaqinida joylashgan «Forsmak» radiatsiya xavfsizligini o‘lchash stansiyasi xodimlari xabar tarqatadi. Avvaliga ular 27 apreldan havoda radiatsiya miqdori keskin oshib ketganini aniqlaydi va bu haqda trevoga ko‘tarib, Shvetsiya hukumatiga xabar beradi.

Tekshiruvlar natijasida falokat Shvetsiya yoki unga qo‘shni bo‘lgan Skandinaviya mamlakatlarida sodir bo‘lmagani aniqlanadi. Shvetsiyaga radiatsiyani janubiy-sharqdan esgan shamol olib kelgan va radiatsiya tarqalayotgan manba SSSR g‘arbida, Kiyev yaqinidagi Chernobil AES hududi ekanini ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng shvetsiyalik mutaxassislar MAGATEga murojaat qilib, SSSR g‘arbida sodir bo‘lgan falokat haqida xabar berilmagani uchun izoh so‘rashadi.

Shvetsiyadagi manbaga tayanib butun dunyoda OAV Kiyev yaqinidagi AESda yadroviy falokat sodir bo‘lgani haqida yoza boshlaydi, ammo hech kim AESda yuz bergan falokatning ko‘lamini bilmasdi. Chernobildagi AESdan osmonga radiatsiya tarqalayotgan vaqtda Kremlda falokat haqida vahimali xabar tarqatmaslik muhokama qilinayotgan edi...

Xalqaro tashkilotlar, ko‘plab xorijiy davlatlar bosimi ostida 28 aprelda «Vremya» dasturida Chernobil AESda «arzimagan texnik nosozlik» yuz bergani haqida kichik xabar beriladi. Ammo dunyo ahlini falokat ko‘lami «arzimagan texnik nosozlik» darajasida bo‘lganiga ishontirib bo‘lmasdi. Radiatsiya to‘lqini Shvetsiyagacha yetib bordimi, demak uning ko‘lami Moskvadagi rasmiylar ta’kidlayotgani kabi «arzimas» emasdi.

«Vahima ko‘tarmang, aks holda partiyadan haydalib, qamalasiz»

Mamlakat aholisi va tashqi dunyo hech narsani bilmasligi uchun Mixail Gorbachyov Ukraina SSR kompartiyasining 1-kotibi Vladimir Sherbitskiyga 1 may bayramini Ukrainada katta tantanalar bilan o‘tkazishni buyuradi.

Keyinchalik Sherbitskiyning umr yo‘ldoshi Rada Gavrilovna Sherbitskaya shunday eslaydi: «1 may kuni Kiyevdagi tantana soat 10:00da boshlanishi kerak edi. Vaqt bo‘lsa ham Vladimir Vasilevichdan darak bo‘lavermadi. Bir payt maydonga hukumat mashinasi kelib to‘xtadi va undan Vladimir Vasilevich tushdi. Kayfiyati yo‘qligi shundoqqina yuzidan bilinib turardi. U bayram tadbirini jilmayib o‘tkazgan bo‘lsa-da, qandaydir ko‘ngilsizlik bo‘lganini sezib turar edim.

Vladimir Vasilevichning aytishicha, o‘sha kuni tadbirdan avval Kiyevdagi bayramni qoldirishni so‘rab Gorbachyovga telefon qilgan. Gorbachyov esa unga «Vahima ko‘tarma. Bayramni qoldirishni o‘ylama. Mabodo vahima tarqalsa, partiyadan haydalasan va borar manziling aniq, buni bilasan», deb po‘pisa qilgan ekan.

Bugun o‘sha paytda Vladimir Vasilevich Moskvaga Kiyev shahri aholisini zudlik bilan ko‘chirish kerakligini aytganini ko‘pchilik bilmaydi. O‘shanda uning takliflariga vahima ko‘tarmasdan jim o‘tirishni, aks holda partiyadan haydab, qamoqqa tiqishlarini aytib javob qaytarishgan», deydi Rada Sherbitskaya.

29 aprelda esa markaziy nashrlar bilan birgalikda Ukrainada chop etiladigan gazetalarning bir chekkasida «Chernobil AESdagi reaktorlardan birida kichik texnik falokat yuz bergani, mutaxassislar uni bartaraf etish choralarini ko‘rayotgani va falokat sabablarini o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tuzilgani», haqida kichik xabar paydo bo‘ladi.

