Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Millat taqdirlangan kun
Assalomu alaykum, azizlar. Yurtimizda bayram, katta bayram. Kecha Rossiyadan mustaqil bo‘lib chiqqanimizning 34 yilligini nishonladik. Men sizlarni bayram bilan tabriklab, mustaqillik haqida o‘z mulohazalarimni bildirishni istadim.
«SSSR payti yaxshi emasdi»
Hozir aytmoqchi bo‘layotgan gapimni ancha yillardan beri o‘ylab kelaman. Bu borada juda ko‘p odam bilan tortishgan, hatto janjallashganman. Yosh yigit vaqtimdan buyon yuragimga yomon botadigan bir gap bor: «SSSR vaqtida yaxshi edi». «Gugurt bir tiyin edi, non falon tiyin edi, hamma ishlardi, falon edi, piston edi...». Va mening yosh tafakkurimda bir fikr aylanardiki, bu misollarning hech biridan ta’sirlanmasdim: axir bizning millatni, qanday darajadagi millat bo‘lsak ham, boshqa bir millat boshqargan-ku! Bizga paxta ektirishgan, topganimizni «markaz»ga tashishgan, had hisobsiz boyliklarimizni talab, odamlarimizni robot-ishchiga aylantirishgan – hammasi partiya uchun!
Ko‘p gapirish shart emas, hozir O‘zbekiston SSR madhiyasining dastlabki ikki satrini o‘qish kifoya:
«Assalom, rus xalqi, buyuk og‘amiz,
Assalom, dohimiz Stalin».
Ha, azizlar, SSSR davrida o‘zbeklar kunni Abdulla Qodiriy kabi millatning eng yetuk vakillarini qatag‘on qilgan Iosif Jugoshvilliga salom berish bilan boshlagan! Bu dahshat emasmi? Dahshat! Shaxsan men bundan yomon narsani tasavvur ham qilolmayman.
Ha, bizning davlatda muammolar bor, ko‘p muammo bor. Axir O‘zbekiston katta davlat, yaqinda 38 million bo‘ldik. Ko‘pning muammosi ko‘p bo‘ladi. Lekin biz muammolarimizni o‘zimiz hal qilamiz. Davlat bizniki, muammo ham bizniki. Boshqa biror davlat tepamizda qamchi o‘ynatib turishi shart emas.
Taqqos
Bilasizmi, «SSSR payti yaxshi edi» deydigan odamlarning ba’zi iddaolariga javob berish qiyin. Masalan, ittifoq davrida ko‘p qishloqlarda klub, kutubxona, choyxona, madaniyat markazi va kichikroq xotira maydoni ko‘rinishidagi bog‘lar ham bor edi, hozir qishloqlarda nima bor, deb so‘rashadi ular. Chindan o‘ylab qolaman. Mustaqillikning dastlabki yillarida ham qishloqlarda ijtimoiy obektlarga ko‘zimiz tushardi, hozir esa ularning deyarli barchasi vijdonga qo‘shib sotib yuborilgan.
Yoki bo‘lmasa, ittifoq payti ko‘pchilik ishlardi, hozir ko‘pchilik bekor, deydi boyagi opponentlar. Bu borada ham tortishish qiyin, chindan bizda ish o‘rinlari asosan qog‘ozlarda yaratilmoqda.
Aytmoqchi bo‘lganim, biz muammolarimizni bosqin ostidagi hayotni qo‘msaydiganlar avval yaxshi edi, demasligi uchun ham hal qilishimiz kerak. Kuchli davlat bo‘lishimiz kerak. Iqtisodiy, ma’naviy va siyosiy kuchli. Avlodlar faxrlanadigan darajada kuchli. Yoshlar SSSR payti yaxshi edi, degan gapni eshitganda, kulib qo‘yadigan darajada kuchli.
Istiqlol qadri
Bilasizmi, biz hali mustaqillik qanday buyuk ne’mat ekanini tushunib yetganimiz yo‘q deb o‘ylayman. Balki biz jang-u jadallar evaziga mustaqil bo‘lmaganimiz uchun ko‘pchilik uni qadrlamas, mustaqillik kunini yangi yil kabi aqldan ozib bayram qilmas. To‘g‘risi, 1 sentabr ko‘pchilik millatdoshlarimiz uchun kalendardagi oddiy kun, oshib borsa dam olish kuni, maktab boshlanadigan kun.
Lekin bu kunlarni ko‘rish umidida qanchadan qancha bu millatning eng oriy vakillari o‘lib ketdi, o‘ldirildi, otildi, qamaldi, surgun qilindi. Iltimos, azizlar, Qodiriy, Cho‘lpon kabi shahidlarimizni har kuni eslang, ular aynan millatimiz mustaqil bo‘lishini istagani, buni bosqinchi davrida yashab turib o‘z asarlarida hikoya qilgani, maqolalar yozgani uchun otildi.
Minglab ota-bobolarimiz millatning erki o‘z qo‘lida bo‘lishi kerak deb jang qilgani uchun bosmachi deb tahqirlandi. Oh, qanday baxt millat ozodligi uchun ko‘krak kerib jon berish! O‘sha baxtli insonlar qurbon bo‘lgan kurashning nomini mustaqillik deyishadi. Yaratgan mana shu mard insonlarning kurashi uchun bizga mustaqillikni berdi, erkimizni o‘zimizga qaytardi. Millatimiz nomi o‘zbek, davlatimiz nomi O‘zbekiston. O‘z chegaralariga ega, xalqaro tan olingan, har tong telekanallarida boshqa bir millat emas, o‘zbek millati ulug‘langan madhiyasi yangraydigan mustaqil davlat. Bundan ortiq baxt bormi axir?
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
23:05 / 28.11.2025
O‘zbekistonning davlat qarzi 44 mlrd dollarga yetdi. Pullar nimaga ishlatilgan?
22:06 / 27.11.2025
Oltin narxining oshishi yoki tushishi: bu O‘zbekiston uchun qay darajada ahamiyatli?
21:10 / 20.11.2025
O‘zbekistonga Polsha biznes doiralaridan iborat delegatsiya tashrif buyuradi
14:35 / 20.11.2025