09:25 / 26.11.2021
6719

Kuzbassdagi konlardan birida 52 kishi halok bo‘ldi

Rossiyaning Kuzbassidagi “Listvyajnaya” konida yuz bergan tutunlanish vaqtida 52 kishi, jumladan 6 qutqaruvchi halok bo‘ldi. 

Foto: rbc.ru

Ma'lumotlarga ko‘ra, jasadlarning aksariyati konda qolmoqda va harorat hamda metan miqdori barqarorlashgandan keyin ular tashqariga olib chiqiladi.

Halokat yuz bergan vaqtda konda 285 kishi bo‘lgan, ulardan 239 nafari tashqariga chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Konchilar ventilyatsiya shtreklaridan birida vujudga kelgan tutunlanish oqibatida is gazidan bo‘g‘ilishgan.

Ta'kidlanishicha, 250 metr chuqurlikdagi ventilyatsiya shtrekida ko‘mir changi alangalanishi yuz bergan. Uning oqibatida hosil bo‘lgan tutun ventilyatsiya tizimi orqali butun kon bo‘ylab tarqalgan.

Halokat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Unga olib kelgan asosiy sabab sifatida xavfsizlik texnikasining buzilishi versiyasi o‘rganilmoqda. Biroq boshqa versiyalar, jumladan qurilmaning nosozligi sababli yuz bergan qisqa tutashuv va “tabiiy sabablar” ham borligi aytilmoqda.

Hodisa sababli Kuzbassda 3 kunlik motam e'lon qilingan.

“Listvyajnaya” konida yuz bergan halokat Rossiya tarixidagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi. Bungacha 2007 yilda Kemerovo oblastining “Ulyanovskaya” konida yuz bergan halokatda 100dan ko‘proq kishi, 2010 yilda “Raspadskaya” konida yuz bergan portlashda esa 90dan ko‘proq konchi halok bo‘lgan.

Top