09:50 / 09.10.2022
30433

Jizzaki qo‘shni, uyg‘urlar bo‘yicha pozitsiya va grin-karta - hafta dayjesti

Komilovning bayonotini ko‘tarolmaganlar transport yo‘laklarini blokada qilishga uringani ma’lum bo‘ldi. O‘zbekiston duch kelayotgan tashqi siyosatdagi chaqiriqlar va yakunlanayotgan haftaning boshqa muhim mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Putinning tug‘ilgan kuniga orden: “diplomatik qarz” qaytarildi

Hafta davomida o‘z qo‘shnisiga urush ochgan Rossiya bilan O‘zbekistonning munosabatlari jamoatchilik diqqat markazida bo‘lib turdi. Bunga sabablardan biri – Vladimir Putinning tug‘ilgan kuni.

7 oktyabrda 70 yoshga to‘lgan Rossiya prezidenti MDH davlatlari rahbarlarini Sankt-Peterburgga, norasmiy uchrashuvga taklif qildi. Uning taklifini 7 ta davlat rahbari qabul qildi, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov esa kelmadi – norasmiy sammitda unga ajratilgan joy bo‘sh qoldi. Lekin aftidan, boshqa mehmonlar ham yig‘ilish mezbonining nutqini maroq bilan tingladi deb bo‘lmaydi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Peterburgdagi tug‘ilgan kunga bormadi. U o‘z tabrigini qirg‘iz delegatsiyasi orqali jo‘natib yuborgani aytildi. / Foto: Tengrinews

Prezidentlar Putinning yubileyiga sovg‘alar bilan kelishdi. Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko ittifoqchisiga traktor hadya qilgan bo‘lsa, Tojikiston rahbari Imomali Rahmon qovun-tarvuz va mevalardan iborat kompozitsiya yasattirdi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev esa rossiyalik hamkasbini “Oliy darajali do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.

Jamoatchilik faollarining fikricha, bu mukofotga ortiqcha urg‘u berib o‘tirish shart emas. Ya’ni ordenni berishdan maqsad – oxirgi paytlarda ancha jizzaki va ta’sirchan bo‘lib qolgan Kremldagilarni shunchaki tinchlantirish, xolos. Yo‘q joydan muammo yaratmaslik uchun qilingan oddiygina diplomatiya.

Qolaversa, iyul oyida Shavkat Mirziyoyevning tug‘ilgan kuniga sovg‘a qilingan Aleksandr Nevskiy ordenini javobsiz qoldirib ham bo‘lmasdi. O‘tgan oyda xuddi shu “Oliy darajali do‘stlik” ordeni Samarqandga kelgan Si Jinpingga ham berilgandi. Xitoy raisiga mukofot berilgan bir paytda, Putinning ordeniga hech qanday javob qaytmay tursa... To‘g‘ri-da, ortiqcha boshog‘riq kimga kerak?

Umuman olganda, bu orden, traktor va qovun-tarvuzlar o‘z yo‘liga, asosiysi – Putin tug‘ilgan kuniga eng katta sovg‘ani o‘ziga o‘zi tortiq qildi. U chorshanba kuni Ukrainaning to‘rtta viloyatini Rossiya tarkibiga qo‘shib olish to‘g‘risidagi qonunlarni imzoladi. Buni nishonlash chog‘ida ayirmachilar bilan qo‘l berishib, “Rossiya” deb hayqirdi.

Shu hafta Rossiyadagi voqealarni kuzatganlar orasida bu davlat borgan sari Shimoliy Koreyaga o‘xshab ketayotganini aytganlar ham bo‘ldi. Masalan, bir xil kiyintirib, shior yodlatilgan va Putinni xo‘r bo‘lib tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan 2 ming xodim videosi shunday taassurot uyg‘otmasdan qolmaydi.