O‘sha kezda xorijiy OAV, turli davlatlarning elchixonalari Chernobilda bo‘lib o‘tgan ish haqida tinmay ma’lumot so‘rar, ammo vaziyat to‘liq KGB nazoratida bo‘lgani uchun hech kimga ma’lumot berilmasdi. Bu vaqtda Kiyevdagi xorijliklar turli bahonalar bilan o‘z mamlakatiga jo‘natib yuboriladi.

AES haqidagi ma’lumotlar Kiyevga Moskva orqali beriladi. Masalan, MAGATE rahbari Xans Bliksning Kiyevga tashrifini Ukraina rasmiylari ham, OAV ham Moskva orqali bilishadi.

Xorijiy OAV va elchixonalar, turli xalqaro tashkilotlar so‘rovlariga javoban KGB tomonidan rasmiy javoblar tayyorlash boshlanadi. Shuningdek, turli xorijiy shaxslardan «Kiyevda hayot odatdagiday davom etayotgani va hech qanday radiatsiya ta’siri yo‘qligi» haqida intervyular tashkil etiladi. Jumladan, Fransiya sayyohlik byurosining vakilidan shu tarzda intervyu olingan.

Mixail Gorbachyov 14 mayga kelibgina Chernobil falokati haqida ilk marta gapiradi. U ham Chernobil falokati haqida xorijiy OAV, turli xalqaro tashkilotlar oshiqcha vahima ko‘tarayotgani, amalda esa Chernobilda arzimagan texnik falokat bo‘lgani haqida so‘zlaydi. Xususan, «Biz Chernobil haqida G‘arb tarqatayotgan bir uyum yolg‘onlarga duch kelmoqdamiz, degan edi Gorbachyov.

Ungacha esa «Pravde Ukraini» gazetasida «Ehtiyot bo‘lish tavsiya etiladi» sarlavhasi ostida Ukraina SSR sog‘liqni saqlash vaziri Anatoliy Romanenkoning aholiga murojaati e’lon qilinadi. Murojaatda vazir Chernobil AESidagi energobloklardan birida kichik texnik falokat yuz bergan kunlarda havoda radiatsiya darajasi biroz ko‘tarilgani, ammo so‘nggi kunlarda u pasaygani va belgilangan normaga tushgani, shuning uchun xavotirlanishga aslo hojat yo‘qligi haqida yozadi.

O‘shanda o‘z takliflariga Moskvadan rad javobini olgan Sherbutskiy nima qilib bo‘lsa ham xalqqa yordam berish yo‘llarini qidiradi va Kiyevdagi maktab o‘quvchilarini may oyining boshidanoq yozgi ta’tilga jo‘nata boshlaydi. Shuningdek, mamlakat bo‘ylab alkogolli ichimliklarga qarshi kurash ketayotgan paytda u Kiyevda alkogol mahsulotlarining erkin sotilishiga ruxsat oladi. Bunga vrachlar alkogol radiatsiyani kesadi, deb xulosa bergani sabab bo‘ladi.

Falokatni bartaraf etish uchun jalb qilingan «qurbonlar»

Chernobildagi reaktor portlashida 54 kishi halok bo‘lgan, ammo radiatsiya minglab kishilarni hayotdan olib ketgan
GETTY IMAGES

Falokat sodir bo‘lgan 4-energoblok joylashgan «Ukrytiye» obektining sobiq bosh muhandisi, Chernobil falokatining ilk kunlarida hodisa joyida bo‘lgan Vadim Grishenko voqealarni shunday eslaydi: «Avariyadan keyingi dastlabki kunlarda biz ham, AES ishchi-xodimlari ham, SSSRning barcha respublikalaridan kelgan olimlar ham «endi nima bo‘ladi?» degan savolga jo‘yali javob bera olmasdik. Hamma ikkinchi portlash ro‘y berishidan qo‘rqardi.

Hamma ishni Moskvadan kelgan komissiya a’zolari (ularning ko‘pchiligi KGB xodimlari edi) qo‘lga olgan va barcha ish ularning buyruq va ko‘rsatmalari bilan amalga oshirilar edi. Ikkinchi portlashning oldini olish uchun komissiya vayron bo‘lgan reaktorning og‘ziga zanjirli reaksiyani o‘chiradigan materiallar bilan aralashtirilgan minglab tonna qum tashlashga qaror qildi. Bu ish uchun Afg‘onistondan olib chiqilgan general Antoshkinning uchta asosiy va bitta yordamchi vertolyot polk bo‘linmasi Chernobilga safarbar etiladi.

