Jamiyat | 14:57 / 15.12.2025
3559
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda uch kishi is gazidan vafot etdi

13 dekabr kuni Xo‘jayli tumani Samanko‘l mahallasida og‘ir oqibatli baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan: uyda ijara asosida yashab kelgan shaxs va uning maktab o‘quvchilari bo‘lgan ikki nafar nabirasi is gazining navbatdagi qurbonlariga aylangan.

Illyustrativ foto / Kun.uz

2025 yil 13 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston respublikasi Xo‘jayli tumani Samanko‘l mahallasidagi Faxriylar ko‘chasida joylashgan uyda uch kishi is gazidan zaharlanish oqibatida vafot etdi.

Tuman hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, fuqaro A.J Samanko‘l mahallasi Qamishqal’a aholi punkti, Faxriylar ko‘chasidagi uyda ijaraga olib, ikki nafar nabirasi bilan yashab kelgan. U uyni isitish maqsadida qo‘lbola isitish pechini o‘rnatib, uning mo‘risini kesib tashlagan hamda pechni boshqa xonaga ko‘chirib, mo‘risiz holda gaz tarmog‘iga ulagan.

Natijada uy a’zolari gaz yonishidan hosil bo‘lgan tutun, ya’ni is gazidan kuchli zaharlanib, fuqaro A.J. hamda uning nabiralari – 2011 yil tug‘ilgan A. S. (8 sinf o‘quvchisi) va 2015 yil tug‘ilgan A. Q. (4 sinf o‘quvchisi) hodisa joyida vafot etgan.

Hodisa joyiga tergov-operativ guruh a’zolari va ishchi guruh zudlik bilan yetib borib, yuz bergan holat bo‘yicha o‘rganish va ko‘zdan kechirish ishlarini amalga oshirgan.

Tuman hokimligi marhumning oilasiga ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilayotganini bildirdi. Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid