09:37 / 05.12.2021
4204

Qoraqalpog‘istonda MChJ nomidagi 1 mlrd so‘mlik mulklarni sobiq rahbarlar sotib yubordi

Foto: KUN.UZ

Qoraqalpog‘istonda MChJ nomidagi mulklarni sotib yuborgan firibgarlar aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, departamentning Xo‘jayli tumani bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda “K.M.” va “N.S.” MChJlarning sobiq rahbarlari oldindan til biriktirib, “K.M.” MChJning 51,9 foiz ulushi “L.F.” MChJga tegishli bo‘lishiga qaramasdan, MChJning umumiy qiymati 991,7 mln so‘mlik ishlab chiqarish sexi va qo‘shimcha imoratlarini soxta yig‘ilish bayonnomasini rasmiylashtirib, qalbaki hujjatlar orqali firibgarlik yo‘li bilan fuqaro S.S.ning nomiga o‘tkazganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan oldin Xo‘jaylida 381,2 mln so‘mlik budjet mablag‘ini o‘zlashtirgan mansabdorlar aniqlangandi.

Top