08:38 / 03.11.2021
8424

Xorazmda pora olgan maktab direktori sudlandi. U deputat ham bo‘lgan

Xorazm viloyati, Hazorasp tumanidagi 21-sonli umumta'lim o‘rta maktabi sobiq direktori, Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining deputati M.J. pora olganlikda sud tomonidan aybdor deb topildi. Deputatlik faoliyati ham muddatidan oldin tugatildi.

Foto: Kun.uz

Xorazm viloyat sudi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, M.J. direktorlik xizmat mavqeyidan foydalanib, qo‘l ostida o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosar lavozimida ishlovchi R.K. bilan oldindan til biriktirib, o‘qituvchilardan tamagirlik yo‘li bilan pul talab qilgan.

R.K. vositachi sifatida, 2020 yil iyul oyida maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini xizmat xonasiga yig‘ib, ularning har biriga Vazirlar Mahkamasining «Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi nizomi talablari asosida maoshiga har oylik ustama haq belgilanganini bildirgan. 

Buning evaziga har biridan tamagirlik yo‘li bilan 150 ming so‘mdan pul talab qilib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida kimyoviy ishlov berilgan jami 750 ming so‘mni o‘z xizmat xonasida pora tariqasida olgan paytda ushlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tuman sudining ochiq sud majlisida ayblanuvchi M.J. qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, aybiga iqrorlik bildirgan va suddan yengillik qilishni so‘ragan. Ayblanuvchi R.K. esa sud muhokamasida aybiga iqrorlik bildirmasdan, oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

Sud ish hujjatlarini o‘rganib, tomonlar va guvohlarning ko‘rsatmasi bilan tanishib hamda sudlanuvchilarning oilaviy ahvoli, ayol ekanligi va oldin sudlanmaganligini inobatga olib hukm chiqargan.

2020 yil 24 dekabr kungi sud hukmiga ko‘ra M.J. va R.K. Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v, g» bandlarida nazarda tutilgan (tamagirlik yo‘li bilan, bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib pora olish) jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, Jinoyat Kodeksining 45-moddasi qo‘llanib, 2 yil davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan. Jinoyat Kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Shuningdek, 34-Navoiy saylov okrugidan Xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashiga saylangan deputat M.J. sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganligi sababli, Kengash qarori bilan deputatlik faoliyati muddatidan oldin to‘xtatilgan.

Top