Tasavvur qiling-a, urushni boshdan kechirgan va Afg‘onistondan qaytib kelganidan so‘ng hayotida eng xavfli lahzalar ortda qolganiga umid qilgan uchuvchilar o‘zi xohlamagan va dahshatni his qilmagan holda yana urushdan qolishmaydigan dahshatli go‘sht maydalagichga tushishdi», degandi Vadim Grishenko.

Vertolyotlar o‘ziga ortilgan qumni mo‘ljalga aniq tashlash uchun nisbatan pastroq, inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan rentgen nurlari tarqalib turgan balandlikda uchish kerak edi. Bu ishda qatnashgan uchuvchilar radiatsiya ta’sirida sog‘lig‘ini yo‘qotgani uchun ikki-uch kundan keyin kasalxonaga olib ketilgan. O‘nga yaqin vertolyot yerga qulab tushadi: ular vayronalarda chiqib qolgan armaturalar bilan to‘qnashib ketar yoki reaktordan ko‘tarilgan issiqlik oqimi va radiatsiya to‘lqiniga tushib qolardi.

Wikimedia

Chernobil AES falokatidan armiyada xizmat qilayotgan yosh askar yigitlar ham ko‘p jabr ko‘rishadi. O‘sha paytda rahbariyat radiatsiya ko‘lamini bilib turgan bo‘lsa-da, falokatni bartaraf etish uchun Chernobilga juda ko‘plab askarlarni jo‘natadi.

«Vayron bo‘lgan inshootning tomini tozalash ishlari bir oy davom etdi. Shu vaqt mobaynida u yerda ming nafardan oshiqroq askar xizmat qildi. Ularning aksariyati o‘sha yerda o‘z sog‘lig‘ini yo‘qotdi. Yangi olib kelinayotgan askarlar o‘z safdoshlari bu yerdan nogiron bo‘lib qaytayotganini ko‘rsa ham, xizmatdan bo‘yin tovlashga haqqi yo‘q edi.

Ayniqsa vayron bo‘lgan inshoot tomida ishlayotgan askarlarga qiyin edi. U yerda harorat juda issiq bo‘lishidan tashqari yuqori radiatsiya to‘lqini bor edi.

Askarlarning hayotini saqlab qolish uchun ularga 2,5 millimetr qalinlikdagi zirhli kiyim kiydirilgan. Qo‘llariga qo‘rg‘oshindan tayyorlangan qo‘lqop kiyishgan, yuzida ham himoya niqobi bo‘lgan. Ammo bu chora ham ularni zaharlanishdan saqlab qololmasdi.

RIA «Novosti»

Har bir askarning orqasiga katta qilib raqam yozilgan edi va o‘sha raqamlar orqali qaysi askar nima bilan mashg‘ulligi kuzatilardi», deb eslaydi Chernobil AES falokatini bartaraf etish bo‘yicha muhandis o‘rinbosari Yuriy Samoylenko.

Falokat qurbonlari

Foto: 24SMI

Chernobil AESda o‘sha paytda rasmiy hujjatlarda 54 nafar odam halok bo‘lgani qayd qilingan. Ammo keyinchalik falokat natijasida va uni bartaraf etishda jami 4 mingga yaqin kishi halok bo‘lgani ma’lum qilingan.

Chernobil AES falokati natijasida jami 115 ming odam evakuatsiya qilingan. 1986-1992 yillar davomida falokat joyida uning asoratlarini bartaraf etish ishlarida jami 526 250 nafar odam qatnashgan. Ularning barchasi keyinchalik radiatsiya bilan zararlanish oqibatida ma’lum darajada nogiron bo‘lgan.

Chernobil AES falokati MAGeTE tomonidan tuzilgan INES (International Nuclear Event Scale – Yadro hodisalarining xalqaro shkalasi) ko‘rsatkichida 7 shkalali falokat deb baholangan.

Chernobil AESida yuz bergan falokatda boshqa ittifoqdosh respublikalardan kelgan qutqaruvchilar qatorida ko‘plab o‘zbekistonliklar ham qatnashgan. Shuningdek, falokatni bartaraf etish uchun jalb qilingan askarlar safida ham ko‘plab o‘zbekistonliklar bo‘lgan.

Chernobil fojiasi haqida juda ko‘p filmlar ishlangan. Ular orasida 2019 yil AQSh va Buyuk Britaniya kinoijodkorlari tomonidan ishlangan 5 qismli film tezda mashhurlashdi. «Yolg‘onning qiymatini bilib ol» shiori bilan ishlangan bu film katta ekranlarda namoyish etilgach, Chernobilda sayyohlar soni ko‘payib ketgani aytiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid
Top