Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vengriya YeIning kengayish bo‘yicha yillik bayonotini blokladi
Yevroittifoq Vengriya sababli nomzod davlatlarning taraqqiyoti haqidagi yillik bayonotni qabul qila olmadi: Budapesht Ukraina a’zoligiga qarshi. Germaniya vaziri Vengriya vetosini tanqid qildi.
Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshi bo‘lgan Vengriya YeIning uning kengayish jarayoni haqidagi yillik bayonotini blokladi. Daniya — hozirda YeI raisi hisoblangan davlat seshanba, 16 dekabr kuni Bryusseldagi maslahatlashuvlarda ma’lum qilishicha, bosh vazir Viktor Orban hukumati Ukrainaning yevrointegratsiya yo‘lidagi sa’y-harakatlariga berilgan ijobiy bahoni qo‘llab-quvvatlamagan.
Yevroittifoqning boshqa davlatlari Ukraina Bryussel talablarini bajarishda ilgarilashga erishganini tasdiqladi, dedi Daniyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Mari Berre. “26 a’zo davlat Ukrainaga kuchli qo‘llab-quvvatlovni namoyon etmoqda, Ukraina esa va’dalarini bajarmoqda”, — deya dpa agentligi Berrening so‘zlarini keltiradi. Uning aytishicha, bayonot loyihasida Ukrainaga oid iboralar adolatli va mutanosib bo‘lgan.
Germaniyaning Yevropa ishlari bo‘yicha vaziri Gyunter Krixbaum Vengriya harakatlarini “tobora vayronkor” deb atadi va Budapesht hukumatini YeI qarorlariga to‘sqinlik qilishda aybladi.
Vengriya vetosi Ukraina hali ham YeIga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshlay olmasligini anglatadi. Shu bilan birga, Ukraina a’zoligi shartlari bo‘yicha norasmiy maslahatlashuvlar ketmoqda, dedi Mari Berre. “Ukrainaga aniq ko‘rsatmalar berilyapti, ya’ni u islohotlarni qay tarzda amalga oshirishi, nimalarga erishishi, ko‘pchilik a’zo davlatlar bu mamlakatdan qaysi natijalarni kutayotgani tushuntirilyapti”, — deya izohladi Daniya vaziri. U Vengriya vetosini bekor qilsa, Kiyev juda tez sur’atda ilgarilashi mumkinligiga ishonch bildirdi.
Ukrainaga berilgan bahodan tashqari, YeIning kengayish jarayoni haqidagi bayonoti olti Bolqon mamlakati, shuningdek Turkiya, Moldova va Gurjistonning ilgarilashiga oid baholashni ham o‘z ichiga olgan. Yevropa komissiyasining so‘nggi tahliliga ko‘ra, YeIga qo‘shilish jarayonida eng oldinga chiqqan davlat — Chernogoriya. Mamlakat islohotlar sur’atini hozirgi darajada saqlab qolsa, 2026 yil oxiriga qadar a’zolik muzokaralarini yakunlashi mumkin, deb hisoblanadi. Albaniya uchun esa a’zolik muzokaralarini 2027 yil oxirigacha tugatish ehtimoli bor, deb baholanmoqda.
Mavzuga oid
22:16 / 07.07.2026
Vengriyaning bosh teleradiokompaniyasi «yillar davomidagi yolg‘onlar» uchun uzr so‘radi
21:27 / 05.07.2026
Vengriya prezidenti bosh vazirning talabi bilan iste’foga chiqmasligini aytdi
08:53 / 23.06.2026
Starmer iste’fosidan so‘ng YeI – Buyuk Britaniya sammiti qoldirildi
08:58 / 19.06.2026