11:11 / 17.06.2021
14621

Toshkentda bir guruh voyaga yetmagan shaxslar ayol kishiga hujum qildi

Internetda voyaga yetmagan shaxslar hujumidan jabrlangan ayolning murojaati bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan chora ko‘rilmayotgani haqida xabar tarqaldi. Toshkent shahar IIBB ma'lum qilishicha, ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatsizliklari to‘g‘risidagi xabarlar haqiqatdan yiroq.

Qayd etilishicha, 2021 yil 13 iyun kuni soat 09:14larda Mirobod tumani IIO FMB 2-son ichki ishlar bo‘limiga 49 yoshli N.N.dan murojaat kelib tushgan. Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha kuni soat 08:00lar atrofida u “Mirobod bozori” yonidan o‘tib ketayotganida 5-6 nafar voyaga yetmagan shaxslar mushtlashayotganlarini ko‘rib qolib, ularni ajratmoqchi bo‘lgan. Bolalar esa uning kiyimiga zarar yetkazib, sumkasini olib qo‘ymoqchi bo‘lishgan.

Bildirilishicha, mazkur ariza qabul qilinib, hozirgi vaqtda tergovoldi tekshiruvi olib borilmoqda. Mirobod tumani IIO FMB 2-son ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektorlari kapitan R.Nizoxunov va katta leytenant A.Yo‘ldoshbekov tungi vaqtdagi patrul ishi davomida o‘n nafar qarovsiz voyaga yetmagan bolalarni ko‘rib qolgan. Ularning shaxslari aniqlanib, yuqoridagi hodisalarga aloqadorliklari tekshirilayotgani aytiladi.

“Ma'lum shaxslar tomonidan bu kabi huquqbuzarliklar muntazam ravishda sodir etilishi to‘g‘risidagi ma'lumot hozirga qadar aniqlanmadi. Fuqarolarni mish-mishlarga asoslangan taxminlardan o‘zlarini tiyishlarini so‘raymiz.

Hurmatli fuqarolar. Ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyatsizliklari to‘g‘risida xato fikrlarni ko‘rib qolish mumkin. Ko‘pincha bu fikrlarga arizachilarning tergovoldi tekshiruvlari va ichki ishlar organlari faoliyati haqida yetarli ma'lumotga ega bo‘lmaganliklari sabab bo‘lmoqda. Jabrlanuvchi tomonning sabrsizligini tushunish mumkin, ammo olib borilayotgan ishlar natijasini kutishingizni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Top