13:34 / 03.09.2021
27704

Yozning asosiy transferlari: ramziy jamoa

Donnarumma va Ramosdan tortib Messi va Ronaldugacha.

1 sentabr kuni Yevropada yozgi transferlar oynasi yopildi. Bu futbol tarixidagi eng aql bovar qilmas transferlar oynasi bo‘lgani shubhasiz. Ronaldu, Messi, Ramos, Lukaku, Donnarumma – bir guruh yulduzli futbolchilar klublarini o‘zgartirishdi. Quyida yozning eng asosiy transferlari keltiriladi.

Janluiji Donnarumma (erkin agent), «Milan»dan «PSJ»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 48 o‘yin, 15 «quruq» o‘yin, 54ta o‘tkazilgan gol.

22 yoshli darvozabon Italiyada «Milan» uchun o‘ynashni bas qildi. «Rossoneri» safida o‘tgan olti mavsumda Donnarumma jami 251 o‘yinda maydonga tushib, shundan 88tasida «nol»ga o‘ynadi. Bu transferlar oynasida dunyoning eng kuchli futbolchilarini tekinga o‘z safiga qo‘shib olgan «PSJ» Yevropa chempionini qo‘lga kiritish imkoniyatini ham yo‘qqa chiqarmadi. Donnarumma «PSJ» bilan besh yillik shartnomaga imzo chekdi, ammo hozircha Fransiya chempionatida debyut qilmadi – u o‘tgan uch o‘yinda ham zaxirada qoldirildi.

«PSJ» vakillari men bilan bog‘lanishdi va meni o‘z jamoalarida ko‘rishni istashayotganini aytishdi, men ham «PSJ»da o‘ynashni istadim. Raqobat meni cho‘chitmaydi. Keylor Navas — qoyilmaqom darvozabon, ammo men bu yerga o‘ynash uchun keldim. Raqobat ikkimiz uchun ham yaxshi, bundan men faqat o‘saman. Katta klublarda doim kuchli raqobat mavjud bo‘ladi, bu muammo emas. U ajoyib yigit, biz do‘stlarmiz… Men jahonning eng yaxshi darvozabonlaridan biri bo‘lishni istayman. Buning uchun esa qurbonliklar berish kerak, ishlash kerak va kamtarlikni yo‘qotmaslik kerak. Bu asosiysi», – degan Donnarumma.

Ashraf Hakimi (60 mln yevro), «Inter»dan «PSJ»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 45 o‘yin, 7 gol, 11 golli uzatma.

6 iyul kuni «PSJ» «Inter»dan Hakimi sotib olinganini e'lon qildi. Marokashlik bu futbolchi «PSJ» bilan besh yillik shartnoma imzoladi va o‘tgan vaqt ichida jamoa safida besh o‘yinda maydonga tushib ulgurdi, u bu o‘yinlarda bir gol urib, ikki golga uzatma bergan. Hakimi Parij klubi tarixidagi eng qimmatbaho beshinchi transfer bo‘ldi.

«Men bu yerda bo‘lishdan baxtiyorman va maydonga tushishni, jamoadoshlarim bilan uchrashishni sabrsizlik bilan kutmoqdaman. Men bu yerda katta ishlar qilmoqchiman. «PSJ» — yuqori darajadagi klub, so‘nggi yillarda doimiy ravishda o‘sib, buni isbotlab kelmoqda. Men qattiq mehnat qilib, yuqori natijalarga erishishni istayman, bu yerda bunga imkon bor. O‘tishdan oldin men ko‘p marta Pochettino bilan g‘oyalar haqida, meni bu yerda nimalar kutayotgani va mendan nima kutishayotgani haqida gaplashdim. Juda foydali suhbatlar bo‘ldi. Men umumiy maqsadimiz uchun bor imkoniyatimizni ishga solaman. Olg‘a, Parij», – dedi Hakimi.

Serxio Ramos (erkin agent) «Real»dan «PSJ»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 21 o‘yin, 4 gol, 2 golli uzatma, 4 sariq kartochka.

