14:26 / 09.08.2021
59438

Yangi o‘quv yilida maktablarda darslar gibrid shaklda davom etishi kutilyapti

Yangi 2021-2022 o‘quv yilida maktablarda darslar gibrid shaklda davom etishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi 2021-2022 o‘quv yili yaqinlashgani sari ota-onalardan uning qanday shaklda bo‘lishi borasida ko‘plab savollar kelib tushmoqda.

“Barchangizga ma'lumki, bugungi kunda butun dunyodagi kabi yurtimizda ham koronavirusga chalinish holatlari davom etmoqda. Eng achinarlisi, o‘tgan yildagiga nisbatan maktab yoshidagi bolalar orasida ham kasallik tarqalishi holatlari ko‘paygani kuzatilmoqda”, deyiladi ma'lumotda.

Shu bois Xalq ta'limi vazirligi yangi 2021-2022 o‘quv yilida maktablarda dars jarayoni gibrid shaklda davom ettirilishiga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma'lum qilgan. Bunda maktabda yuzaga keladigan vaziyatga qarab maktab Sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari taklifiga asosan mahalliy kengashlar qarorlariga ko‘ra ayrim maktablar karantinga yopilib, masofaviy tizimga o‘tkazilishi mumkin. 

Bunday holatlarda o‘quvchilar ta'limni vaqtincha masofaviy shaklda uydan davom ettiradi. O‘quvchining masofadan ta'lim olishiga imkoniyat yaratish maqsadida Milliy teleradiokompaniyaning telekanallari orqali “Onlayn maktab” loyihasi doirasida efirga uzatilayotgan darslar davom ettiriladi. 

Xalq ta'limi vazirligi an'anaviy ta'lim to‘liq tiklanishi uchun barcha tizim xodimlarini tezroq vaksina olishlarini so‘rab qolgan. Hech qanday eng zamonaviy masofaviy ta'lim tizimi ham bevosita maktabdagi ta'lim o‘rnini bosa olmasligi aytiladi.

“Hurmatli ota-onalar! Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, farzandlaringizni imkoniyatingiz doirasida maktabga tayyorlashingiz mumkinligini va bunda karantin talablariga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz. Shu o‘rinda, bugungi murakkab vaziyatdan chiqib ketishning yagona yo‘li bu vaksinatsiya, shu bois sizlardan o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligini himoya qilish uchun vaksinatsiya jarayonlarida faol qatnashishingizni so‘rab qolamiz”, deyiladi vazirlik axborotida.

Mavzuga oid
Top