Jahon | 12:07 / 06.01.2026
3959
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda harbiy xizmatchining avtomobili portlatildi: gumonlanuvchi bir necha soatda topildi

Ukraina huquqni muhofaza qiluvchi organlari Kiyevda yashovchi 24 yoshli fuqaroni ushladi - u shahar tumanlaridan birida Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchisining avtomobilini portlatganlikda gumon qilinmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u portlashni Rossiya maxsus xizmatlari topshirig‘i bilan tashkil etgan.

Foto: Ukraina politsiyasi

Kiyevda Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchisining avtomobili portlatilgani bo‘yicha gumon qilingan 24 yoshli mahalliy ayol ushlandi. Uni qo‘lga olish uchun bir necha soat ketgan. Bu haqda dushanba, 5 yanvar kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) rasmiy saytida xabar qilindi.

Avtomobil portlashi 4 yanvar kuni kunduzi Kiyevning Obolon tumanidagi turar joy binolaridan birining hovlisida sodir bo‘lgan. 30 yoshli harbiy xizmatchi ta’tilga kelgan paytida o‘z mashinasining bagajini ochgan onda portlash ro‘y bergan. Portlash natijasida erkak va uning tanishi turlicha og‘irlikda jarohat olgan — jumladan, ikkala oyoqda ham jarohatlar va kontuziya. Avvaliga esa qiz jarohat olmagani haqida xabar berilgan edi.

Tergovchilar ma’lumotlariga ko‘ra, teraktni tayyorlash va amalga oshirish bilan Rossiya tomonidan yollangan 24 yoshli ishsiz kiyevlik ayol shug‘ullangan. Ta’kidlanishicha, u Telegram-kanallarda “oson pul topish” yo‘llarini qidirgan vaqtida Rossiya maxsus xizmatlari e’tiboriga tushgan. Unga portlovchi qurilma tayyorlash bo‘yicha yo‘riqnoma berilgan, shuningdek detallarni xarid qilish uchun bank kartasiga pul o‘tkazilgan. Portlash lahzasi esa yaqin atrofda o‘rnatilgan telefon orqali tasvirga olingan.

24 yoshli ushlangan shaxsga terakt sodir etganlik ayblovi qo‘yildi (Ukraina JK 258-moddasi 1-qism). Ushbu modda bo‘yicha eng yuqori jazo — mol-mulkni musodara qilish bilan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatni amalga oshirish uchun Rossiya tomoni unga 1,5 ming dollar va’da qilgan, ammo politsiya qayd etishicha, u bu pulni olmagan. Hozir huquqni muhofaza qiluvchi organlar kiyevlik ayolni hibsga olish (qamoqda saqlash) haqida sudga iltimosnoma kiritmoqchi.

Mavzuga oid