Erkin agentga aylangan 35 yoshli himoyachi «PSJ» bilan ikki yillik shartnoma imzoladi, u bu klubda 4-raqamli futbolkada to‘p suradi. Parij klubiga o‘tish uchun Ramos «Manchester Siti» va «Arsenal» klublari takliflarini rad etdi. Ispaniyalik himoyachi hamon yangi klubi uchun debyut qilmadi, Cadena Ser ma'lumotiga ko‘ra, «PSJ»dagilar uning o‘zini tutishidan norozi. Serxio jamoadoshlari va personal bilan munosabatlarda takabburlik qilayotgani aytilgan. Jamoadoshlari uning bunday manmanligiga toqat qilmoqchi emas, agar u munosabatini o‘zgartirmasa, «PSJ» bosh murabbiyi Maurisio Pochettino unga boshlang‘ich tarkibdan joy kafolatlay olmaydi.

Rafael Varan (40 mln yevro), «Real»dan «Manchester Yunayted»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 41 o‘yin, 2 gol, 4 sariq kartochka.

«Manchester Yunayted» o‘tgan mavsumda mudofaa chizig‘idagi muammolardan qiynaldi, Varan esa klubga aynan markaziy himoyadagi muammolar hal etilishi uchun olib kelindi. Rafael Lindelyof bilan raqobatlashadi va Maguayr bilan juftlik qilgan holda o‘ynaydi. Himoyachi «qizil iblislar» bilan to‘rt yillik shartnomaga imzo chekdi, u endi «Real»dagi sobiq jamoadoshi Krishtianu Ronaldu bilan yana birgalikda to‘p suradi.

Varanning debyuti muvaffaqiyatli chiqdi: u «Vulverhempton»ga qarshi g‘alabali o‘yinda (1:0) yagona gol muallifi bo‘lgan Grinvudni to‘p bilan ta'minlagandi. «Varan jangovar holatdaligini namoyish etdi va yuqori samaradorlik ko‘rsatdi. U «ikkinchi qavat»da to‘p uchun kurashda kuchli, to‘p bilan ajoyib muomala qiladi. Varan shunchalik tajribaliki, uni hech narsa tashvishga sola olmaydi. U noqulaylik his qilmaydi, men uning o‘yinidan hayratdaman. O‘ylaymanki, u o‘z darajasini ko‘rsatdi», — deya yangi futbolchining o‘yiniga baho bergandi Sulsher.

David Alaba (erkin agent), «Bavariya»dan «Real»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 32 o‘yin, 2 gol, 3 golli pas.

Ispan grandlari bu yozda noodatiy taktika qo‘llashdi — erkin agent sifatida tekinga keladigan futbolchilarga ko‘proq e'tibor qaratildi. Alaba shunday futbolchilardan biri bo‘ldi. Avstriyalik himoyachi bungacha faqat «Bavariya»da o‘ynagan, bu klub bilan yutish mumkin bo‘lgan barcha sovrinlarni yutib bo‘lgach, so‘nggi yillarda o‘z kuchini boshqa chempionatda sinab ko‘rish istagida ekanini yashirmayotgandi. «Real» esa ushbu futbolchining shartnomasi muddati tugashini kutib, uni Myunxendan olib keldi.

Alaba ko‘p yillar oldin jahon miqyosidagi yulduz bo‘lib yetishgan, ammo unga «Real»da oson bo‘lmaydi. Yozda jamoani ikki asosiy markaziy himoyachilar — Serxio Ramos va Varan tark etdi. Oldindagi mavsumda David yosh futbolchilar bilan birgalikda himoyadagi muammolarni yechishga harakat qilishi kerak bo‘ladi. «Real» chempionatni yaxshi boshladi, birinchi turda safarda «Alaves» yirik hisobda mag‘lub etildi (4:1). Alaba uchun ham debyut a'lo darajada kechdi — u 90 daqiqa davomida maydonda bo‘ldi va to‘rtinchi gol urilganda Vinisiusga assistentlik qildi. Ammo keyingi turda «Xetafe»ga qarshi o‘yinda 3ta gol o‘tkazib yuborildi (3:3), faqat uchinchi turga kelib «Betis»ga qarshi o‘yinda darvoza daxlsizligi saqlab qolindi (1:0).

