13:02 / 30.01.2023
35666

O‘zbekistonga nam va iliq havo massalari kirib kelishi kutilyapti

Bugun respublika hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kun o‘rtasiga kelib 7-10 daraja iliqqacha ko‘tariladi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, ertaga O‘zbekiston hududiga O‘rta Yer dengizi hududlaridan nam va deyarli iliq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda, buning natijasida respublika bo‘yicha hafta davomida beqaror ob-havo bo‘ladi.

1 fevraldan 3 fevralgacha O‘zbekiston bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik, asosan yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi, Samarqand, Jizzax, Toshkent viloyatlarida 1-2 fevralda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi,1-2 fevralda kuchli bo‘ladi.

31 yanvar va 1-2 fevral kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. 1-2 fevralda Navoiy, Samarqand, Jizzax viloyatlarining ayrim joylarida shamol 25-28 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Havo harorati hafta davomida me’yor atrofida bo‘ladi va kechalari 1 daraja sovuq-4 daraja iliqni, kunduz kunlari 5-10 daraja iliqni tashkil etadi.

Poytaxtda bugun yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 7-9 daraja iliq bo‘ladi.

Ertaga, 31 yanvar kuni biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 0-2 daraja iliq, kunduzi 7-9 daraja iliq bo‘ladi.

1-2 fevralda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Shamol tezligi 12-17 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kechalari 2-5 daraja iliq, kunduz kunlari 5-10 daraja iliq bo‘ladi. 

Mavzuga oid
Top