Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Q. Rafiqov imzolagan telefonogramma tarqaldi. Unda joriy yilning 22 iyul (prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan rasman dam olish kuni deb e'lon qilingan) kuni soat 12:00da O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining katta majlislar zalida prezidentning “Tarixiy va sivilizatsiyaviy mushtaraklik, xalqlarimiz va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlari farovon kelajakni bunyod etishda mustahkam zamin yaratish” mavzusidagi nutqidan kelib chiqadigan kasaba uyushmalari oldida turgan vazifalar to‘g‘risida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilishi aytiladi.

Ayni vaqtda ushbu yig‘ilish bo‘lib o‘tayotgani tasdiqlandi. Mazkur videoselektor yig‘ilishiga ayederatsiya raisining o‘rinbosarlari, federatsiya apparati bo‘lim mudirlari, mas'ul xodimlari, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashlari raislari va ularning o‘rinbosarlari hamda federatsiya tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari federatsiyaning katta majlislar zalidan ishtirok etishlari lozimligi ko‘rsatilgan.
Tizimning boshqa tashkilotlari rahbarlari va mas'ul xodimlari federatsiyaning Qoraqalpog‘iston va viloyat kengashidagi hamda federatsiya qoshidagi malaka oshirish instituti majlislar zalidan ishtirok etishlari so‘ralgan.
Qolaversa, Kun.uz’ning Kasaba uyushmalari federatsiyasidagi manbasining ma'lum qilishicha, yig‘ilishga chaqirilganlarning aksariyati Covid-19dan xavf osti guruhiga mansub aholi toifasi (65 yoshdan yuqori)dagi shaxslar hisoblanadi.
Shuningdek, Kun.uz ixtiyoriga mehnat huquqlariga zid ravishda bugun yana bir yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida hujjat kelib tushdi. Unga ko‘ra, prezident maslahatchisi, bosh vazir o‘rinbosari, vazirlar hamda markaziy muassasalar rahbarlari bugun – 22 iyul soat 17:45 ga bosh vazir rahbarligida o‘tkaziladigan videoselektor yig‘ilishiga chaqirtirilgan.
Yig‘ilishga taklif qilinganlar qatorida xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishi lozim bo‘lgan bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov ham bor.

Mehnat kodeksining 132-moddasiga ko‘ra, bayram (ishlanmaydigan) kunlari ishlash man etiladi.
Yana bir holatni yoddan chiqarmaslik lozimki, Mehnat kodeksining 9-moddasiga binoan, mehnat sohasidagi davlat boshqaruvini O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi amalga oshiradi.

