Rodrigo De Paul (35 mln yevro), «Udineze»dan «Atletiko»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 36 o‘yin, 9 gol va 9 golli pas.

APLda ikkita 100 mln yevrodan qimmat transfer amalga oshirilgan bo‘lsa, Ispaniyada baholar ancha kamtarroq bo‘ldi. Hayratlanarli jihati, La Ligadagi eng qimmat transfer «Real» yoki «Barselona» tomonidan emas, «Atletiko» tomonidan amalga oshirildi. «Matraschilar» italyan klubiga Rodrigo De Paul uchun 35 mln yevro to‘lashdi.

Argentinalik futbolchi allaqachon «Udineze» darajasidan o‘sib ketgan va bir necha yildan buyon jamoani yolg‘iz o‘zi yelkasida ko‘tarib kelardi. 27 yoshli futbolchi terma jamoada ham o‘z darajasini namoyish etdi va shu yozda Amerika Kubogida g‘olib chiqib, nihoyat kuchliroq jamoaga o‘tadigan bo‘ldi. Mutaxassislar, Rodrigo Diyego Simeonening tizimiga ideal darajada mos kelishi haqida aytishgan. Shunday bo‘lsa, «Atletiko» chempionlik titulini himoya qilishi yanada osonlashadi.

De Paulning «Atletiko»da debyuti yomon chiqmadi. Birinchi turda «matraschilar» safarda «Selta»dan ustun kelishdi (2:1). Argentinalik futbolchi zaxiradan maydonga tushib 25 daqiqa o‘ynadi. Ikkinchi turda esa «Elche»ga qarshi o‘yinda (1:0) g‘alaba golini urgan Korreaga assistentlik qildi. Uchinchi turda madridliklar «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda (2:2) ochko yo‘qotdi, de Paul sariq kartochka oldi.

Jorjino Veynaldum (erkin agent), «Liverpul»dan «PSJ»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 38 o‘yin, 2 gol, 1 sariq kartochka.

Top darajadagi erkin agentlar Parijga kelishi davom etadi. «Liverpul» va Niderlandiya termasi yetakchisi Jorjino Veynaldum mavsum davomida klubni tark etishini bildirgandi. Lekin uning rejalarida Parij giganti yo‘q edi. Veynaldum «Barselona»da o‘ynashni istagan, yozgacha u katalonlar klubida paydo bo‘lishiga hech kim shubha qilmayotgandi, ammo so‘nggi lahzalarda «PSJ» varianti paydo bo‘ldi. Parijliklar unga ikki barobar ko‘p maosh taklif etishdi. Niderlandiya termasi sardori poytaxt klubida 2024 yilga qadar to‘p suradi, uning yillik maoshi miqdori 10 million yevroga teng.

U Pochettino uchun ideal darajadagi yarimhimoyachi –  pressing-kiborg, u bosim ostida to‘pni a'lo darajada o‘zida saqlab turadi, raqib jarima maydoni hududiga xavfli uzatmalar amalga oshiradi. Faqat bir jihati bor: «PSJ» Pochettinoning avvalgi jamoalari kabi uslubda o‘ynaydimi? Aftidan, yo‘q. Bu holda Jinining muvaffaqiyati to‘la kafolatlanmaydi.

Jyek Grilish (117,5 mln yevro), «Aston Villa»dan «Manchester Siti»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 27 o‘yin, 7 gol, 12 golli uzatma.

