19:36 / 27.01.2023
26931

«Ortiqxo‘jayev poytaxtni qonunlar asosida emas, bilganicha boshqardi» – iqtisodchi

Iqtisodchi Jamshid Muslimov, huquq faoli Abdurahmon Tashanov, siyosiy fanlar doktori Bekzod Zokirov Kun.uz'ga bergan intervyusida Jahongir Ortiqxo‘jayevning ishdan ketishiga sabab bo‘lgan omillar, faoliyati davomida yo‘l qo‘ygan xatolari, hokimlarni tayinlash institutining muammoli jihatlari, ularni saylash tizimiga o‘tish kerakligi haqida fikr bildirishdi.

— Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatarkanmiz, Ortiqxo‘jayevning ishdan olinishi masalasida jamoatchilik ikkiga bo‘linganini kuzatamiz. Aksariyat internet foydalanuvchilari uning iste’fosini olqishlashgan bo‘lishsa, fikr bildirayotganlar orasida sobiq hokimning yonini olayotganlar ham bor. Ularning fikricha, poytaxtdagi barcha muammolarga, xususan, anomal sovuq paytida kuzatilgan energoresurslar ta’minotidagi uzilishlarga birgina Ortiqxo‘jayev aybdor emas. Ular “asl aybdorlar tepada o‘tirgani va jazosiz qolishayotgani”ni aytishmoqda. Bu fikrlarga qo‘shilasizlarmi?

Jamshid Muslimov, iqtisodchi:

— Bu fikrlarga qo‘shilmayman. Chunki hokim o‘z vakolatidan foydalangan holda shaharni qishki mavsumga tayyorlashi kerak edi. Agar bu borada qandaydir qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsa, bu haqda prezidentni va jamoatchilikni boxabar qilishi kerak edi.

Ko‘rdikki, osh berish, bir necha kun kutib turish kabi g‘alati tashabbuslar bilan chiqdi. Fikrimcha, bu yerda birinchi o‘rinda shahar hokimi aybdor. Antikrizis boshqaruv ko‘nikmalarga ega emasligi ko‘rinib qoldi. Pandemiyani ham boshdan o‘tkazdi bu shahar va bu orqali jiddiy holatlarga ko‘nikma, immunitet hosil qilish kerak edi, aslida. Ortiqxo‘jayev shahar hokimi bo‘lgandan beri unda boshqaruvchilik qobiliyati ko‘rinmadi.

Jamshid Muslimov Foto: Kun.uz

Tadbirkor yaxshi boshqaruvchi bo‘lishi mumkin o‘z korporatsiyasida, lekin jamiyat bilan bog‘liq bo‘lgan davlat ishida bu yordam bermaydi. Ekstremal holatlarda qaror chiqarish ko‘nikmasi bo‘lishi kerak edi, ammo u o‘z ustida ishlamadi. Umuman, Ortiqxo‘jayevning hokim bo‘lishi boshidan xato edi.

Abdurahmon Tashanov, O‘zbekiston inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati rahbari:

— Uning shahar hokimligiga tayinlanishi masalasini bir ko‘rib chiqsak. Chunki odatda poytaxt shaharlarida jamoatchilikning har qanday qatlami bilan muloqot qila oladigan kishilar bo‘lishi kerak. Shu paytgacha uning chiqishlarida biror marta «inson huqulari» degan jumlani ishlatganini eshitmadim.

Ikkinchidan, poytaxt sifatida Toshkentda ko‘plab ziyolilar, olimlar bor, ammo ularning birortasi bilan uchrashganini ko‘rmadim. Umumiy jihatdan Ortiqxo‘jayev yaxshi yoki yomonligi to‘g‘risidagi gaplarga qo‘shilmayman. Yana bir masala bor: undan oldingi hokimlar yaxshiroqmidi? Tarixga qarab chiqilsa, Toshkent shahar hokimligidan hech kim yaxshilik bilan ketmagan.

Abdurahmon Tashanov Foto: Kun.uz

Bu yerda biz Ortiqxo‘jayev shaxsi haqida emas, butun Toshkent shahri haqida o‘ylashimiz kerak. Masalan, Toshkent shahrining bosh rejasi yo‘qligi aytildi. Bunga Ortiqxo‘jayev aybdormi yoki tepadagilar, degan savollar paydo bo‘ladi.

— Inson huqulari borasida gap ketdi. Kuzatishlaringiz davomida Ortiqxo‘jayevning inson huqulariga zid qaysi harakatlari, qaysi mojaroli holatlarni ayta olasiz?

— Inson huquqlariga hurmatsiz qaradi. Inson huquqlari tashkilotlaridan tashqari nodavlat tashkilotlarga ham juda yomon munosabatda bo‘ldi. 2018 yildagi prezidentning nodavlat tashkilotlarni takomillashtirish to‘g‘risida qaroriga muvofiq 2019 yilgacha nodavlat tashkilotlar joy bilan ta’minlanishi kerak edi. Ammo bo‘lmadi. Nodavlat tashkilotlar va fuqarolar institutlarga munosabatini shundan ko‘rish mumkin edi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston respublikasida inson huquqlari vakili ombudsman binosi 5 yil oldin ta’mirlashga berilgan edi, ammo bitmadi. Uchinchidan, ko‘plab fuqarolar boshpanasidan ayrildi. Bu borada faqatgina hokimni ayblab bo‘lmaydi, chunki sudlov tizimi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham aybdor.

Hokimlar borasidagi siyosatni qayta ko‘rib chiqish kerak. Chunki elektr, gaz va boshqa muammolar faqat Toshkentda emas, boshqa viloyatlarda ham bor. Ortiqxo‘jayevni umuman qoralab tashlamoqchi emasman, bu yerda uni tayinlagan odamlar ko‘proq javob berishi kerak.

