13:12 / 04.04.2022
13229

Orban Vengriyada qatorasiga to‘rtinchi bor g‘alaba qildi. U nutqida Zelenskiyni esladi

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban parlament saylovlarida qatorasiga to‘rtinchi bor g‘alaba qozondi. U mamlakat ichkarisida ham, YeIning a’zolari tomonidan ham Budapesht va Moskva o‘rtasida qalin aloqalar tufayli tanqidga uchrab keladi.

Foto: Reuters

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Orbanning kampaniyasiga zarar yetkaza boshlagandi va u rossiyaliklar prezidenti Vladimir Putin bilan yaxshi aloqalar o‘rnatgani yuzasidan tushuntirish berishiga to‘g‘ri keldi.

Orban Rossiya tajovuzini qoraladi va Yevroittifoqning Moskvaga qarshi sanksiyalariga veto qo‘ymadi, shu bilan birga bunga qo‘shilmasligini ham qayd etdi.

Shuningdek, u Ukraina uchun mo‘ljallangan har qanday harbiy texnika Vengriya hududiga o‘tishini taqiqladi va Rossiya bilan yaqin aloqalarni saqlab qolish qator ustunliklar berishi, jumladan gaz yetkazib berishda afzalliklarga ega bo‘lishini ta’kidladi.

Orban o‘z elektoratini Peter Marki-Zaining muxolifatchi alyansining Yevroittifoq bilan munosabatlarni yaxshilash to‘g‘risidagi va’dalari Vengriyani NATO tomonida turib harbiy mojaroga aralashishiga olib kelishiga ishontirdi (muxolifat bunday ayblovni qat’iyan rad etgan).

Yakshanba kuni Orban g‘alaba o‘zi uchun yoqimli syurpriz bo‘lganini tan oldi.

«Biz ulkan g‘alabaga erishdik, uni hatto Oydan ko‘rish mumkin edi, va albatta - Bryusseldan ham. Biz Vengriya suvereniteti va erkinligini himoya qildik», dedi u.

«Bizda hech qachon buncha ko‘p dushman bo‘lmagan», deya qo‘shimcha qildi Orban va yana bir bor Bryusseldagi byurokratlarni, xalqaro nashrlarni va ukrainlar prezidenti Vladimir Zelenskiyni yodga oldi.

Ukraina bilan umumiy chegaraga ega  bo‘lgan Vengriya u yerdan yarim milliondan ortiq qochqinlarni qabul qilgan, ammo Zelenskiy Budapeshtni qurollarni Ukrainaga o‘tkazishga ruxsat bermagani uchun tanqid qilgan, Orban esa bu orqali o‘z mamlakatini qurolli nizoga aralashishdan saqlab turganini aytgan.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, Orbanning alyansi «Fides - Vengriya fuqarolar ittifoqi» ovozlarning uchdan ikki qismini qo‘lga kiritib, parlamentda 135 o‘ringa ega bo‘lgan.

Muxolifat alyansi yetakchisi va «Vengriya barcha uchun» partiyasi rahbari Peter Marki-Zai Orbanning g‘alabasini tan olgan, bu vaziyat yuzaga kelishini propaganda mashinasi va OAVda hukmron partiya tarafdorlari ustunlik qilgani bilan izohlagan.

«Biz Fides ovozlarning ko‘p qismini qo‘lga kiritganini tan olamiz, ammo baribir bu saylovlarning demokratik va erkin o‘tganini savol ostiga qo‘yamiz», degan muxolifat vakili.

Top