Grilishning transferi bir jihatdan De Paulnikiga o‘xshab ketadi. Ko‘p yillardan buyon birmingemliklar jamoasida yetakchi bo‘lgan, jamoa bilan Chempionshipda ham javlon urgan angliyalik yarimhimoyachi nihoyat grand klub safiga o‘tdi. U 2021 yil yozidagi eng qimmatbaho transfer bo‘ldi. Grilish 5 avgust kuni «Man Siti» a'zosiga aylanib, 10-raqamli futbolkani oldi va olti yillik shartnomaga imzo chekdi. Jyek «shaharliklar» safida to‘rt o‘yinda maydonga tushib ulgurdi, «Norvich»ga qarshi o‘yinda gol urdi, «Arsenal»ning tor-mor etilishida ishtirok etib, beshinchi golda Jyezusga assistentlik qildi. Yarimhimoyachi o‘zi dunyodagi eng yaxshi murabbiy deb biladigan Gvardiola bilan ishlashni juda istaganini aytdi va «Manchester Siti» bu mavsumda Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishiga ishonchi komil ekanini bildirdi.

Romelu Lukaku (115 mln yevro), «Inter»dan «Chelsi»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 44 o‘yin, 30 gol, 10 golli uzatma.

«Inter» muxlislari Lukakuning «Chelsi»ga ketishidan qattiq norozi bo‘lishdi. Belgiyalik forvard ingliz klubi bilan besh yillik shartnomaga imzo chekdi va Angliyaga qaytganidan keyingi ilk o‘yinidayoq «Arsenal» darvozasiga gol urdi.

Lukaku «Chelsi»ga ilk bor 2011 yil avgustida kelgan, o‘shanda Abramovich klubi uning transferi uchun «Anderlext»ga 15 mln yevro to‘lagan. Romelu birinchi urinishda asosiy tarkibga kira olmagan, bir necha yilni «Vest Bromvich» va «Everton»da ijara asosida o‘tkazgan. 2014 yil yozida «Everton» «Chelsi»ga 35 mln yevro to‘lab, uning transfer huquqini sotib olgan. Keyinroq hujumchi Angliyaning boshqa bir jamoasi - «MYu»da ham o‘ynagan, 2019 yilda Italiyaga ketgandi. Ko‘klar ushbu futbolchini yozning eng qimmat ikkinchi transferini amalga oshirgan holda qaytarishdi, ammo Lukaku o‘ziga to‘langan pullarni oqlashiga shubha yo‘q.

Lionel Messi (erkin agent), «Barselona»dan «PSJ»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 47 o‘yin, 38 gol, 14 golli uzatma.

Ulkan moliyaviy muammolar tufayli «Barselona» Messi bilan yangi shartnoma tuza olmadi. Dunyo miqyosidagi yulduz futbolchisini tarkibda saqlab qolish uchun qilingan bir necha harakatdan keyin ko‘k-anorranglilar taqdirga tan berishdi va argentinalik futbolchini qo‘yib yuborishdi. Futbolchi uchun asosiy da'vogarlar «PSJ» va «Manchester Siti» edi, Messi Fransiyaga yo‘l olishga qaror qildi.

29 avgust kuni «Barselona»ning sobiq forvardi «PSJ»ning «Reyms»ga qarshi o‘yinida ushbu chempionatdagi debyutini amalga oshirdi. Messi o‘yinga tez qo‘shilib ketdi va parijliklarning bir necha xavfli hujumlarida qatnashdi, ammo darvoza sari aniq zarba yo‘llamadi. «Leo yaxshi o‘ynadi. U hali o‘zining eng yuqori formasidan uzoq, ammo u yaxshi shug‘ullanmoqda va xalqaro o‘yinlardan keyin top darajaga qaytadi», — dedi «PSJ» bosh murabbiyi Pochettino.

Krishtianu Ronaldu (15 mln yevro), «Yuventus»dan «Manchester Yunayted»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 44 o‘yin, 36 gol, 4 golli uzatma.

Ronalduning «Old Trafford»ga qaytishi amalga oshdi. Krishtianu kambekni Fergyusonga bag‘ishladi va «qizil iblislar» bilan ikki yillik shartnoma imzoladi. «Manchester Yunayted» portugaliyalik futbolchi o‘zining sevimli yettinchi raqamli futbolkasida o‘ynashi uchun (o‘tgan mavsumda bu raqam Edinson Kavaniniki edi) Premer-ligadan ruxsat oldi. Kavani esa milliy jamoada bo‘lgani kabi 21-raqam ostida harakatlanadi (avvalroq klub Deniyel Jyeymsni «Lids»ga sotib, bu raqamni bo‘shatgandi).

