08:25 / 29.08.2022
6859

AQSh harbiy kemalari Tayvan bo‘g‘ozi orqali o‘tdi

AQSh harbiy kemalarining Tayvan bo‘g‘oziga kirishi uzoq vaqtdan beri rejalashtirilgan, bu harakat Vashingtonning erkin va ochiq Hind-Tinch okeani mintaqasiga erishish siyosatining bir qismi edi, dedi Kirbi.

Foto: AFP

AQShning ikkita harbiy kemasi xalqaro suvlar orqali Tayvan bo‘g‘oziga kirdi. AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi 28 avgust, yakshanba kuni CNN’ga bergan intervyusida bu harakat «uzoqdan rejalashtirilgani»ni va AQShning Xitoy-Tayvan mojarosi hamda erkin va ochiq Hind-Tinch okeaniga intilish siyosatiga mos kelishini bildirdi.

AQSh harbiy-dengiz kuchlari operatsiyani tasdiqladi va unda Chancellorsville hamda Antietam kreyserlari ishtirok etganini ma’lum qildi. «Ushbu kemalar bo‘g‘ozdan har qanday sohilbo‘yi davlatning hududiy suvlaridan tashqaridagi yo‘lak bo‘ylab o‘tgan», - dedi ular va bu xalqaro huquqqa zid emasligini ta’kidladilar. 

Bunday harakatlar odatda 8 soatdan 12 soatgacha davom etadi va xitoylik harbiylarning yaqin nazorati ostida amalga oshiriladi, deya qayd etadi Reuters. So‘nggi yillarda ular AQSh, shuningdek, Buyuk Britaniya va Kanadaning harbiy kemalari tomonidan amalga oshirildi. Bu AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi avgust oyi boshida Tayvanga tashrif buyurganidan keyin Tayvan bo‘g‘oziga kirgan birinchi AQSh harbiy kemasi bo‘ldi.   

Bir kunlik tashrif doirasida Pelosi Tayvan apparati rahbari Tsay Inven bilan uchrashdi va mahalliy parlamentga tashrif buyurdi. U 25 yil ichida Tayvanga tashrif buyurgan AQSh Kongressi quyi palatasining birinchi spikeri bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashrifdan ko‘zlangan maqsadlardan biri - «dunyoga Tayvan xalqining muvaffaqiyati, o‘z mamlakatini o‘zgartirishdagi jasoratini ko‘rsatish» bo‘lgan. Tayvanni o‘z hududi deb hisoblagan Xitoy rasmiylari Pelosining orolga tashrifidan oldin ham keskin tanqid qilgan. XXR orol bilan savdo-sotiqni qisman to‘xtatib, Tayvan bo‘g‘ozida harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. AQSh Tayvan mustaqilligini rasman tan olmaydi, lekin Xitoyning orolni kuch bilan annexia qilish tahdidiga qarshi chiqyapti. 

Top