O‘zbekistonga shimoldan esgan iqtisodiy buhron

Yuqorida aytilganidek, katta muammolarga o‘ralashib qolgan Rossiya rahbariyatining hozir har doimgidan ham fe’li torroq, ko‘ngli nozikroq. Natijada ko‘p jihatdan shimoliy yo‘nalishlarga bog‘liq O‘zbekiston ham ehtiyotkor tashqi siyosat yuritishga, milliy manfaatlarni shovqinli bayonotlar bilan emas, sokinlik va vazminlik bilan himoya qilishga majbur bo‘lyapti. Shu hafta deputat Alisher Qodirov Kun.uz'ga bergan intervyusida oshkor qilgan fakt ham shundan dalolat beradi.

Qodirovning aytishicha, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mart oyida O‘zbekiston Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llashi haqida bergan bayonotidan keyin, O‘zbekiston uchun shimoldan iqtisodiy buhron boshlangan.

Abdulaziz Komilov mart oyida Senatdagi chiqishida harbiy harakatlar zudlik bilan to‘xtalishi kerakligi, O‘zbekiston Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llashi, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan “LDXR”ni tan olmaganini aytgan edi. / Foto: Kun.uz

“Abdulaziz Komilovning o‘sha chiqishi O‘zbekistonning eng dadil chiqishi edi. Biroq o‘sha chiqishdan keyin biz uchun 1 hafta iqtisodiy buhron boshlandi. Bilasizmi, O‘zbekistonning shimol tomondan okeanga ochilish yo‘nalishi 1 haftaga maxsus falajlantirildi”, – dedi deputat.

Eslatib o‘tamiz, o‘sha voqeadan keyin Komilov vazir lavozimidan ozod etilgan edi. Shundan keyin u Xavfsizlik kengashi kotibining o‘rinbosari, prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili etib tayinlangan.

Rossiyadagi inson huquqlari va uyg‘urlar masalasi: O‘zbekistonning pozitsiyasi

Yodingizda bo‘lsa, bundan ikki yil oldin O‘zbekiston o‘z tarixida ilk marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lgan edi. O‘zbekiston Jyenevada joylashgan bu kengash a’zoligiga uch yil muddatga saylangan. Shu hafta kengashning 51-sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda Rossiya va Xitoyga taalluqli masalalar ham ovozga qo‘yildi.

Ulardan biri – Rossiyada inson huquqlarining buzilishi holatlarini monitoring qilish uchun kengashning maxsus vakili lavozimini joriy etish masalasi edi. E’tiborlisi, rasmiy Toshkent bu masalaga hech qanday munosabat bildirmadi va ovoz bermadi. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston Rossiyada so‘z erkinligi va boshqa inson huquqlari ochiqchasiga buzilayotganini inkor etgani yo‘q. Bu masalada faqat 6 ta davlat, shu jumladan Qozog‘iston qarshi ovoz berdi. Kengashga a’zo 42 ta davlatdan 17 tasining yoqlab ovoz berishi natijasida taklif qabul qilindi va endi BMT kengashida Rossiyadagi inson huquqlari buzilishini monitoring qilib boruvchi maxsus ma’ruzachi lavozimi joriy etiladi.

Ikkinchi masala – Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyatidagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat edi. O‘zbekiston bu masala bo‘yicha kengashning maxsus yig‘ilishini o‘tkazishga qarshi ovoz berdi. O‘zbekiston, Qozog‘iston va yana 17 ta davlatning qarshi ovoz berishi natijasida kengashda bu masala muhokama qilinmaydigan bo‘ldi.

Shinjonda 26 millionga yaqin aholi yashaydi. Shuning salkam yarmi – uyg‘urlar / Foto: Encyclopedia Britannica

Shinjondagi musulmon aholi – Xitoy uchun xuddi Tayvan kabi eng nozik mavzulardan. Xalqaro huquq tashkilotlari Xitoy hukumatini uyg‘urlarga qarshi yuqori texnologik kuzatuvlar olib borish va majburiy mehnat lagerlariga jo‘natishda ayblab keladi. Rasmiy Pekin esa lagerlar ko‘ngilli ta’lim va malaka oshirish uchun tashkil qilinganini aytadi.