Ronaldu shu kunlarda Portugaliya termasi bilan JCh-2022 saralashida Irlandiya darvozasiga dubl qayd etib, terma jamoa safidagi gollari sonini 111taga yetkazgan va eronlik Ali Dayining rekordini yangilab, milliy jamoalar miqyosida eng ko‘p to‘p kiritgan futbolchiga aylanib olgandi. Ammo u shu o‘yinda ikkinchi golini nishonlash vaqtida futbolkasini yechgani uchun sariq kartochka oldi va sariq kartochkalar limiti bois 7 sentyabrda bo‘lib o‘tadigan Ozarboyjonga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi, shu sababli u jamoa bazasini tark etdi. Uning «Old Trafford»ga qaytishi sentyabrning ikkinchi yarmida ro‘y beradi.

Zaxira
Fikayo Tomori (29,2 mln yevro), «Chelsi»dan «Milan»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 17 o‘yin, 1 gol.

Italiya klublari kutilmagan transferlar amalga oshirishda davom etdi. Shunday transferlardan biri Fikayo Tomorining «Milan»ga o‘tishi bo‘ldi. Bu himoyachi «Chelsi»da tarbiyalangan, qator klublarga ijaraga berilgan va asosiy jamoada vaqti kelishini kutgan. U ayrim mavsumlarda jamoada qolib, qator o‘yinlarda ishtirok etgan. Yanvarda esa Fikayo «Milan»ga sotib olish huquqi bilan 2 mln yevroga ijaraga berildi. Angliyalik futbolchilar Italiya chempionatida o‘ynashini yaqin-yaqinlargacha tasavvur qilish qiyin edi. Ammo bu himoyachi barcha stereotiplarga ters tarzda, yangi ligada tez moslashib ketdi va klub u uchun qariyb 30 mln yevroni ayamadi.

Yangi mavsumda «Milan» ko‘p yillardan beri ilk bor barcha frontlarda ishtirok etadi — A Seriyada, Italiya Kubogida va Chempionlar ligasida. Shunday ekan, 23 yoshli Tomori ko‘p o‘yin amaliyotiga va yanada o‘sishda davom etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Jyeydon Sancho (85 mln yevro), «Borussiya» Dortmunddan «Manchester Yunayted»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 38 o‘yin, 16 gol, 20 golli uzatma.

21 yoshli vinger Bundesligada so‘nggi mavsumlarni juda kuchli o‘tkazdi va futbolning hozirgi avlodidagi yorqin yulduzlardan biriga aylandi. Sancho «Manchester Siti» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, shu tufayli u «Yunayted»ga o‘tgach, «qizil iblislar» jamoasi muxlislari o‘zlarining azaliy raqiblarini mazax qilish uchun Jyeydonning surati aks etgan quyidagicha yozuvli bannerni ko‘tarishdi: «To‘g‘ri yo‘ldagi Manchesterga xush kelibsan». Angliyalik futbolchi «to‘g‘ri yo‘ldagi Manchester» bilan besh yillik shartnoma imzoladi va 25-raqamli futbolkani tanladi.

Ushbu yarimhimoyachi Angliya chempionati startidagi uch o‘yinda ham maydonga tushdi, ammo u hozircha «MYu» futbolkasida gol yoki golli uzatma muallifi bo‘lgani yo‘q. Sulsher u sport formasini to‘liq tiklmagan deb hisoblab, uni faqat zaxiradan o‘yinga tushirmoqda: «Jyeydonda Yevrodan keyin kichik ta'til bo‘ldi, keyin esa sog‘ligida kichik muammolar kuzatildi. U biz bilan barcha mashg‘ulotlarda ishtirok etmadi. U formasini tiklashini kutishimiz kerak. Ammo mavsum davomida Sancho biz uchun juda muhim futbolchiga aylanadi», — dedi murabbiy.

Memfis Depay (erkin agent), «Lion»dan «Barselona»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 40 o‘yin, 22 gol, 12 golli uzatma.

Niderlandiya termasi hujumchisi ko‘k-anorranglilar bilan ikki yillik shartnomaga imzo chekdi va kelishi bilanoq klub yetakchisiga aylandi. Startdagi uch uchrashuvda Depay ikki gol urdi va bir golga uzatma berdi. Messi ketgach Memfis jamoaning asosiy yulduzi bo‘lib qoldi va bu amalda ham kuzatilmoqda. U Primeradagi ilk samarali harakatini maydonga tushishidan 19 daqiqa o‘tib amalga oshirdi. «Barselona»dagi moliyaviy muammolar tufayli ushbu hujumchi dastlabki kelishuvda nazarda tutilganidan 30 foiz kamroq maosh olishga rozilik bergan.

Antuan Grizmann, ijara, «Barselona»dan «Atletiko»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 51 o‘yin, 20 gol, 13 golli uzatma.

«Barsa»ning yo‘qotishlari bir Messi bilan chegaralanib qolmadi. Grizmann ham «Kamp Nou» bilan chiqishib keta olmadi va o‘zini baxtiyor qiladigan jonajon klubiga qaytdi. Hozircha ijaraga. Klublar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra madridliklarda mavsum yakunida futbolchini sotib olish huquqi bor. «Atletiko» uchun bu har qanaqasiga foydali transfer bo‘ladi: ikki yil oldin 120 mln yevroga sotilgan futbolchi keyingi yozda 40 mln yevro evaziga qaytishi mumkin. Qolaversa, fransuz futbolchisi hali endi 30 yoshda. Jurnalist Nikola Shiraning yozishicha esa futbolchi bilan 2026 yilga qadar shartnoma tuzish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. U bu muddat ichida madridliklar bilan Ispaniya chempionatida ham, YeChLda ham g‘olib bo‘lishi mumkin (unda hali bu sovrinlar yo‘q).

Eldor Shomurodov (17,5 mln yevro), «Jyenoa»dan «Roma»ga
2020/2021 yilgi mavsum statistikasi: 31 o‘yin, 8 gol, 1 golli uzatma.

Shomurodov «Jyenoa»da kechgan bir mavsumdan keyin yangi bosqichga chiqdi va Joze Mourino qo‘li ostida shug‘ullanadigan bo‘ldi. Genuyaliklar o‘zbek futbolchisi transferidan yaxshigina mablag‘ ishlab olishdi, uning transferi «Rostov»ga ham 1,5 mln yevro keltirdi. 26 yoshda bo‘lgan Eldor yangi klubida sovrinlar yutish maqsadida ekanini aytdi.

«Roma»da Eldor asosiy hujumchi bo‘lmaydi, «Inter»ga Lukaku o‘rnini to‘ldirish uchun ketgan Edin Jyeko o‘rniga Mourino «Chelsi»dan Temmi Abrahamni olib keldi. O‘zbekistonlik forvard mavsumoldi tayyorgarlik yig‘inlari doirasidagi o‘rtoqlik o‘yinlarida o‘zining to‘purarlik salohiyatini namoyish etdi, qolaversa, Konferensiyalar ligasida «Trabzonspor»ga qarshi safar o‘yinida g‘alaba goliga mualliflik qilib, rimliklarning guruh bosqichiga chiqishiga hissa qo‘shdi. Ammo u A Seriya o‘yinlarida boshlang‘ich tarkibda tushmayapti - birinchi turda «Fiorentina»ga qarshi o‘yinda 21 daqiqa o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib, 1 golga uzatma berdi, «Salernitana»ga qarshi o‘yinda esa 13 daqiqa o‘ynadi. U Mourino uchun ideal darajadagi rotatsiya o‘yinchisi bo‘ladi.

Top