Bekzod Zokirov, siyosiy fanlar doktori:

— Yuqorida aytilgan ikki qarashning ham o‘ziga yarasha sabablari bor. Toshkentning shahar sifatida o‘zgarishiga ijobiy ta’sir o‘tkazdi bir tomondan. Lekin salbiy taraflari ham bor. Mulk huquqining daxlsizligi juda katta zarba oldi. Buni «snos» misolida ko‘rishimiz mumkin.

Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, investitsiya kiritish, davlatni rivojlantirish g‘oyasini ilgari surdi. Buning ortida mulk daxlsizligi yotadi. Davlat rivojlanishi masalasidan mulk daxlsizligi masalasi ustun turishi kerak aslida.

— Ayrimlarning fikricha, Ortiqxo‘jayevni ancha avvalroq, ya’ni bundan jiddiyroq vaziyatda ishdan olish mumkin edi, deb hisoblashmoqda. Sizningcha, u aynan qaysi mojaroli voqealardan keyin bemalol lavozimidan ozod etilishi mumkin edi-yu, ammo bunday bo‘lmadi? Nega elektr-gaz masalasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri javobgar shaxs bo‘lmay turib, endi ishdan olinmoqda?

Jamshid Muslimov:

— Avvalo biz hokimlarning vazifalari haqidagi fikrlarimizni, mezonlarimizni aniqlashtirib olishimiz kerak. Qachonki, shu mezonlar aniqlangach, bu borada fikr yuritish mumkin. Ikki xil tarafli fikrlar har xil mezonlar asosida kelib chiqmoqda. Umuman, davlat, jamiyat to‘g‘risidagi tushunchalarimiz bir tartibga kelmagan.

Shaxsga nisbatan qoralashdan yiroq bo‘lishimiz kerak, lekin davlatchilik, shaharsozlik borasidagi tushunchalarni maromga keltirib olish uchun bu narsalarni tahlil qilishimiz kerak.

Menimcha, Ortiqxo‘jayev umuman hokim bo‘lishi kerak emas edi. Yoki jurnalistlar bilan bo‘lgan mojarodan keyin o‘zi iste’fo berishi kerak edi. Rivojlangan davlatlarda bu kabi holat so‘z erkinligiga qarshi xuruj bo‘ladi.

— Ortiqxo‘jayevning ishdan olinishi kifoya bo‘ladimi yoki uning qilgan noqununiy ishlari ko‘rilishi kerakmi? Ko‘pincha amaldorlarimiz ishdan bo‘shash bilan javobgarlikdan qutulib qoladi.

Abdurahmon Tashanov:

— Ortiqxo‘jayevning saxiyligi gapirildi. O‘sha saxiylik ham qonun doirasida bo‘lishi kerak. Hokim doim qonun bilan ish ko‘rishi lozim. Qilingan ishlarning ijtimoiy, siyosiy, huquqiy oqibatlarini ommaga yetkazish kerak. Biz uning yaqinlari, hamkorlari kimligini bilaylik. Bu narsalardan xabardor idoralar bularni jamoatchilikka oshkor qilishi kerak. Shunda davlatning legitimligi ortadi.

Bekzod Zokirov:

— Aslida ancha oldin, salbiy oqibatlarga olib kelgan ishlaridan so‘ng ishdan olinishi kerak edi. Bu yerda manfaatlar to‘qnashuvi bor. Biznesmen kishi hokimlikka o‘tgach, bu manfaatlar to‘qnashuvi darajasi ortadi. Vakolatlarni suiiste’mol qilish va qonunga e’tibor bermaslik holatini keltirib chiqaradi. Bunday holatlarga oldindan e’tibor berilishi, ishdan bo‘shaguncha kutib turmaslik kerak edi.

 Bekzod Zokirov Foto: Kun.uz

Tashkent city'ning qurilishidan tortib yana ko‘plab masalalarda manfaatlar to‘qnashuvi bo‘lgan. Bu borada xalqaro doirada ham jurnalistik surishtiruvlar bo‘lgan. Aytmoqchimanki, surishtiruv hujjatlari chiqqan paytdayoq ko‘rib chiqilishi kerak edi Ortiqxo‘jayev masalasi, shunda boshqa boshqaruv organlarida ishlab yurgan mansabdorlarga ham signal bo‘lardi bu.

— Lekin OAV, jumladan, Kun.uz hali Ortiqxo‘jayev lavozimda payti uning qonunga zid harakatlari haqida o‘nlab maqolalar e’lon qilgan. Hokimga aloqador deb ko‘riladigan tashkilotlarning tendersiz katta-katta loyihalarni qo‘lga kiritganime’yordan ortiq smetalar bilan budjetdan pul olgani kabi bir qancha holat yoritilgan. Afsuski, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bu borada sustkashlik qilgan. Bunday holatda tekshiruv ishlarini oldinroq boshlash kerak edi deyish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

Hamkasbim Bobur Akmalovning Ortiqxo‘jayevning va’dalari va ularning ijrosiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvida uning qudasi prezident maslahatchisi bo‘lgani, sobiq prezident administratsiyasi rahbari uni himoya qilib kelgani haqida shamalar bor. Bu vaziyatda qanday qilib jazo muqarrarligi haqida gapirish mumkin?

— Bundan shuni xulosa qilish mumkinki, demak, faqat Ortiqxo‘jayev masalasida emas, butun sistemada bu muammo ildiz otgan. Afsuski, bitta odam bilan bu muammoni hal qilib bo‘lmaydi.

Suhbatni to‘liq Kun.uz’ning yutub-kanalida ko‘rish mumkin.

Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov

Top