16:42 / 07.07.2022
26404

Shaharda hayot o‘z iziga qaytmoqda – Nukusdan navbatdagi reportaj

Nukus voqealaridan keyingi vaziyatni o‘rganish uchun bir guruh jurnalistlar Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurishdi va shahardagi bugungi hayot bilan tanishishdi. Ko‘pchilikning fikri bir xil – biz tinchlik tarafdorimiz, yuz yillarki o‘zbek va qoraqalpoq birdamlikda yashab kelgan, voqeada chetdan aralashuv yaqqol sezilib turibdi.

Qoraqalpog‘istonga borishda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida tutab yotgan shahar, jazavaga tushgan va jabrlangan odamlar tasavvur qilingani rost. Lekin ilk qadamlardanoq butunlay o‘zgacha manzaraga guvoh bo‘linadi. To‘g‘ri, hali hammasi oldingidek emas, lekin vaziyat ancha iziga tushgan, odamlar ko‘chalarda emin-erkin harakatlanmoqda, hamma o‘z kundalik tashvishlari bilan band. Bozorlarda odam gavjum, savdo rastalarining aksariyatida savdo qizg‘in.

Hali internet faoliyati tiklanmagan, ammo ayrim bankomatlar, ijtimoiy obektlar ishlab turibdi, markaziy maydonlar, namoyish bo‘lib o‘tgan joylar toza-ozoda, hech narsa tartibsizliklar bo‘lganini eslatmaydi.

Ko‘chalarda barvasta harbiylar borligi esa tinchlik bo‘yicha qat’iyat naqadar jiddiyligini anglatib turadi, tartibsizliklarga endi aslo yo‘l yo‘qligini ta’kidlagandek bo‘ladi.

«Voqealar boshlanishi va bu qadar tez avj olishida xorijiy kuchlar aralashuvi bo‘lgani qator dalillar bilan tasdig‘ini topmoqda. Chunki namoyishchilar aloqa cheklanganiga qaramay bir vaqtda bir necha nuqtada uyushgan holda harakatlangani, ularga spirtli ichimliklar va giyohvand moddalar yetkazib berilgani, guruhlar aniq boshqarib turilgani ma’lum.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardagi vaziyatni ham kuzatib boryapmiz. Qo‘shimcha ma’lumotlar tergov yakuniga ko‘ra taqdim qilinadi. Lekin hozirdanoq qat’iy xulosa qilish mumkin – bu tinch namoyishlar bo‘lmagan», – dedi Milliy gvardiya polkovnigi Zafar Alimov OAV vakillari uchun uyushtirilgan matbuot anjumanida.

Namoyishchilarning maqsadi konstitutsion tuzum va hududiy yaxlitlikka tajovuz ekanining yana bir belgisi – ular Dauletmurat Tojimuratovni Qoraqalpog‘iston rahbari deb e’lon qilmoqchi bo‘lishgan. Hech qanday huquqiy asossiz, shunchaki uning chaqiriqlariga ergashgan holda. Noqonuniy mitinglarda hammaning e’tiborini o‘ziga qaratgan Tojimuratov hokimiyat ramzini anglatuvchi yangi to‘nni yelkasiga olgan holda Qoraqalpog‘istonning ajralib chiqishiga oid separatistik ruhdagi chiqishlar qilgan.

Nukus tumanidagi Samanboy ovul fuqarolar yig‘ini nuroniysi Maxset Palimbetov so‘zlari vaziyatga umumiy baho bera oladi:

– Mahallamizda o‘zbek, qoraqalpoq, qozoq, tatar va yana boshqa qator millat vakillari yashaydi. Yillar davomida oramizga nifoq aralashmadi, yaxshi kunlarimizda ham, og‘ir kunlarimizda ham birga bo‘ldik. Bo‘lgan voqealar bir tushunmovchilik bo‘ldi, yoshlarimiz qiziqqonlikda xato qildi. Biz azaldan tinchlik tarafdorimiz.

Chindan ham Qoraqalpog‘istonda, xususan Nukus shahrida bugun osoyishtalik hukm suryapti. Odatiy hayot asta-sekin iziga tushmoqda. Harbiylar to‘la nazoratni qo‘lga olgan, o‘rni kelganda hujjatlar tekshirilmoqda, belgilanmagan vaqtda ko‘chaga chiqqanlar bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Hatto 5 iyul kuniga mo‘ljallangan, ko‘p marta e’lon qilingan namoyishga ham hech kim chiqmagani, komendantlik soati qoidalari buzilmayotgani aholi barchasini tushunib yetganini anglatib turibdi.

Lekin baribir odamlardagi hadik hali to‘liq tarqalib ketishi uchun vaqt kerakligi sezilib turadi. Ko‘chadagi yo‘lovchilar kamera qarshisida intervyu bergisi kelmaydi, suhbatlarda ko‘proq umumiy gaplar bilan cheklaniladi. Shunga qaramay hamma bir gapni ta’kidlaydi – tinchlik bo‘lsin!

tkqn44b4KXPI5SSHZy4GHuTmGzC06UT5.jpg (1280×853)

Abror Zohidov, muxbir, Abduqodir To‘lqinov, operator.
Toshkent – Nukus – Toshkent.

Mavzu
Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar
1-2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston markazi Nukus shahrida tartibsizliklar kuzatildi. Milliy gvardiya xodimlari bilan to‘qnashuvlarda 200 dan ortiq kishi yaralangan, 18 kishi halok bo‘lgan.
Barchasi
Top