17:24 / 13.07.2020
51524

Andijon viloyatida yuzlab kishilar ishtirokida majlislar o‘tkazildi. Hukumat buni taqiqlagandi

Bugun, 13 iyul kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov raisligida «Hokimlik soati» selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Majlisning bir necha ishtirokchisi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda selektor ertalabki soat 07:30da boshlanib, 4 soatga yaqin davom etganini ma'lum qildi.

Majlisda soliq tushumlari, viloyatda koronavirus tarqalishining oldini olish va boshqa masalalar muhokama qilingan.

Yig‘ilish qatnashchilarining so‘zlariga ko‘ra, unda mutasaddi tashkilotlarning 200ga yaqin rahbar va xodimlari qatnashgan.

Suhbatdoshlardan biri taqdim etgan suratdan majlis ishtirokchilari ijtimoiy masofa saqlamagan holda o‘tirganini ko‘rish mumkin.

Kun.uz’ning yana bir manbasi tasdiqlashicha, viloyatning barcha tumanlari hokimliklarida yuzlab kishilar yig‘ilib, ushbu majlisda masofadan turib ishtirok etgan.

Majlis Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 1 avgustgacha qat'iy karantin e'lon qilingan sharoitda bo‘lib o‘tgan. Maxsus komissiya davlat organlarida yig‘ilishlar o‘tkazishni taqiqlagandi. Zarur hollarda yig‘ilishlarni video-konferens-aloqa rejimida o‘tkazish mumkinligi belgilangan.

Mart oyida prezident Shavkat Mirziyoyev hududlardagi hokimlarga karantin paytida barcha darajadagi yig‘ilishlar va majlisbozliklarga chek qo‘yishni buyurgandi.

Kun.uz’ning holat yuzasidan Andijon viloyati hokimligidan izoh olishga bo‘lgan urinishlari zoye ketdi. Viloyat hokimining matbuot kotibi ham, viloyat hokimi va uning birinchi o‘rinbosarining qabulxonasi ham qo‘ng‘iroqlarga javob bergani yo‘q.

Kecha Telegram`da viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abdujabbor Egamberdiyev imzosi bilan viloyatdagi shahar va tumanlar hokimlariga yuborilgan rasmiy xabarnoma surati tarqalgan edi.

Xabarnomada hududiy studiyalardan xalq deputatlari viloyat va shahar (tuman) kengashlarining barcha deputatlari, tuman (shahar) hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, sektor rahbarlari (prokuror, IIB, DSI), joylardagi korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari, ijtimoiy soha (MTB, XTB, TTB), barcha maktablar, kollejlar, litseylar va maktabgacha ta'lim muassasalari hamda nodavlat maktab va bog‘chalarning rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari hamda taalluqli tashkilot rahbarlari ishtirokini ta'minlash so‘ralgan.

Yig‘ilishga barcha qatnashchilar rasmiy kiyimda, tibbiy niqob va qo‘lqopda, shuningdek telefonlarsiz kelishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Shuhrat Abdurahmonov viloyatdagi mas'ul mutasaddilarni ishiga qarab baholashga, shu asosda ularga ko‘k rangli «Mas'uliyatli rahbar» yoki qizil rangli «Mas'uliyatsiz rahbar» nishonlarini taqishga qaror qilgani ma'lum bo‘lgandi.

Foto: Auz.uz

Xabarda ushbu nishonlar har hafta dushanba kuni o‘tkaziladigan «Hokimlik soati»da o‘z egalariga taqilishi, ketma-ket 3 hafta qizil nishon olgan rahbarlar masalasi alohida ko‘rib chiqilishi ta'kidlangandi.

Hokimning bu tashabbusi ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarga sabab bo‘ldi. Hokimlik mazkur holatga rasmiy munosabat bildirmadi.

Top