14:14 / 27.01.2023
14288

AQSh Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berishi mumkin

Foto: AP

Oq uy va Pentagon Ukrainaga jangovar samolyotlar yuborilishi mumkinligini istisno etmadi. AQSh Mudofaa vazirligi hali e’lon qilinmagan yordam paketlaridan oldinga o‘tish niyatida emasligini qo‘shimcha qildi.

Qo‘shma Shtatlar «Ukrainaga qandaydir aniq qurol tizimlari» yetkazib berilishini istisno etmaydi. Bu haqda 26 yanvar, payshanba kuni AQSh prezidenti Jo Baydenning xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jon Fayner MSNBC telekanalining Vashington Kiyevga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqyaptimi, degan savoliga javoban ma’lum qildi.

Faynerning ta’kidlashicha, Ukrainaga yordam uning ehtiyojlariga muvofiq amalga oshiriladi. «Biz buni juda batafsil bilan muhokama qilamiz», - deya qo‘shimcha qildi Baydenning maslahatchisi Ukraina tomonining jangovar samolyotlarni Kiyevga berish haqidagi chaqiriqlarini izohlar ekan.

Amerika qiruvchi samolyotlari Ukrainaga yuborilishi mumkinligini AQSh Mudofaa vazirligi ham istisno etmadi. «Biz, albatta, kun tartibidan hech qaysi masalani olib tashlamoqchi emasmiz», dedi Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singx 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda F-16 qiruvchi samolyotlarining Ukrainaga berilishi ehtimoli haqidagi savolga javob qaytarib. Biroq, Singxning ta’kidlashicha, F-16 murakkab qurol tizimi bo‘lib, keng qamrovli tayyorgarlikni talab qiladi.

«Biz havo hujumidan mudofaa tizimlarini taqdim etyapmiz, ukrainaliklarni Patriot zenit-raketa tizimlari bilan ishlashga o‘rgatyapmiz. Ular nafaqat biz, balki boshqa davlatlar ham taqdim etayotgan bir qator havo imkoniyatlaridan naqadar aql bovar qilmaydigan darajada foydalanganini ko‘rdik. Keyingi qadamlarga kelsak, men hali e’lon qilinmagan yordam paketlari yoki prezident va Mudofaa vaziri qarorlaridan oldinga chiqmoqchi emasman», deya qo‘shimcha qildi Sabrina Singx.

Avvalroq Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Germaniyadagi sobiq elchi Andrey Melnik Kiyevga Rossiya harbiy agressiyasini qaytarish uchun tanklardan tashqari qiruvchi samolyotlar, harbiy kemalar va suvosti kemalari kerak bo‘lishini aytgan edi. Politico nashrining yozishicha, Ukrainaga Germaniya va Amerika tanklarini yuborish qaroridan so‘ng NATO davlatlari vaziyat yanada avj olishidan xavotirda ekaniga qaramay, Kiyevga jangovar samolyotlar yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Fransiyaning LCI telekanaliga bergan intervyusida, agar NATO davlatlari birgalikda shunday qaror qabul qilsa, uning mamlakati Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini ta’kidladi. Avvalroq Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Vopke Xukstra mamlakat parlamentida so‘zlagan nutqida, OAV xabariga ko‘ra, bu masalada hech qanday taqiq yo‘qligini aytgan. Germaniya kansleri Olaf Shols esa teskari fikrda. 25 yanvar kuni Bundestagda so‘zlagan nutqida u nemis jangovar samolyotlarini yetkazib berish yoki Bundesver qo‘shinlarini Ukrainaga joylashtirishni imkonini rad etdi. Sholsning so‘zlariga ko‘ra, «hozircha bunday bo‘lmagan va kelajakda ham bo‘lmaydi».

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top