Avgust oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi Shinjon-Uyg‘ur muxtor viloyati bo‘yicha uzoq kutilgan hisobotini e’lon qilgandi. Hujjatda mintaqadagi uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchiliklar huquqlarining buzilayotgani tafsilotlari bayon etilgan, lekin AQSh va boshqa davlatlar aytayotgan ayblov – “genotsid” haqida so‘z yuritilmagan.

Foto: AFP / Getty Images

Toshkent va Ostonaning bu masalada Pekin tarafda turgani bu mamlakatlar tashqi siyosatda inson huquqlari va boshqa ideallarni emas, pragmatik milliy manfaatlarni ustun qo‘yishi bilan izohlanishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, Si Jinping o‘tgan oyda Samarqandga kelishidan oldin Ostonaga ham tashrif buyurgandi.

Qolaversa, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga binoan, mamlakat boshqalarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qiladi. Konstitutsiyaning yangilanishi jarayonida bu modda to‘ldirilib, undagi “chegaralarning daxlsizligi”ga qo‘shimcha ravishda “davlatlarning hududiy yaxlitligi” degan so‘zlar ham kiritilishi kutilyapti. Tushunarliki, O‘zbekistonning uyg‘urlar, Tayvan va Ukraina masalalaridagi pozitsiyasi aynan shu hududiy yaxlitlik va milliy manfaatlar ustunligi prinsiplaridan kelib chiqadi.

Senator nomiga dog‘ tushirildimi?

Abira Husaynova / Foto: Senat matbuot xizmati

Konstitutsiya yangilanayotganini eslatishimizga boshqa sabab ham bor. Shu hafta senatorlardan biri bosh qomusda allaqachon bor qoidani yangi Konstitutsiya loyihasiga kiritishni taklif qilib, kulgiga qoldi.

“Konstitutsiyada “Xotin-qizlar va erkaklar qonun oldida teng huquqlidirlar”, degan norma kiritilishini taklif qilaman”, deya yozdi senator Abira Husaynova “Milliy tiklanish” gazetasi orqali qilgan chiqishida. Vaholanki, amaldagi qomusda bunaqa qoida 30 yildan beri bor. 46-moddada: “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar” deb yozib qo‘yilgan.

Senatorning bu chiqishi mashhur bo‘lib ketgach, ijtimoiy tarmoqda hazilomuz izohlarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar Toshkent shahriga poytaxt maqomini berishni “taklif qilgan” bo‘lsa, boshqalar Senatga senatorlar saylansin degan “taklif”ni o‘rtaga tashladi.

Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha referendum qachon o‘tkazilishi hozircha aniq emas. Ayni paytda ovozga qo‘yiladigan yakuniy qonun loyihasi tayyorlanyapti. Prezident Sirdaryoga safarida “xalqchil Konstitutsiyani yaratish uchun shoshilmaslik kerakligi”ni ta’kidladi.

Juma kuni Senat yalpi majlisida referendumda ovoz berish tartibini o‘zgartirish haqidagi qonun ma’qullandi. Natijada Konstitutsiya bo‘yicha referendum moddama-modda tartibida emas, taklif qilingan butun bir loyiha yaxlit holda bo‘lishi deyarli aniq bo‘ldi. Ya’ni fuqarolarga beriladigan byulletenlarda har bir moddaga alohida-alohida munosabat bildirish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin.

Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh taqiqlanishi mumkin

Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salkam 60 foizi Qashqadaryo va Surxondaryoga to‘g‘ri keladi. / Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish taqiqlanishi mumkin. Bu taklif Oila kodeksiga yangi normalar qo‘shish haqidagi qonun loyihasiga kiritilgan.

Agar qonun qabul qilinsa, amakivachcha yoki xolavachcha kabi qarindoshlik darajasiga ega fuqarolarning oila qurishi mumkin bo‘lmaydi. Sababi esa tushunarli – yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan nogiron bolalar tug‘ilishi juda ko‘p uchraydi.

Statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 yoshga to‘lmagan, lekin nogironligi bor chaqaloqlar soni 2 yil ichida 30 foizga ko‘paygan. Bundan tashqari, 1 yoshgacha tug‘ma nuqsonlar, deformatsiya va xromosom buzilishlarga uchragan bolalar soni 18 foizga oshgan.

2021 yilning ikkinchi yarmida O‘zbekiston bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida 1210 ta nikoh tuzilgan. Bu nikohlarning 529 tasi xolavachcha, 307 tasi tog‘avachcha, 196 tasi ammavachcha, 178 tasi amakivachchalar o‘rtasida tuzilgan. Qarindoshini kelin qilish yoki qarindoshiga qiz uzatish holatlarining salkam 60 foizi Qashqadaryo va Surxondaryoga to‘g‘ri keladi.

Tug‘ilish va nikohlar bo‘yicha ayrim raqamlar

Shu hafta O‘zbekistondagi oilalar haqida yana boshqa qiziqarli raqamlar ham e’lon qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, chaqaloqlarga eng ko‘p qo‘yilayotgan ismlar ro‘yxatida yetakchilar o‘zgarmagan: tug‘ilayotgan chaqaloqlarning har 20 tasidan bittasiga yo Muhammadali, yoki Soliha deb ism qo‘yilyapti. Bu ikki ism uch yildan beri O‘zbekistonda chaqaloqlarga eng ko‘p qo‘yilayotgan ismlar bo‘lib turibdi.

Davlat statistika qo‘mitasi e’lon qilgan yana bir statistikaga ko‘ra, O‘zbekiston tug‘ilish ko‘rsatkichi bo‘yicha MDHda birinchi o‘rinda boryapti. O‘tgan yili mamlakatimizda 905 ming nafar chaqaloq tug‘ilgan va har mingta aholiga tug‘ilish koeffisenti 25,9 ni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Qozog‘iston va Qirg‘izistondan tashqari mintaqaning boshqa davlatlaridan 2-3 baravarga ko‘p.

Afsuski, hafta davomida ochiqlangan statistikalarning hammasi ham quvonarli emas. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, yil boshidan avgust oyigacha O‘zbekistonda 20 yoshga to‘lmagan 372 nafar ayol nikohdan ajrashgan. Bu – hali yigirmaga to‘lmagan ayollardan haftasiga 10 tasining turmushi buzilib, qizlik uyiga qaytib kelyapti degani.

Grin-karta oyligi boshlandi

Internetda hazillarga sabab bo‘layotgan surat / Foto: Troll.uz Telegram-kanali

Millionlab vatandoshlarimiz uchun haftaning muhim voqealaridan biri – grin-karta mavsumining boshlanishi bo‘ldi. AQShga doimiy yashash uchun ko‘chib ketishni istovchilar 5 oktyabrdan 8 noyabrgacha viza lotereyasida qatnashish uchun ariza berishlari mumkin.

Shu yildan boshlab o‘zbekistonliklar grin-karta o‘ynash uchun xorijga chiqish pasportini olmasa ham bo‘ladi. Chunki endi anketa to‘ldirayotganda fuqaroning pasport ma’lumotlari so‘ralmaydi. 2019 yilda, AQShda migratsiyani jini suymagan Donald Trampning prezidentligi paytida joriy qilingan bu talab hozir bekor qilingan.

Eslatib o‘tamiz, dunyo bo‘ylab o‘tkaziladigan bu lotereyada har yili 2 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi ishtirok etadi. Bu yil ulardan 5511 nafariga yutuq chiqqan. Bu – dunyo bo‘yicha uchinchi eng yuqori ko‘rsatkich. Lekin, lotereyada yutuq chiqdi degani Amerika vizasini aniq olasiz degani emas.

