13:32 / 16.12.2021
47156

Denovdagi portlash bo‘yicha uch kishi qamoqqa olingan - Bosh prokuratura

Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha ish ochilgan. Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Foto: Kun.uz

Denovdagi portlash bo‘yicha jinoiy ish doirasida uch kishiga «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llangan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

«Denovdagi savdo majmuasida yuzaga kelgan chaqnash hodisasi bo‘yicha tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida 15 dekabr kuni Denov shahar gaz bo‘limi boshlig‘i, «Hududgaz Surxondaryo»ning 2 nafar xodimlari jami 3 nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 116, 214-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan», deyiladi xabarda.

Dastlabki tergov harakatlari davom etayotgani ma’lum qilingan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksida 116-modda (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bo‘yicha ehtiyotsizlik odamlar o‘limi va boshqacha og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

214-modda (Davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi) bo‘yicha harakatlar darajasiga qarab BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlaridan tortib, besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilishgacha jazolar belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Surxondaryoning Denov shahri markazidagi Indenim savdo majmuasida kuchli portlash 7 dekabr tongida yuz bergan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, 11 kishi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Keyinchalik Denovdagi portlashda 65ta uy zarar ko‘rgani, 6ta xonadon devorlari esa yorilib, yashash uchun xavfli holatga kelib qolgani ma’lum bo‘ldi.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov ikki nafar marhumning yaqinlariga moddiy yordam puli to‘lab berilayotganini ma’lum qildi. U, shuningdek, tadbirkorlarga yetkazilgan zarar, 65ta xonadon ta’miri va ijtimoiy soha obektlarining zararlanishi oqibatida kelib chiqqan chiqimlar ham sud qaroriga ko‘ra ikki xil usulda qoplanishini bildirgan.

Bundan avvalroq Bosh prokuratura holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-modda (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) va 259-moddalari (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida ma’lum qilgandi.

Top