09:25 / 01.06.2022
24544

Qarshida sodir etilgan bosqinchilik va qotillik jinoyati fosh etildi

Qotillikni sodir etishda gumonlanayotgan 18 yoshli yigitga Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Kecha, 31 may kuni Kun.uz’da Qarshi shahrida bosqinchilik va qotillik sodir etilgani xabar qilingandi. Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlarida mazkur jinoyatni sodir etgan shaxs aniqlandi, deb xabar bermoqda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi axborot xizmati.

Aniqlanishicha, 2022 yil 31 may kuni Qarshi shahri, “Komilon” mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonlardan birida 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro L.A.ning jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan 2004 yilda tug‘ilgan O.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (og‘irlashtiruvchi holatda qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, qotillik sodir etgan shaxs marhumning oila a’zolariga ham turli darajada tan jarohatlari yetkazgan.

Avvalroq, Qarshi shahrida bir guruh shaxslar taniqli sport murabbiyi Elbek Rahimovni o‘ldirib ketishgandi. 2022 yil 5 may kuni shu ish yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan 26 kishiga hukm o‘qildi.

Mavzuga oid
Top