Telefon raqamni o‘zgartirmasdan boshqa kompaniyaga o‘tish: bu va’da amalga oshishi cho‘zilib ketdi, lekin Shermatov xijolat emas

Sherzod Shermatov / Foto: uznews.uz

O‘zbekistonliklarni “mobil qullik”dan chiqarish bo‘yicha ishlar qachon yakuniga yetishi hali ham aniq emas. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vaziri Sherzod Shermatovning aytishicha, bu boradagi “texnologik yechimlar” deyarli tayyor bo‘lgan, lekin masalaning “tegishli organlar bilan kelishadigan joylari” qolgan.

“Bir operatorda ishlatayotgan raqamingizni boshqa operatorga o‘tkazish uchun texnologik yechim deyarli ishlab chiqilgan. Integratsiya va xavfsizlik masalalari qolgan. Ya’ni sizning nomingizdan boshqa odam kimgadir telefon qilishi kabi muhim xavfsizlik jihatlari bor. Boshqa davlat organlari bilan bu ishlarni oxiriga yetkazamiz”, – dedi Shermatov.

Dunyoning ko‘p davlatlarida telefon raqamini o‘zgartirmagan holda aloqa kompaniyasini almashtirish mumkin. Kompaniyaning xizmat sifati yoqmayaptimi, bemalol boshqa kompaniyaga o‘taverasiz, buning uchun raqamingizni almashtirishingiz shartmas.

Bunaqa tizim O‘zbekistonda ham bo‘ladi deb ilk marta va’da berilganiga naq 5 yil bo‘ldi. Ikki yil oldin bu borada hatto normativ hujjat ham qabul qilingan. O‘shanda AKT vazirligi “2021 yil oxirigacha tizim to‘liq amaliyotga joriy etiladi” deb e’lon qilgan edi. 2022 yil tugayapti, vazirning gaplarini esa o‘zingiz eshitib turibsiz.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Toshkentdagi "Seul Mun" majmuasi qurilishi sabab Bo‘rijar kanali bo‘yidagi daraxtlarga qirg‘in kelgan. / Foto: Maxar / Google Earth

Chilonzordagi qurilish maydonida 700 ga yaqin daraxt yo‘q qilingani ma’lum bo‘ldi. Holat “Seul Mun” majmuasi qurilayotgan hududda ro‘y bergan. Ekologiya vakilining aytishicha, quruvchilar daraxtlarni go‘yoki ko‘chirib o‘tkazishganini aytgan, lekin buni isbotlab bera olishmagan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shavkat Mirziyoyev Vengriyaga ikki kunlik rasmiy tashrifni amalga oshirdi. Yevroittifoqning Rossiyaga eng yaqin bu a’zosi 2021 yildan beri O‘zbekistonning ham strategik sherigiga aylangan. Jizzaxda qurilajak AESda Vengriyaning sovitish tizimlaridan foydalaniladigan bo‘ldi.

Turkistonbank va Hi-tech bank'ning litsenziyasi bekor qilindi. Markaziy bank bayonotiga ko‘ra, bu ikki xususiy bank muntazam ravishda prudensial talablarni buzib kelgan. Turkistonbank va Hi-tech bank aktivlari hajmi bo‘yicha O‘zbekistondagi banklar orasida 26- va 29-o‘rinda edi.

O‘zbekiston banklarida yana naqd dollar tanqisligi kuzatila boshladi. Bir nechta banklar naqd valuta sotishga cheklovlar kiritishga majbur bo‘ldi. Bu Rossiyadan spekulyativ amaliyotlar haddan tashqari ko‘payib ketgani bilan izohlanyapti. Ayni paytda, safarbarlikdan qochib kelayotgan rossiyaliklar sabab Toshkentda ijara va mehmonxona narxlari keskin ko‘tarilib boryapti.

3 nafar sobiq sudya qamoqqa olingani oydinlashdi. Kun.uz'ning aniqlashicha, qamoqqa olinganlardan ikki nafari Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida ishlagan va mansab vakolatidan foydalanib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganlikda gumonlanyapti.

Top